“Qirqshodi” mahallasi fuqarosi, koʻp yillar davomida umumiy oʻrta taʼlim maktablarida oʻquvchilarga jismoniy tarbiyadan dars berib, ayni paytda nuroniylik gashtini surayotgan Sulton bobo Umurzoqov uyida oyogʻini uzatib yotolmadi. Oila aʼzolari bilan oʻzaro maslahatlashib elga xizmat qilishga bel bogʻladi. Sulton bobo fikrini mahalla oqsoqollari ham maʼqullashdi.
Shu sababli “BIBISORA” oilaviy korxonaga assos solindi. Katta yoʻl chekkasidagi oʻz tomorqasiga qarashli ochiq maydonda oila aʼzolari bilan birgalikda ikki qavatli zamonaviy bino qurib ishga tushirdi. Birinchi qavatida mahalla va qishloq aholisiga xizmat koʻrsatish uchun “BIBISORA” savdo doʻkonlari ishga tushdi.
Doʻkonlarda Sulton boboning turmush oʻrtogʻi Nazokat opa va kelini Sitorabonular aholiga beminnat xizmat qilishmoqda. 1-doʻkonda xotin-qizlar va bolalar uchun kiyim-kechaklar va atir-upalar, 2-doʻkonda oziq ovqat mahsulotlari sotilmoqda. Binoning ikkinchi qavatidagi koʻrkam xonalarda oila aʼzolari faravon yashamoqda.
Shuningdek, yogʻochlarga qayta ishlov berish “pilorama”sida Sulton boboning ukasi usta Ulugʻbek mijozlar ehtiyojiga qarab turli xil yogʻochlarni tilib, kesadi, randalab silliqlash ishlarini amalga oshirmoqda. Sulton boboning oila aʼzolari amalga oshirayotgan bu ishlardan qishloq aholisi mamnun boʻlishmoqda.
Rabbim HOTAMOV