O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 1-apreldagi “Tomorqa xo‘jaligi to‘g‘risida”gi Qonuniga (O‘RQ-681) muvofiq tomorqa xo‘jaligi shaxsiy tomorqa yer uchastkalarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ham erkin savdo uchun, ham oila ehtiyojlari uchun yetishtirish (qayta ishlash) bilan bog‘liq mehnat faoliyati hisoblanadi. Tomorqa xo‘jaligi tadbirkorlik faoliyati hisoblanmaydi va tomorqa xo‘jaligini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish talab etilmaydi. Tomorqa xo‘jaligida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish (qayta ishlash) bo‘yicha shaxsiy mehnati bilan ishtirok etishga asoslangan faoliyatni mustaqil ravishda amalga oshiruvchi shaxs aholi bandligi to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan tartibda o‘zini o‘zi band qilgan shaxs maqomini olishi mumkin. Tomorqa xo‘jaligini yuritish uchun ajratilgan shaxsiy tomorqa yer uchastkasida yetishtirilgan (qayta ishlangan) qishloq xo‘jaligi mahsulotlari xususiy mulk hisoblanadi.
Shaxsiy tomorqa yer uchastkasi tomorqa xo‘jaligini yuritish uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish yoxud yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish maqsadida ajratilgan yer uchastkasi hisoblanadi.
Tomorqa xo‘jaligini yuritish uchun:
erkin savdo va oila ehtiyojlari uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish maqsadida ushbu Qonun kuchga kirguniga qadar meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallangan yerlar, o‘rmon fondi yerlari hamda aholi punktlari yerlaridan berilgan yer uchastkalaridan;
meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish uchun berilgan yer uchastkalaridan foydalanilishi mumkin.
Meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida berilgan shaxsiy tomorqa yer uchastkalari yoki ularning bir qismi meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi saqlab qolingan holda jismoniy va yuridik shaxslarga vaqtincha foydalanish uchun topshirilishi mumkin. Tomorqa xo‘jaligidagi faoliyat shaxsiy tomorqa yer uchastkasi egasining va oila a'zolarining shaxsiy mehnatiga asoslanadi. Maydoni kamida 0,04 gektar bo‘lgan shaxsiy tomorqa yer uchastkasida band bo‘lgan yoki mazkur maydonda shoxli qoramol yoxud kamida ellik bosh parranda boqayotgan shaxsiy tomorqa yer uchastkasining egasi yoki uning oila a'zolari ijtimoiy soliq to‘lashi mumkin. Bunda, shaxsiy tomorqa yer uchastkasining egasi yoki uning oila a'zolari ijtimoiy soliqni ixtiyoriy asosda to‘laydi. Ijtimoiy soliqning belgilangan miqdorini to‘lash mehnat stajini hisoblab chiqarish chog‘ida bir kalendar yili deb hisobga olinadi. Ijtimoiy soliqni to‘lash tartibi O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksida belgilanadi. Tomorqa xo‘jaligini yuritishda tomorqa yer uchastkasida joylashgan turar joy, ishlab chiqarish, maishiy va boshqa binolar, shuningdek transport vositalari va qishloq xo‘jaligi texnikasi, ashyolar, asbob-uskunalar, qishloq xo‘jaligi hayvonlari, asalarilar, parrandalar, ipak qurti (pilla) va boshqa mol-mulkdan foydalanilishi mumkin.
B.Qahhorov
Bulung‘ur tuman adliya bo‘limi bosh maslahatchisi