“Bobur dilbar shaxs. Uyg‘onish davrining tipik hukmdori, mard va tadbirkor odam bo‘lgan, u san’atni, adabiyotni sevardi, hayotdan huzur qilishni yaxshi ko‘rardi. Uning nabirasi Akbar yana ham dilbarroq bo‘lib, ko‘p yaxshi fazilatlarga ega bo‘lgan”.
Javoharlal Neru.
Jamiyat tarixining ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-madaniy sohalarida salmoqli o‘rin tutgan siymolaridan biri Zahriddin Muhammad Boburdir. Uning otasi Andijon hokimi Umarshayx Mirzo Amir Temurga to‘rtinchi avlod - evara edi. Onasi Qutlug‘ Nigorxonimning otasi Yunusxon esa o‘n ikki avlod bilan Chingizxonga ulanardi. Bobur insoniyat tarixidagi ikki buyuk sulola tutashgan nuqtada dunyoga kelgan jahonning eng mashhur shaxslaridan biridir.
“Bobur botirligining cheki yo‘q, uning butun hayoti jasorat namunalari bilan to‘lib-toshib yotibdi”, degan edi rus sharqshunosi N.Beselovskiy. Haqiqatan ham Bobur shaxsi inson matonatiga qo‘yilgan jonli haykal. U hayotning barcha mashaqqatlarini chekkan inson. O‘z yaqinlarining xiyonati, Vatandan judolik, jangu-jadallar iztirobi, adolatsizliklar zahmati, mulksizlik ranju mehnati. Bunday dardu-g‘amlarni yengib o‘tishuchun aqlan va ruhan komil inson bo‘lish lozim.
Bobur yosh avlod o‘rganishi lozim bo‘lgan daho ijodkorlardan biridir. Boburning hazin ohanglarga yo‘g‘rilgan, hasbi-hol xarakterga ega bo‘lgan she’riyati, ”Boburnoma”dek shoh memuari, aruz ilmidan saboq beruvchi “Muxtasar”, soliq ishlariga oid, o‘g‘li Humoyunga bag‘ishlab yozilgan “Mubayyin” hamda “Volidiya” asarlari ma’naviyatimizni boyitadigan tengsiz xazinadir. Uning ruboiy va g‘azallarida aks etgan vatan sog‘inchi, yor madhi, davru-davron, jabru-jafolari haqidagi misralari yosh avlodning, nafaqat, katta yoshdagi insonlarning qalbida Vatanga mahabbat, istiqlol davri yaratilgan sharoitga shukr qilish tuyg‘ularini uyg‘otadi.
Tole’ yo‘qi jonimg‘a balolig‘ bo‘ldi,
Har ishnikiayladim, xatolig‘ bo‘ldi.
O‘z yerni qo‘yib Hind sori yuzlandim,
Yo rab, netayin, ne yuz qarolig‘ bo‘ldi.
Bu ruboiysi Boburning sarson kechgan umri, osayishtalik bilmagan umri, o‘zga yurtlarda shohlik qismati haqida so‘zlovchi to‘rtligiga aylangan.
“Boburnoma” asari esa esdalik memuar, badiiy, balki ko‘plab sohalarni qamrab olgan asardir. Unda muallifning adabiyotshunoslik, san’atshunoslik, tilshunoslik, nobotot va hayvonot olamiga bag‘ishlangan ilmiy kuzarishlari, amaliy tajribalardan kelib chiqib aks etgan.” Bu asar hozirga qadar ko‘pgina tillarga: fors, ingliz, nemis, fransuz, hind, turk, urdu va rus tillarga tarjima qilindi. Tarixiy geografik masalalarni qamrab olgan ushbu asarni o‘zbek tiliga dastlabki yirik ilmiy asar, Boburni esa O‘rta Osiyo, Afg‘oniston va Hindiston geografiyasini birinchi bo‘lib o‘zbek tilida tasvirlagan olim, deya atash mumkin.
Bobur doim o‘ziga temuriylar an’analarini shior deb bilgan, bu an’analarga sodiq qolgan, farzandlariga, xususan, Humoyunga ham o‘z hayot tajribasidan kelib chiqib, har bir masalada ulug‘ bobosi Amir Temurning hukmdorlik uslubidan, harb sohasidagi iqtidoridan andoza olishni, adolatli bo‘lishni ta’kidlab: ”Hazrat sohibqiron Amir Temurning ish yuritishlari doimo yodingda bo‘lsin. Shunda davlating ma’mur va puxta bo‘ladi”, - deb ta’kidlab kelgan. Bu nasihatlari ham bugungi yoshlarga o‘git va nasihatdir.
Yoshlarga Boburning hayoti va ijodini o‘rgatishda bir qancha usullardan foydalansak bo‘ladi, ta’lim jarayonida va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda, matbuot, radio, televideniedagi chiqishlar gazeta va jurnaldagi maqolalar orqali amalga oshirish maqsadga muvofiq, San’atkorlar tomonidan Bobur g‘azallarini kuyga solib, qo‘shiq qilib aytishi shoir ijodini yoshlar ongiga va qalbiga singdirish uchun xizmat qiladi.
Hozirgi kunda axborotning tezkor uzatilishi, elektr manbalarning keng tarqalishi tufayli kitobga e’tibor biroz kamaygan. Ammo bugunning zukko avlodi texnik vositalar bilan bir qatorda kitob mutolaasiga ham jiddiy yondashish kerak. Zero, ajdodlar ma’naviy merosini izchil o‘rganish lozimligini barcha anglab yetmoqda. Bunday yoshlarning safini kengaytirish, ularda kitobga muhabbat, mumtoz madaniy merosga, milliy qadriyatlarga mehr-muhabbat uyg‘otish ziyolilarning, pedagoglarning mas’uliyatli burchidir. Toki yoshlarimiz ajdodlar dahosidan ibrat olsinlar, taffakkur qudratidan hayratlansinlar, tengsiz qimmatli namunalardan bahramand bo‘lsinlar
Zarifa RAHMONQULOVA,
55-umumta’lim maktabining ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi.