TAHRIRIYATDAN: Bu yil yurtimizda O'zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 33 yilligi keng nishonlanadi. To'yga to'yona bilan deganlaridek, ushbu qutlug' sana oldidan ro'znomamiz sahifalarida o'zbek xalqining tarixi, avlod-ajdodlarimiz, yurtimizda istiqomat qilishayotgan xalqimizning o'tmishdoshi, qabilalar, qavmlar, sulolalar haqida, shuningdek, tumanimiz ijtimoiy-siyosiy hayoti, taniqli, mashhur kishilari, o'ziga xos tabiati, tarixiy joylari, ziyoratgohlari faoliyatini keng va atroflicha yoritib beruvchi turkum maqolalar, ocherklar chop etib boramiz. Ro'znomamizning bugungi sonida bu boradagi ilk tarixiy ocherkimizni gazetxonlarimiz hukmiga havola etmoqdamiz.
Mashhur adibimiz Abdulla Qodiriy ta'kidlab o'tganlaridek, "Moziyga qarab ish tutish xayrlikdir". Shuningdek, xalqimizda "Tarixiy xotirasiz kelajak yo'q", degan purhikmat naql ham bejiz aytilmagan. Shunday ekan, har qanday tariximizni atroflicha o'rganish eng avvalo, hozirgi va kelajak avlodlar uchun ham qarz, ham farz ekanligini ularga doimo eslatib turishimiz ahamiyatlidir. Darhaqiqat avlod-ajdodlarimiz tarixini o'rganish juda katta tarbiyaviy ahamiyat kasb etadi.
Odamzod borki, avlod-ajdodlarining kimligini, nasl-nasabini, qolaversa o'zi tug'ilib o'sgan, voyaga yetgan qishloq, mahalla, shahar, xullas, Vatanining tarixini bilishni istaydi va bunga doimo qiziqib keladi. Katta-yu kichik ma'rakalarda, davralarda, sayohatga chiqqaningizda yoki uzoq bir manzilga otlanganingizda ham hamrohlarimiz, davradagi mehmonlar bilan yaqindan tanishib olgach, gap mavzusi aylanib ularga: "Qayerdansizlar mehmon?", "Qaysi urug'dansizlar?", "Avlod-ajdodlaringiz kimlar?", deb murojaat qilishimiz tabiiy bir holdir. Avlod-ajdodlari, tug'ilib o'sgan joyi tarixini, o'z qavmi (sulolasi) shajarasini yaxshi bilgan kishilar bunday hollarda o'zlarini erin tutishadi, davralarga, suhbatlarga fayz kiritishadi.
Avlod-ajdodlarimizning davomchilari bo'lgan uzoqni o'ylagan aksariyat ota- bobolarimiz o'z qavmlari-sulolalarining shajarasini asrlar osha munosib tarzda davom ettirib, boyitib, mukammallashtirib kelishyapti. Bu nihoyatda ulug' va ezgu ishdir. Bundan ko'zlangan asosiy maqsad esa avlodlari:qavm-u qarindoshlariga, farzandlariga, nabira-yu evaralariga o'zlaridan oldingi 7 otalarigacha (balki undan ham ko'proq) bo'lgan davrdagi ajdodlari kimlar bo'lganligi, o'sha paytlardagi hayot tarzlari xususida to'laqonli ma'lumotlar qoldirishdan iboratdir. Albatta, bunday shajaralar bilan tanishgan kishilarning qalbida ham o'tmishdagi ajdodlari, qavmlari, ota-bobolari bilan faxrlanish, g'ururlanish tuyg'usi jo'sh uradi.
Shu o'rinda bir savol tug'ilishi tabiiy. Nega endi yetti otagacha bilishimiz kerak? Sakkiz yoki o'n otagacha emas. Bundan ko'proq bilsak, nur ustiga a'lo nur. Biroq yetti raqamida to'xtalishning o'zi bir alohida ahamiyat kasb etarkan. Sababi, avlodlari-mizning jismonan va aqlan sog'lom bo'lishida ham tibbiy, ham tarixiy nuqtai nazardan bu me'yor, ya'ni o'lchov to'g'ri kelarkan. Negaki, yetti avlod-ajdod o'tgach inson qoni (gen yoki nasl) to'liq yangilanib, o'zaro qon-qarindoshlik uzilib, keyingi sakkiz va undan so'nggi avlodlarning begonalashishi nazarda tutilgan ekan. Shunisi quvonarliki, keyingi paytlarda hamyurtlarimizning yetti avlodni o'z ichiga olgan ota avlodlari hamda ona avlodlari bo'yicha shajaralar yaratishdek savobli ishga qo'l urayotganliklari yaxshi an'ana tusiga kirib bormoqda. Zero, inson uchun tarixdan judo bo'lish - hayotdan judo bo'lish demakdir.
