Tumanimizning "Ulug'bek" mahallasida tug'ilib voyaga yetgan Alijon Ahmedov yoshligidanoq sportning kurash turiga mehr qo'ydi. Shu sababli Alijonning otasi Olimjon aka o'g'lining qo'lidan yetaklab sport maktabiga boshlab keldi. Mutaxassislar ko'rigidan o'tgan yosh Alijon sportning Yunon-rum kurashi bo'yicha taniqli bosh murabbiy Rabbim Tashanov rahbarligida shug'ullandi.
O'zining mehnatsevarligi, kamtarligi bilan tez orada o'z tengdoshlarini ortda qoldirib ketdi. Mashqlarda toblangan yosh Alijon dastlab tuman birinchiligi va o'rtoqlik uchrashuv musobaqalari, xotira turnirlarida o'z mahoratini ko'rsatdi.Keyinchalik viloyat birinchiligi musobaqalarining doimiy ishtirokchisiga aylandi.
18-maktabning 4-sinfida o'qib sportning Yunon-rum kurashi bilan shug'ullangan Alijon 7-sinfdaligidayoq viloyat chempioni va terma jamoasi a'zosi sifatida O'zbekiston Respublikasi chempionatlarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, 3, 2, 1- o'rinlarni egallab O'zbekiston chempioni bo'lib sport ustasi bo'ldi. Ishqibozlar va mutaxassislar e'tiborini qozongan yosh sportchi Alijon Ahmedov sport mutaxassislari maslahati bilan maktabdagi o'qishini Samarqand shahridagi olimpiya zaxiralari kollejida davom ettirdi.
O'qish davomida sportchi Alijonning mahorati sayqallanib bordi. U tajribali murabbiylar qo'lida sportning o'ziga xos sirlarini qunt bilan mukammal o'rgana bordi. O'zbekiston chempionatlarida faxrli o'rinlarni egallagan yosh sportchi Alijon Ahmedov imtiyozli ravishda "Al-Xorazmiy" nomidagi Toshkent Axborot texnologiyalari Universiteti Samarqand filialiga o'qishga qabul qilindi. Sport maktabini muvaffaqiyatli bitirib, kuchi bilagiga sig'may borayotgan Alijon sportning MMA (aralash jang) turi bilan shug'ullana boshladi. Qozog'iston Respublikasida bo'lib o'tgan "Alash Pride", O'zbekiston Respublikasida o'tkazilgan "Gladiator", Qirg'iziston Respublikasida bo'lib o'tgan "SHUMKAR PRIDE" xalqaro musaboqalarida ishtirok etib mutlaq g'oliblikni qo'lga kiritdi.
- Asosiy maqsadim ustozlarim ishonchini oqlab, kelgusida Jahon arenalarida yurtimiz bayrog'ini yanada balandroq ko'tarishdan iborat, - deydi kulib tumanimiz, viloyatimiz, Respublikamiz faxriga aylanib borayotgan iqtidorli sportchi Alijon Ahmedov.
Ayni paytda sportchi Alijon Ahmedov Toshkent shahrida taniqli murabbiylar ota-bolalar Husniddin, Faxriddin, Mehriddin Mardiyevlar rahbarligida 2024-yilda bo'ladigan Jahon birinchiligi musobaqalariga qizg'in tayyorgarlik ko'rmoqda. Iqtidorli sportchi hamyurtimiz Alijonga omadlar yor bo'lsin.
H.RABBIMOV.