Baland Gʻoʻbdin togʻi choʻqqilari etagidagi qir-adirlardan iborat Ingichka qishlogʻida duv-duv gap boshlandi.
— Olimjon domla, yangilikni eshitdingizmi, — deb soʻradi yon qoʻshnisi Akram aka.
— Yoʻq, nima gap oʻzi, — deya hayron boʻlib Akram akaga qaradi, — Ingichka qishlogʻidagi 24-umumiy oʻrta taʼlim maktabi direktori Olimjon Tojiboyev.
– Asli qishlogʻimizda tugʻilib oʻsgan, keyinchalik tuman markazida taʼlim-tarbiya olib voyaga yetgan. Koʻp yillar davomida yoshlarning sevimli ustozi sifatida tumanimizdagi yoshlarga avtomashina haydash sirlarini oʻrgatgan, ayni paytda nuroniy otaxon sifatida el ardogʻida yashayotgan, 86 yoshli Juman bobo Shermatov Ulugʻ Vatan urushida mardlarcha kurashgan qishlogʻimizning botir oʻgʻlonlari haqida kitob yozgan ekan. Kecha eshitib qoldim. Xursand boʻldim. Eshitishimcha kitobda ota-bobolarimizning gitlerchi fashistlarga qarshi 2-jahon urushida koʻrsatgan qahramonliklari haqida batafsil qiziqarli hikoya qilingan ekan...
Qishloqning keksa va oʻrta avlodi Juman boboni yaxshi tanishadi. Ayni shu paytda Ingichka qishlogʻida Juman boboning amakilari, jiyanlari istiqomat qilishadi. Shu sababli butun qishloqda Juman bobo haqida duv-duv gaplar boshlanib ketdi. Qishloqning yoshi kattalari, nuroniylar yoshlarga Juman bobo haqida va uning yozgan kitobi haqida maroq bilan gapirib berishmoqda...
Juman bobo Shermatov 1939-yilda Bulungʻur tumanining Ingichka qishlogʻida tugʻilgan. Fidoyi otaxon oʻzining “Urushda ingichkaliklar jasorati” nomli kitobida Ikkinchi jahon urushida qatnashgan qishloqdoshlari haqida qalam tebratgan. Ulkan savob ishga qoʻl urgan Juman bobo uzoq yillar davomida “Vatanparvar” tashkiloti sport-texnika klubi raisi vazifasida mehnat qilgan.
Otaxonning hozirgi kungacha mahalladoshlari haqida “Barhayot siymolar”, “Mahallamiz dargʻalari” kabi kitoblari chop etilgan.
Yangi 2024-yil boshida oʻzi tugʻilib oʻsgan Ingichka qishlogʻi markazidagi 24-umumiy oʻrta taʼlim maktabida Juman boboning “Urushda ingichkaliklar jasorati” kitobining taqdimoti boʻlib oʻtdi. Mazkur kitob maktab kutubxonasi va kitobxon xonadonlardan munosib joy oldi.
Rabbim HOTAMOV,
muallif olgan suratlar.