O‘zbek tili turkiy tillar oilasiga mansub bo‘lib, hozirgi kunda ushbu til yer yuzi aholisining qariyb 50 milliondan ko‘prog‘i uchun asosiy muloqot vositasidir. Shunday ekan, tilimizning mavqeiiga qaratiladigan e’tibor ertangi avlodning kelajagi haqida qayg‘urishimizning muhim asosi hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, mamlakatimizda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi mavqei va nufuzini oshirish, jamiyatning barcha sohalarida faol qo‘llanilishiga erishish, yosh avlodni ona tilimizga hurmat va sadoqat ruhida tarbiyalash borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Mustaqillik davri tarixiga nazar soladigan bo‘lsak, tilga e’tibor, uning mavqeini qonuniy jihatdan mustahkamlab qo‘yish mustaqillikka erishishning dastlabki qadamlaridir, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Davlat tilini izchil joriy etish jarayonini takomillashtirish va lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga mukammal o‘tishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasining 1989 yil 21 oktabrda “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilindi va O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tili deb e’lon qilindi. Qonun bilan O‘zbek tilining O‘zbekiston Respublikasi hududida davlat tili sifatida amal qilishining huquqiy asoslari ushbu Qonun va boshqa qonunlar bilan belgilab beriladi. Aynan ana shu tarixiy hujjatga binoan o‘zbek tili mustahkam huquqiy asos va yuksak maqomga ega bo‘ldi.
1953 yilda YUNESKO tashkiloti ekspertlari “davlat tili” va “rasmiy til” tushunchalarini farqlashni taklif etgan. Unga ko‘ra Davlat tili - siyosiy, ijtimoiy va madaniy sohalarda ma’lum bir davlatda integratsiya (birlashtiruvchi) vazifasini amalga oshiradigan, shuningdek ushbu davlatning ramzi sanaladigan tildir. Rasmiy til – davlat boshqaruvi, qonunchilik, sud jarayoni tilidir. 1993 yil 2 sentabrda esa O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi tomonidan “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Bugungi kunda bu ishlarning tadrijiy davomi sifatida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etishni yanada takomillashtirish bo‘yicha amaldagi qonun hamda hukumat qarorlari yanada mustahkamlanmoqda.
O‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat, ulug‘ ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ta’minlash maqsadida 2019 yil 21 oktabrda O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5850-sonli Farmoni qabul qilindi. Ushbu Farmon bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida xodimlarining umumiy cheklangan soni 9 ta shtat birligidan iborat Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etildi, barcha davlat organlarida davlat tilida ish yuritish shart qilib qo‘yildi. Davlat organlarida rahbarning ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish va davlat tilida ish yuritishni rivojlantirish bo‘yicha maslahatchi lavozimi joriy qilindi.
O‘zbekistondagi millat va elatlarning tillarini saqlash va rivojlantirish, davlat tili sifatida o‘zbek tilini o‘rganish uchun shart-sharoitlar yaratish, o‘zbek tili va til siyosatini rivojlantirishning strategik maqsadlari, ustuvor yo‘nalish va vazifalarini hamda istiqboldagi bosqichlarini belgilash maqsadida 2020 yil 20 oktabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6084-sonli Farmoni bilan 2020-2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasini 2020-2022-yillarda amalga oshirish dasturi, 2020-2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari tasdiqlandi. 2020 yil 10 aprelda esa Davlatimiz rahbari tomonidan “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni imzolanib, 21 oktabr - O‘zbek tili bayrami kuni etib belgilandi.
Davlatimiz rahbarining Birlashgan Millatlar Tashkiloti anjumanida jahon hamjamiyatiga qarata tarixda birinchi marta hammani birday to‘lqinlantirgan, O‘zbekiston g‘ururini yuksakka ko‘targan tarixiy nutqini o‘z ona tilimizda so‘zladi. Ma’lumki, taniqli olim German Vamberi “Abulg‘oziy Bahodirxonning ko‘pgina ishlari Boburni xotiraga tushiradi, jahon uning “Shajarai turk” nomli tarixiy asari uchun minnatdordir”, deb yozgandi o‘zining “Buxoro yoxud Movaraunnahr tarixi” asarida. Bunda olim Bobur bilan Abulg‘oziyni el-yurtni obod va ozod ko‘rish ishtiyoqida astoydil harakat qilgan ikki davlat arbobi sifatidagi o‘xshash jihatlarini, ayni paytda, ularning tengi yo‘q ijod namunalarini nazarda tutgan. Buning boisi juda qadim voqea va hodisalar haqidagi ma’lumotlar, yozma manbalar deyarli saqlanib qolmaganligida, mavjudlari esa asosan inson ruhiyati, aqlu idroki ilohiyot bilan uyg‘unlashib, unga bir irmoq singari qo‘shilib ketishidadir. Eng muhimi, bu afsonalarni kim qanday tushunishida emas, balki ular ilm koni, hikmat xazinasi ekanligidadir. Shu nuqtayi nazardan, Davlatimiz rahbarining o‘zbek tiliga qaratgan e’tibor, hurmati, uning mavqeini ko‘tarishga qo‘shgan hissasi uchun Yangi O‘zbekiston tarixi undan minnatdordir, degim keladi. Xullas, ushbu davr o‘zbek tili taraqqiyoti yo‘lida “ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urgan zamon”ga aylandi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bular albatta, “Milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari” degan ezgu g‘oya negizida amalga oshirildi.