Kezi kelganda ta'kidlab o'tish joizki, o'zbek xalqining, millatimizning haqqoniy tarixini yaratib berish, o'zligini anglash, ulus va elatlarning jamiyat hayotida tutgan o'rni, urug' va qavmlarning paydo bo'lishi bosqichlari, urug'chilik munosabatlarining rivojlanishi, uning kundalik hayotimizda tutgan o'rni, shajara hamda shevalarini tartibga olish borasida tarixchi-etnograf olimlarimiz tomonidan bir qator tadqiqotlar, izlanishlar olib borildi, ko'plab asarlar yaratildi. Bu sa'y-harakatlar samarasi o'laroq, o'zbek xalqining juda qadimiy xalqlardan biri ekanligi Xalqaro hamjamiyat tomonidan e'tirof etildi. Uning avlod-ajdodlari qadimiylikda dunyo xalqlarining oldingi safida bo'lgan misrliklar bilan tengdosh ekanligi o'z isbotini topdi. Shuningdek, Jahon sivilizatsiyasi tamadduni rivojiga ulkan hissa qo'shganxalq ekanligi alohida ta'kidlandi.
E'tirof etishimiz kerakki, hammamiz shu zaminda yashayapmiz, tirikchilik qilyapmiz. Non-tuzini yeyapmiz, suvini ichyapmiz. O'zimizni faxr-iftixor ila o'zbek sanaymiz. Alloh nazari tushgan mana shu ona yurtimizda tug'ilganimizdan g'ururlanamiz- faxrlanamiz. Qadimda yashab o'tgan avlod-ajdodlarimizning tarixi bilan har qancha maqtansak ham arziydi. Haqiqatdan ham xalqimiz bir necha ming yilliklar bilan hisoblashuvchi tarixiy yo'lni bosib o'tganligi esa ayni haqiqatdir.
Kezi kelganda aytib o'tish joizki, o'tmishdagi avlod-ajdodlarimizning hayot tarzlari asosini o'troqlik tashkil etganmi yoki ko'chmanchilik? Ular qaysi manzillarda yashashgan? Ishlab chiqarish munosabatlari, tirikchiliklari qay tarzda kechgan? Xalqimizning tamaddunida, shakllanishida qanday avlodlarning, elatlarning ta'siri katta bo'lgan?
Avlod - arabcha so'z bo'lib, bir ajdod (bobo) dan tarqalgan kishilar, degan ma'noni anglatadi. Ota va ona avlodlariga bo'linadi. Ota avlodiga amaki-amakivachchalar, amma-ammavachchalar, aka-ukalar va ulardan tarqalgan keyingi nasllar kiradi. Ona avlodini esa tog'a-tog'avachchalar, xola-xola-vachchalar va ulardan tarqalgan keyingi nasllar tashkil qiladi.
Urug' - ham arabcha so'z bo'lib, bir avloddan tarqalgan qon-qarindoshlarning jamoa bo'lib uyushuvini anglatadi. Urishib o'tirsang ham ushlashib o'tir, deganlaridek, bir urug'ga mansub kishilar bir-birlaridan ajralgan holda yashay olmaganlar. Urug'lar vujudga kelgan dastlabki vaqtlardanoq qabilalarga uyushgan. Shuningdek, urug'lar jamoasi rivojlanish davrida ketma-ket ikki bosqich - matriarxat va patriarxat davrini bosib o'tishgan, deb hisoblashadi. Matriarxat davrida ona urug'i ijtimoiy hayotda hal qiluvchi rol o'ynagan. Hayot tarzining rivojlanib borishida, tirikchilik jarayonlarida hamda qon-qarindoshchilik rishtalarining tomir otishida ham onaning, ya'ni ayol kishining ustunligi alohida sezilib turgan. Keyinchalik ishlab chiqaruvchi kuchlarning rivojlanib borishi, joylarda chorvachilik, dehqonchilikning keng quloch yozishi natijasida urug'chilikning ikkinchi bosqichi - patriarxatga o'ta boshlangan. Shu tariqa ijtimoiy tabaqalanish davrida qon-qarindoshlik aloqalarining shakllashishi bilan bir qatorda asta-sekinlik bilan urug'chilik ham tomir otib borgan.
