Aybsizlik prezumpiyasi (lotincha: Praesumptio – taxmin, gumon soʻzidan olingan) – shaxs huquqlari himoyasini taʼminlab beruvchi, asossiz ayblash va jazolashning oldini oluvchi jinoyat protsessining umumiy demokratik tamoyillaridan biri hisoblanadi.
Aybsizlik prezumpsiyasi jinoyat huquqining muhim prinsiplaridan biri hisoblanadi. Unga ko‘ra, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi uning jinoyat sodir etishda aybdorligi qonunda nazarda tutilgan tartibda isbotlangunga va qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan aniqlangunga qadar aybsiz hisoblanadi. Mazkur prinsipning yana bir muhim xususiyati shundaki, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlab berishi shart emas.
Aybsizlik prezumpsiyasi xalqaro huquq normalarida hamda milliy qonunchiligimizda o‘z aksini topgan. Xususan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 11-moddasida uning har bir shaxsga berilgan daxlsiz huquq ekanligi qat’iy belgilab qo‘yilgan: “Jinoyat sodir etganlikda ayblangan har bir inson himoya uchun barcha imkoniyatlar ta’minlangan holda, ochiq sud majlisi yo‘li bilan uning aybi qonuniy tartibda aniqlanmaguncha aybsiz deb hisoblanishga haqlidir”.
Mazkur prinsp O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi JPKning 23-moddasida o‘z aksini topgan.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasiga ko‘ra, “Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko‘rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmaydi. Sudda ayblanayotgan shaxsga o‘zini himoya qilish uchun barcha sharoitlar ta’minlab beriladi.
Tarixan olib qaraydigan bo‘lsak, aybsizlik prezumpsiyasining bugungi kundagi qiyofasi Uyg‘onish davriga kelibgina aniq shaklga ega bo‘lgan. U qonuniy prinsip sifatida ilk marotaba 1789-yilda qabul qilingan Inson huquqlari to‘g‘risidagi Fransiya deklaratsiyasida o‘z ifodasini topgan. XVIII-asrning 2-yarmida aybsizlik prezumpsiyasi har bir insonga kafolatlangan asosiy konstitutsiyaviy huquq sifatida to‘la e’tirof etilgan. Uning zamonaviy qonun tizimlarida qat’iy o‘rnatilishi XIX-asrda yuz bergan.
Bugungi kunga kelib bu prinspning rivojlangan barcha demokratik davlatlarda o‘z aksini topgan bo‘lib, bu inson huquqlarini ta’minlashning eng muhim bo‘g‘ini hisoblanadi.
A.KUYLANOV,
Bulung‘ur tuman adliya bo‘limi boshlig‘i.