Oila kodeksining 23-moddasiga ko'ra, er va xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulklari, shuningdek, nikoh qayd etilgunga qadar, bo'lajak er-xotinning umumiy mablag'lari hisobiga olingan mol-mulklari, agar qonun yoki nikoh shartnomasida boshqacha hol ko'rsatilmagan bo'lsa, ularning birgalikdagi umumiy mulki hisoblanadi.
Mazkur kodeksning 25-moddasida er va xotinning nikohga qadar o'ziga tegishli bo'lgan mol-mulki, shuningdek, ulardan har birining nikoh davomida hadya, meros tariqasida yoki boshqa bepul bitimlar asosida olgan mol-mulki ulardan har birining o'z mulki hisoblanadi.
Nikoh davomida er-xotinning umumiy mulki yoki ulardan har birining mol-mulki yoxud er va xotindan birining mehnati hisobiga mol-mulkning qiymati ancha oshishiga olib kelgan mablag'lar (kapital ta'mirlash, qayta qurish, qayta jihozlash va boshqalar) qo'shilgani aniqlansa, er yoki xotindan har birining mol-mulki ularning birgalikdagi mulki deb topilishi mumkin.
Er va xotin qonuniy turmush qurganidan keyin birgalikda orttirgan mol-mulkiga teng ulushda haqdor bo'ladi. Ularning umumiy nikoh davomida orttirgan birgalikdagi mol-mulki bo'lmasa, mulk ulardan biri tomonidan tasarruf etilganda ikkinchisining roziligi olinmaydi.
Jamshid FAYZULLAYEV,
Fuqarolik ishlari bo'yicha Pastdarg'om tuman sudining sudyasi.