Inqilobgacha, O'rta Osiyo xalqlari ko'pgina qabila va urug'larga bo'linishgan. Masalan, o'zbeklar 92 dan ortiq, turkmanlar 100 dan ortiq, qozoqlar 300 dan ortiq qabila va urug'larga, ular esa yana bir necha urug'chalarga bo'linganligi fikrimiz isbotidir. Urug'lar ko'pincha yashagan geografik joylari va ishlab chiqarish turlarining nomlanishi bilan atalgan. Tarixchi Mas'ud ibn Usmon Ko'xistoniyning (XVI asr) ta'kidlashicha, ko'chmanchi o'zbeklar tarkibiga burqut, qiyot, qushchi, iyjon, qo'ng'irot, uyshun, nayman, tot, chimboy, qarluq, kenagas, do'rman, qurlaut, tuboy, mang'it, nukuz, tang'ut, uyg'ur, xitoy, toymas, echki, tuman, ming qabilalari kirgan. Shuningdek, Binoiyning asarlarida shodboqli va shunqorli qabilalari ham mavjud bo'lganligi tilga olingan. Mahmud ibn Valining fikricha, Abulxayrxon (1428-68) armiyasida uyrotlar, mojorlar va qipchoqlardan tashkil topgan qo'shin bo'lgan. Bu qabilalarning kelib chiqishi turlicha. Masalan, qo'ng'irot, nukuzlar va qiyotlar mo'g'ullardan, tang'utlar esa tibetliklardan kelib chiqqan. Qadimgi etnik aloqalarning guvohlik berishicha, qipchoq urug'lari ko'pincha o'zbek-qabila guruhlari hamda ularga qardosh bo'lgan xalqlar (qoraqalpoq, qozoq, qirg'iz, boshqird, no'g'ay va boshqa) tarkibida ham uchraydi. Dastavval qipchoqlar uch yirik urug' (oqqipchoq, qoraqipchoq va sariqqipchoq) ga bo'lingan. Bu urug'lar ham o'z navbatida yana kichik urug'chalarga bo'lingan. Masalan, oq qipchoq tarkibiga jag'altoy, sheg'arboy, bo'riboy, oq qipchoq va pichoqchi urug'lari kiradi. Bu urug'lar yana kichik urug'chalarga ajragan. Qozoqlar iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, harbiy tuzilishijihatdan uch guruhga birlashgan. Bular Ulu (katta) juz, O'rta juz va Kichik juz, deb atalgan. Har bir juzga yuz va undan ortiq urug'lar birlashmasidan iborat toifalar birikkan. Har bir toifa esa bir necha urug'lardan, masalan, nayman toifasi 15 urug' birlashmasidan iborat bo'lgan.
Yuqorida ta'kidlab o'tganimizdek, har bir xalqning kelib chiqishi qaysidir qabila va urug'larga borib taqaladi. O'zbek xalqi ham xuddi shunday bo'lib, 92 tadan ortiq qabila va urug'larga bo'linadi. Urug'larimizning boshlamasi bo'lgan ming, yuz, qirq urug'lari ma'lum ma'noda o'zbek urug'chiligining yo'lboshchisi rolini o'taydi, desak xato bo'lmaydi. Urug'lar silsilasida "ming"lardan 12 urug', "yuz"lardan 36 urug' va "qirq"lardan 6 urug' tarqalgani hamda jami 54 urug' ana shu urug'lar bilan bog'langani aytilgan.
