- Tadbirkor Jasurjon Xudoyberdiyevning otasiga ming rahmat, - deydi biz bilan suhbatda "Qirqshodi" MFYda yashovchi 70 yoshli Sulton bobo Umurzoqov. - Uning g’ayrat va shijoati, tashabbusi bilan mahallamiz shahar ko’rinishidagi obod mskanga aylanmoqda...

- Bu ishlarimning hammasi havas orqali amalga oshirilmoqda, - deydi kulib tadbirkor Jasurjon Xudoyberdiyev. - Ish yuzasidan juda ko’p joylarga borib kelayapman. Borgan joylarimdagi obodonchiliklar, aholi uchun yaratilayotgan qulay sharoitlarni ko’rib havas qilganman. Mana shunday sharoitlarni o’zimizning mahallamizda, aholiga maishiy-madaniyat sharoit yaratish maqsadida bel bog’lab ishga kirishdim. Bu borada mahallamiz oqsoqollari, nuroniylari, mutaxassislario’zlarining qimmatli maslahatlarini berib turishdi...
Natijada hamma qulayliklarga ega bo’lgan, shaharlardagidan qolishmaydigan 200 o’rinli, ikki qavatli milliy taomlar oshxonasi qurilib ishga tushirildi va birinchi ish kuni mijozlar “Sazan” balig’i taomidan bahramand bo’lishdi. 5 ta maxsus tandirlarda tayyorlanadigan baliq taomi xo’randalarda katta taassurotlar qoldirdi. Bu ishda Qo’qonlik oshpazlar Mansurjon Mirzayev, Erkinjon Jo’rayevlarning xizmati katta bo’lmoqda.

Shuningdek, tadbirkor Jasurjon tashabbusi bilan qishloq aholisi salomatligi uchun“Asal bochka” sog’lomlashtirish xonasi ishga tushirildi. Xonada Kedr daraxtidan yasalgan 2 ta asal bochkaga bemor shifokor nazorati ostida, butun badaniga toza asal surtgan holda, maxsus eshikcha orqali kiritiladi. Eshiklar yopiladi va bemor nafas olishi uchun boshi bochkadan chiqib turadi. Shundan so’ng maxsus apparat yordamida isiriqning suvi parlangan holatda asal bochkaga yuboriladi. 30 daqiqadan so’ng bemor asal bochkadan chiqib, maxsus issiq-sovuq suvli dushda yuvinib, qushday yengil bo’lib chiqadi. “Asal bochka” muolajasidan butun mahalla aholisi bahramand bo’lishib, tadbirkor Jasurjonga tasannolar aytishmoqda.

– Kelgusida mahallamiz aholisi faravonligi uchun tikuv fabrikasi, sartaroshxona, go’sht va savdo do’konlari, avtoustaxonalar ochish niyatidaman, - deydi tadbirkor Jasurjon Xudoyberdiyev.
Ayni paytda “elim deb, yurtim deb” yonib yurgan tadbirkor Jasurjon Xudoyberdiyev sharofati bilan mahallaning 10 nafar fuqarosi doimiy ish bilan ta’minlandi.
Rabbim HOTAMOV.