Umid bilan suqilgan tayoq,
Bir kun berar mava-yu yaproq.
Bolaligim Zarafshon daryosi qirgʻogʻiga yaqin hududda joylashgan Beshariq qishlogʻida oʻtgan. Koʻpincha yoz faslida doʻstlarim bilan daryo boʻyiga borib, sayozroq joylarda choʻmilardik. Qishloq atroflari, ariq boʻylari ham, daryogacha boʻlgan masofada ham hamma joy qayin, qaragʻay, tol kabi qalin daraxtlar va butalar bilan qoplangandi. Bu yerda boʻrsiq, tulki, yovvoyi oʻrdak kabi turli xil xayvonlarni uchratish mumkin edi. Ota-onalarimiz yoshligimizdan tabiatga zarar yetkazmaslik, daraxt va butalar shamoldan, tuproq eroziyasidan, qirgʻoq boʻylari yemirilishidan, issiq va sovuqdan asrashini, shu bois ularni besabab kesmaslik, ularni avaylab asrash lozimligini uqtirishgan.
Mana, oradan qariyb oltmish yil oʻtib, ayrim rahbar va fuqarolarning masʼuliyatsizligi sabab, tabiatga ayovsiz munosabatda boʻlinganligi bois, hozirda bu daraxt va butalardan nomigagina qolgan. Bunday noxush manzaralar nafaqat bizning tumanimiz hududida, balki respublikamizning barcha joylarida yuz berdi. Mana shularni hisobga olgan yurtimiz rahbari bir qancha vaqtdan beri yurtimizni “Yashil makon”ga aylantirish borasida bir qancha amaliy ishlarga qoʻl urmoqda. Bu borada bir nechta qarorlar qabul qildi.
Joriy yilning 11-oktabrida Prezidentimiz rahbarligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida “Yashil makon” umummilliy harakati kuzgi mavsumini samarali tashkil etish yuzasidan bir qator vazifalar belgilab berilgan edi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi - “Dolzarb 40 kunlik” doirasida “Saxovat” mahallasi fuqarolari ham faol ishtirok etishmoqda. Mahalla ahlining yashash joylarida tomorqa va ariq chetlariga mevali va manzarali daraxt koʻchatlari oʻtqazish ishlarida biz kabi nuroniylar bosh-qosh boʻlishmoqda. Maqsadimiz yurtimizning yashillikka burkanishida har birimizning hissamiz boʻlishini istaymiz.
Abduolim BERDIYEV,
“Saxovat” MFY nuroniylar Kengashi aʼzosi.