Qavmlarning Movarounnahrga kirib kelishi tarixi ham turlicha bo'lgan: Yuz (Juz) yerli xalq, Qangli, Jaloyir XII, Qipchoq, Qurama, Nurota turkmanlari XII-XIII, Barlos XIII, Nayman XIV, Ming XVI, Qo'ng'irot XVIII asrlarga to'g'ri keladi. Ko'rinib turibdiki, o'zbek millatining tarkib topishida Yuz urug'idan tashqari yuqorida nomlari tilga olingan barcha qavmlar, katta urug'lar Movarounnahrga tashqaridan kirib kelgan. Yuz (Juz) urug'i va qavmlari qadimda Surxondaryoning Boysun tumani hududlarida yashaganlar. Yuz (Juz) larning boshqa qabilalar bilan aralash holda yashab kelgan guruhlari ham mavjudbo'lgan. Masalan: Qirq-yuz, Mo'g'ol-yuz, Nayman-yuz, Turkman-yuz, Ming-yuz va hokazo. Shuningdek, tarixiy manbalarda ta'kidlanishicha, Yuz (Juz) qabilalari hamda urug'larining kelib chiqishi ham Dashti qipchoq o'zbeklari bilan bog'liq ekanligi aytiladi.
Yuz urug'i tarkibiga tuyoqli, qaropchi, tig'iriq, parchayuz, erganakli, so'loqli, xonxo'ja, xitoy yuzi, xo'ja xitoy yuzi, quyon quloqli, sirg'ali urug'lari kiradi. XIX asrda rus etnograf olimi A.A.Grebenkin o'zbeklarning 20 ta bosh urug'lari va ularning aymoqlari haqida gapirib, tuyoqli urug'ining ikkita, ya'ni mo'lla esagi (mo'llakesak), mirza esagi (mirzakesak) kabi aymoqlari borligini o'z tadqiqotlarida alohida ta'kidlab o'tadi.
Tuyoqliyuz qabilasi eng yirik, katta urug'lardan sanaladi. Tuyoqliyuzlar XIX asrda Zarafshon vodiysida yashaganlar. Ular bu yerga XVII asrning boshlarida Sirdaryo vohasi bo'ylaridan ko'chib kelishgan. O'zbekiston ensiklopediyasida qayd etilishicha, Yuzlar asosan Toshkent, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida yashaganlar. Ular asosan 3 ta yirik tarmoqqa bo'linadi: Marqo bolasi, Qorapchi, Rajab bolasi.
XIX asr davomida yuzlarning ko'pchiligi o'troqlashib, asosan dehqonchilik bilan shug'ullanganlar. Jizzax hududida, ya'ni cho'lda hamda O'ratepa tog'larioldida yashashgan yuzlarning bir qismiesa yarim o'troq holda istiqomat qilishgan. Yuzlarning faoliyatida dehqonchilik bilan bir qatorda chorvachilik ham salmoqli o'rin tutgan. Tuyoqli yuz eli yerli (tagli, tub) xalqlardan bo'lib Yuz (Juz) urug'ining asosini, ya'ni katta bir qatlamini tashkil etadi. Ular butun Turon hududi bo'ylab tarqalishgan. Hozirgi kunda ularning aksariyati Samarqand viloyati tog' oldi tumanlari - Bulung'ur, Jomboy, Urgutda va boshqa viloyatlarda istiqomat qilishadi.
Yuz (Juz) lar 41 ta ota bo'lib birlashib, Marko bolasi uyushmasini tashkil etadi. Marko bolasiga quyidagilar kiradi: 12 ota Tuyoqli bolasi, 12 ota Xitoy yuzi bolasi, 9 ota Solin bolasi, 8 ota Shodi bolasi. I guruh 12 ota Tuyoqli avlodlari: Changal, Cho'bat, O'ray, Olomon, Tengali, Mo'lla esagi, Mirza esagi, Besh yuz, Qosh tamg'ali, Chol juvut, Guraj, Oq chebgan. II guruh 12 ota Xitoy yuzi avlodlari: Sortyuzi, Xon xo'ja, Ne bo'sa, Besh kubi, Uvol, Tig'riq, Xo'jabachcha, Sirg'ali, Chirqirovuq, Qoraqursoq, Mirza Mo'g'ol, Qurqozon. III guruh 9 ota Solin bolasi avlodlari: Davlay Solin, Qirsadoq Solin, Kavrak Solin, Uyas Solin, Tog'ay tubi Solin, Jobuvchi Solin, Shodmon tubi Solin, Qipchoq Solin, Labkarach Solin. IV guruh 8 ota Shodi bolasi avlodlariga: Qorapchi, Parcha yuz, So'loqli, O'roqli, Qo'shtamg'ali, Oytamg'ali, Qushchi, Bolg'ali kiradi.
