Ma'lumki keksalar, yordamga muhtoj nogiron kimsalarga pensiya va nafaqalar tayinlash davlatimizning ustuvor vazifalaridan biridir. Fuqarolarning barmoq izi ma'lumotlari asosida pensiya va nafaqa to'lash tizimi joriy etilishi kutilayotganligi bu sohadagi yangiliklardan biridir.
Bu borada Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan tegishli qaror loyihalari ishlab chiqildi. Mazkur qarorda fuqarolarga pensiya to'lashda ortiqcha byurokratik to'siqlarni bartaraf etish, aholiga qo'shimcha qulayliklar yaratish hamda mablag'larni manzilli va maqsadli sarflanishini ta'minlash ko'zda tutilgan. Agar hujjat loyihasi qabul qilinsa, "Xalq banki" sayyor kassalari tomonidan maxsus planshetlarda fuqarolarning barmoq izi ma'lumotlari Personallashtirish agentligiga elektron so'rov yuborish orqali o'zaro mos kelganligi tasdiqlanganidan so'ng naqd pul shaklida pensiya va nafaqa to'lash tizimi joriy etiladi. Ma'lumotlar tasdiqlangandan so'ng, pensiyani yetkazib berish yuklangan tashkilot tomonidan fuqaroga pensiya to'lovi amalga oshiriladi.
Respublikaning tog'li va olis hududlarida internet tezligi yoki boshqa muammolar ko'pligi sababli pensiya oluvchining barmoq izlarini elektron shaklda solishtirish imkoniyati bo'lmaganda naqd pul shaklida pensiya va nafaqalar to'lov qaydnomalarini imzolash orqali amalga oshiriladi. Pensiya oluvchi tomonidan planshetga qo'yilgan barmoq izi to'lovni amalga oshirish uchun asos hisoblanadi.
Qaror qabul qilinishi uchun "Xalq banki" va Pensiya jamg'armasining budjetdan tashqari mablag'laridan 9 milliard so'm qo'shimcha mablag' talab etiladi.
Shu o'rinda eslatib o'tmoqchimanki, O'zbekistonda joriy yilning 1-aprelidan boshlab oylik, pensiya va nafaqalar miqdori 7 foizga oshirilgan edi. Shuningdek, avgust oyidan ish stajiga ega bo'lmaganlarga beriladigan nafaqa miqdori ham oshirildi. Bu esa ko'pchilik uchun quvonchli hol bo'ldi. Keksalar, nafaqaxo'rlar manfaatlariga xizmat qiluvchi bu kabi ishlar davlatimiz tomonidan kelgusida ham davom ettirilaveradi.
Ilhom QILICHEV,
Budjetdan tashqari pensiya jamg'armasi
Bulung'ur tumani bo'limi boshlig'i vazifasini bajaruvchisi.