Saxiy quyoshning yorqin nurlari ostida "Yangi O'zbekiston" massivida qurilayotgan zamonaviy binolarda pardozlash ishlari qizg'in davom etmoqda. Qo'li gul quruvchilarning qo'li-qo'liga tegmaydi. Bir tomonda suvoqchi-pardozlovchilar, bir tomonda kafel teruvchilar, santexniklar, yana bir tomonda elektr ustalari g'ayrat bilan ishlamoqdalar. Yana bir tomonda esa ko'tarma kran qurilish materiallarini kerakli yuqorilikgacha ko'tarib berayapti.

Qurilish ishlarini Jahongir Namozov, Jumanazar Ahmatov, Jahongir Shodmonov kabi ish boshqaruvchilar boshchiligidagi 100 nafarga yaqin Bulung'ur, Jizzax va Samarqandlik tajribali quruvchilar olib borishmoqda. O'z kasbining mohir ustasi bo'lgan Sherzod Shodiyev, Sardor Abdurahimov, Tuyg'un Ismoilovlar peshqadamlar safida boshqalarga o'rnak bo'lishyaptilar.

- Biz oilamiz bilan 2021-yilda mana shu zamonaviy uylarning uchinchi qavatidagi uyimizga ko'chib kelgan edik, - deydi fuqaro Dilfuza Yadigarova. - Har tomonlama qulaylikka ega bo'lgan xonadonimizdagi ichimlik suvi, tabiiy gaz va elektr energiya jonning rohati ekan. Bu uch xonali uyda uch nafar farzandimiz, men va turmush o'rtog'im rohat-farog'atda yashamoqdamiz. Yana bir qulayligi: massivimiz ro'parasidan Samarqand - Toshkent katta avtomagistrali o'tgan. Ko'chaga shunday chiqsangiz, xohlagan tomonga bemalol borib kelasiz.

Rabbim HOTAMOV.