Qirq urug'i tarixiga kelsak, ilgaridan Yuz (Juz) urug'iga otadosh bo'lib qo'shiladi. 6 ta Qirq urug'i bo'lib, ular Yuz (Juz) urug'ining ukalari sanaladi. Qadimdan birga yonma-yon yashab kelmoqdalar. Qirq urug'i avlodlari: Qora qo'yli, Qoracha, Moltob, Mulkush, Chop rasti, Chotkesarlardan iborat. Ta'kidlash joizki, 12 ta ota Tuyoqli bolasi, 12 ta ota Xitoy yuzi bolasi avlodlari Balx shahridan, 9 ta ota Solin bolasi, 8 ta ota Shodi bolasi avlodlari esa Boysundan tarqalgan. Bu qavmlar-urug'larning hammasi qadimda Amudaryoning ikki qirg'og'idagi unumdor yerlarda yashashgan. Keyinchalik esa asta-sekinlik bilan Zarafshon daryosi bo'ylariga ko'chib kelishgan.
Ming urug'i ham o'zbek millatining yirik qabilalaridan biri hisoblanadi. Ular asosan Samarqand, Farg'ona, Buxoro, Xorazm, Surxondaryo viloyatining Boysun, Sherobod, Denov hamda Tojikistonning Hisor tumanlarida yashaganlar. Zarafshon vodiysida yashovchi minglar asosan uchta yirik, ya'ni tug'ali, bog'lon, uvoq tamg'ali urug'laridan tarkib topishgan. Bu urug'lar ham o'z navbatida bir qancha mayda urug'larga bo'linib ketadi.
Manbalarda yozilishicha, Minglar urug'ining oxiri boshqirdlar tarkibiga kirib ketgan. Ular ham bir qancha yirik va mayda urug'larga bo'linishgan. Minglar XV asrning oxiri va XVI asrning boshlarida Movarounnahrga Dashti qipchoqdan kirib kelgan bo'lib, asosan 12 ta urug'ga birlashgan. O'rta Osiyo Rossiyaga qo'shilgunga qadar Qo'qon xonlari minglardan bo'lgan. Buxoro vohasida yashagan minglar ham Buxoro xonligidagi muhim mansablarni egallashgan. O'ratepa va Urgut beklari ham ming urug'idan bo'lishgan. XIX asrning oxirlariga kelib minglarning aksariyati o'troqlashib, dehqonchilik bilan shug'ul-langanlar. Ularning ayollari gilam, shol, julba-raq to'qish, kigiz bosishni yaxshi bilganlar.
Qoraqalpoq millati va bu millatga mansub bo'lgan urug'lar Qoraqalpoq avtonom Respublikasining asosiy aholisi hisoblanadi. Bundan tashqari, Buxoro, Farg'ona, Xorazm, Samarqand viloyatlarining ayrim tumanlarida, shuningdek, Turkmaniston, Qozog'iston Respublikalarida ham bu millatga mansub bo'lgan urug'lar istiqomat qilishadi. XIX asr boshlarida ular yarim o'troq tarzda hayot kechirishib, sug'orma dehqonchilikka o'ta boshlaganlar. Shuningdek, ular chorvachilik, baliqchilik bilan ham shug'ullanishgan. Qoraqalpoqlarning ijtimoiy-siyosiy hayotida ularning O'rta Osiyo, shuningdek, Sharqiy Yevropa va qozoq xalqlari bilan bo'lgan asrlar davomidagi aloqalari muhim ahamiyat kasb etgan. Bu millat va uning biylari bilan Xiva xonligi o'rtasida doimiy ravishda turli xil kelishmovchiliklar, nizolar bo'lib turgan.
Qo'shni qabilalarning doimiy hujumlaridan azob chekkan qoraqalpoqlar 1742-yili o'zlarini Rossiya fuqaroligiga qabul qilishlarini iltimos qilib Peterburg va Orenburgga o'z elchilarini yuboradilar. Rossiya hukumati ularning iltimosini qondiradi. XVIII asr oxirlarida esa Xiva xonlarining qoraqalpoqlarni bo'ysindirish uchun kurashlari tobora avj oladi. Natijada, 1811-yili qoraqalpoqlar Xiva xonligiga tobe bo'lishga majbur bo'ladilar. Ular Xiva xonligida qisqa muddat ichida bir necha yangi dehqonchilik hududlari tashkil etadilar. Chorvachilik bilan shug'ullanadilar. Tinim bilmay turli xil yumushlarni bajaradilar. Shunga qaramasdan, mahalliy feodallar va Xiva amaldorlari qoraqalpoqlarga bo'lgan zulmlarini tobora kuchaytiraverishadi. Bunday zo'ravonliklarga, adolatsizliklarga chiday olmagan qoraqalpoqlar Xiva xonlariga qarshi bir necha bor qo'zg'olon ko'taradilar.