Hukumatimiz tomonidan qabul qilingan qarorlar va muhtaram Prezidentimizning farmonlari ijrosini ta’minlash maqsadida tumanimizda ham bu borada bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 4 martdagi 48-sonli “Shaharlar, posyolkalar, qishloqlar va ovullarning mahallalarini tuzish, birlashtirish, bo‘lish va tugatish, shuningdek, ularning chegaralarini belgilash va o‘zgartirish, ularga nom berish va ularning nomini o‘zgartirish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan, Bulung‘ur tumanidagi 1 ta turdosh mahalla fuqarolar yig‘ini, 607 ta nomsiz va nomi qonun talablariga javob bermaydigan ko‘chalar, 3 ta maydon va 4 ta ziyoratgohlarni nomlash bo‘yicha tuman komissiyasi tomonidan geografik obektlarning nomlari to‘g‘risidagi Qonun hujjatlari talablariga muvofiqligi yuzasidan har tomonlama o‘rganib chiqilib, 2021 yil 17 mayda Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi ekspert komissiyasiga tegishli xulosa berish uchun yuborildi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi ekspert komissiyasining 2021 yil 15 iyundagi 01-14-427-sonli ekspert xulosasi hamda Bulung‘ur tuman adliya bo‘limi tomonidan normativ-huquqiy hujjat loyihasini huquqiy ekspertizadan o‘tkazish yuzasidan 2021 yil 29 iyuldagi xulosasiga asosan Bulung‘ur tumanida 1 ta mahalla fuqarolar yig‘ini, 2 ta maydon, 4 ta ziyoratgoh, 482 ta nomsiz va nomi qonun talablariga javob bermaydigan ko‘chalarning nomlari o‘rganilib chiqilib, ijobiy xulosa berildi.
Jumladan, Bulung‘ur tumanida 1 ta - “Kattaqishloq-1” mahalla fuqarolar yig‘ini “Alisher Navoiy” mahalla fuqarolar yig‘ini nomiga o‘zgartirildi, Shu kunga qadar og‘zaki ravishda hujjatlarda nomlanib, lekin davlat reestiriga kiritilmagan 2 ta maydon - “Mexrjon” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li hiyoboni va “Mingchinor” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi Xotira maydoni, 4 ta ziyoratgoh - “Erganakli” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan Xo‘ja Hofiz Merosiy ziyoratgohi va Sheroz qal’asi, “Xo‘jamazgil” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan Xo‘jamazgil ota ziyoratgohi, “Bo‘dana” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi G‘ishtli ota jome masjidlari nomlandi.
Xullas, Vatan, xalq kelajagi, o‘zlikni anglash, o‘z ona tilisining sofligini ta’minlash yo‘lida ogoh, fidokor bo‘lmaslik mumkin emas, bu har bir inson umrining asosiy mazmun va mohiyatini tashkil qiladi. Bu da’vatkor so‘zlar hech vaqt o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydi, chunki qadriyati mustahkam xalqimiz tilimizga e’tiborini hech ham susaytirmaydi. Hamma vaqt zamonaviy bo‘lib yashayveradi. Vatanimiz mustaqilligini mustahkamlash borasida hali ko‘p ishlar oldinda turgan hozirgi vaqtda bu shiorga qayta-qayta murojaat qilish maqsadga muvofiqdir.
Til – millat borligining, inson tafakkurining, dunyoqarashining muhim belgisi. Uni o‘z holicha asrab-avaylash, unga hurmat ko‘rsatish barchamizning vazifamizdir. Zero, til bor ekan, millat barhayot.
G‘ayratjon SHAMANOV,
tuman hokimining Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish,
davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini
ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi.