Bo`ladigan bola boshidan ma'lum, deb bejiz aytilmagan. Har qanday kasb egasi albatta, yoshligidan biror bir kasbga mehr qo`yib ulg`ayadi. Xo`jamazgillik fermer Ulug`bek Isroilov o`zi tug`ilib o`sgan qishlog`ida dehqonchilikka, dala ishlariga mehr bilan voyaga yetdi, suyagi dehqonchilik ishlarida qotdi... Shu sababli qishloq xo`jaligi ishlari bilimdoni sifatida Ulug`bek Isroilov mehnatsevarligi, g`ayrati va tashabbuskorligi bilan 1999-yilda 5 gektar sug`oriladigan ochiq maydonda "Tovboy ota" fermer xo`jaligiga asos soldi.
- Holva degan bilan og`iz chuchimas ekan, - deydi fermer Ulug`bek Isroilov. - Bir tovuqqa ham don, ham suv kerak. Fermer xo`jaligini tashkil etish oson bo`lmadi. Yerni tekislash, yangi ariqlar ochish, shudgorlash, ekin ekishga tayyorlash uchun "dehqon qanoti" bo`lgan texnika kerak ekan.
Dastlabki ishlar qishloqdagi texnika sohiblarining samarali mehnatlari evaziga amalga oshirildi. Keyinchalik peshona teri evaziga kelgan fermer xo`jaligi daromadi hisobidan texnikalar sotib olindi. Xo`jalikda dala ishlari yildan yilga avj olgan holda, ekin maydonlari kengayib, bugungi kunda fermer xo`jaligi 185 gektar ekin maydoniga ega bo`ldi. Mustaqil yurtimiz rahbarlari tomonidan fermerlar uchun yaratilayotgan hamma shart-sharoit va qulayliklar hamda mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanayotgan "Tovboy ota" fermer xo`jaligi dehqonlari yetishtirayotgan g`alla va sabzavot mahsulotlari tufayli xalqimiz dasturxoni to`kin, turmushi farovon bo`lmoqda.
- Xo`jaligimizning asosan lalmi yerlarida g`alla, masxad, kunjut yetishtiriladi, - deydi "Tovboy ota" fermer xo`jaligi raisi Ulug`bek Isroilov. - Sug`oriladigan maydonlarda esa sabzavot mahsulotlari bo`lgan pomidor, kartoshka, sabzi, karam, piyoz, bulg`or qalampiri kabi mahsulotlar yetishtirayapmiz. - Xo`jaligimiz davlatimiz qabul punktlariga mo`ljaldagidan ortiq g`alla yetkazib berishda tumanimizda birinchi o`rinlarda bormoqda. Sabzavot mahsulotlari esa dehqon bozorlariga chiqarilyapti.
Ayni paytda "Tovboy ota" fermer xo`jaligi dala ishlarida eng zamonaviy texnika vositalari - 4 ta transport universal traktorlari, 1 ta yuqori unumli traktorlar ishlamoqda. "Tovboy ota" fermer xo`jaligi dalalarida 15 nafar ishchilar oila a'zolari bilan birgalikda ish bilan ta'minlangan.
Mexanizator-traktorchilar Zafar Xo`jamurodov, Shakarbek Isroilov, Nurali Yaxshiboyev, Shahzodbek Isroilov, suvchi va dala ishchilari Elyor Xolmirzayev, Xurshid Qodirov, Orifjon Isroilov kabilar samarali mehnat qilmoqdalar.
Shuningdek, "Tovboy ota" fermer xo`jaligi jamoasi mahalla hududidagi ishsiz yoshlarni, xotin-qizlarni va shu atrofdagi tadbirkorlarni qo`llab-quvvatlash, kam ta'minlangan oilalarga, bemorlarga moddiy va ma'naviy yordam ko`rsatish bilan birgalikda mahalla obodonchiligiga ham o`zlarining munosib hissasini qo`shib kelmoqda.
Rabbim HOTAMOV.