Tarixga "Qoraqalpog'iston qo'zg'oloni" nomi bilan kiritilgan 2 qo'zg'olonning bu millat hayotida tutgan o'rni va roli haqida alohidato'xtalib o'tish joizdir. 1827-1828-yillarda Qoraqalpoq biylaridan Oydo'st rahbarligida Xiva xonligining Oqyoqish dahasida ko'tarilgan xalq qo'zg'oloni mana shunday harakatlardan biridir. Turli-tuman soliqlarning ko'payib ketganligi, shuningdek, o'zaro feodal urushlar natijasida xonavayron bo'lgan qoraqalpoqlarning zakot to'lashdan bosh tortishi bu qo'zg'olonning kelib chiqishiga asosiy sabab bo'ladi.Qo'zg'olonchilar boshlig'i Oydo'stning sotqin-ligi oqibatida qo'zg'olon mag'lubiyatga uchraydi. Qo'zg'olonchilar tor-mor etiladi. Oydo'st xonning buyrug'iga ko'ra Xivada qatl etiladi.
Ikkinchisi: 1855-1856-yillarda Xiva xoni istibdodiga, zulmiga qarshi, qolaversa xon amaldorlari tomonidan xalq mol-mulkining talon-taroj qilinishi, Muhammad Aminxonning bosqinchiliklari bu qo'zg'olonning kelib chiqishiga sabab bo'lgandi. Bu qo'zg'olonga Qoraqalpoq biylaridan biri Yernazar boshchilik qilgandi. Qo'zg'olonda qoraqalpoq, turkman, qozoq va o'zbek mehnatkashlari bilan birga qoraqalpoq biylari va oqsoqollarining xonga qarshi kayfiyatdagi qatlamlari ham ishtirok etishadi. Bundan tashqari, qoraqalpoqlar 1905-1907-yillardagi xalq qo'zg'olonida hamda 1916-yil bo'lib o'tgan O'rta Osiyo qo'zg'olonida ham qatnashadilar. Shunga qaramasdan, Mustamla-kachilik zulmi XX asr boshlarida ayniqsa, 1-jahon urushi yillarida har qachongidan ham zo'rayib ketgandi. Inqilobdan so'ng esa bunday zo'ravonliklarga asta-sekinlik bilan barham berila boshlaydi.
O'rta Osiyo Respublikalarida milliy davlat chegaralanishlari davrida Turkistonning aksariyat qoraqalpoqlar yashaydigan qismida Qoraqalpog'iston AO (1924-yil) tuzilib, 1925-yili Qozog'iston Respublikasi, 1930-yil 20-iyuldan esa RSFSR tarkibiga kiritiladi. Qoraqalpog'iston AO 1932-yil 20-martda Avtonom Respublikaga aylantiriladi. Qoraqalpog'iston Avtonom Respublikasi 1936-yilda O'zbekiston Respublikasi hududiga qo'shib beriladi.
Mitan qoraqalpoqlarning katta urug'laridan biri sanaladi. Bu urug'ning Beglar-m, Oqtepa-m, Chiroz-m, Parcha-m, Qoraqalpoq-m kabi qabilalari mavjud bo'lib, ular asosan Qoraqalpog'istonning Taxtako'pir, Mo'ynoq tumanlarida yashashadi.
Xolboy QOSIMOV,
O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Shodmon Vohidov, Alisher Qodirov, professorlar. "Sharqning mashhur sulolalari". Toshkent. "O'zbekiston" nashriyoti 2011-yil.
2. O'.Nosirov. "O'zbek urug'lari". Toshkent. "Fan" nashriyoti 2012-yil.
3. X.Doniyorov "O'zbek xalqining shajara va shevalari". Toshkent. "Fan" nashriyoti 1968-yil.
4.R.Hidoyatov. "Onamning avlodlari". Toshkent-2022. "Fan ziyosi" nashriyoti.
5.O'zbekiston ensiklopediyasi: 1-tom 174-bet, 7-tom 290-bet. 10-tom 441-bet. 14-tom 187-190- betlar.