Tumanimiz markazidan ancha olisda joylashgan “Qirqshodi” mahallasi hududidagi So‘loqli, Qirqshodi, Navbahor kabi uchta qishloqda 3515 nafar aholi yashaydi. Shundan 1822 nafari xotin-qizlardan iborat...
“Yaxshilik qilgan emas, yaxshilik ko‘rgan gapirsin”, degan ajoyib so‘zlarni Buxoro sayohati davomida o‘qigan edim... Ushbu maqolani yozayotganimda o‘sha so‘zlar yodimga tushdi.
- Mahallamizning xotin-qizlar faoli Zulfiya Mirzaqulovaning olib borayotgan ibratli ishlaridan bir umrga minnatdorman, - deydi boquvchisini yo‘qotgan bemor, 58 yoshli Mahbuba Tugalova. - Mahallamizda yashovchi menga o‘xshash xotin-qizlar holidan doimiy xabar olib turadi. Har gal uyimizga mahalla faollari bilan birgalikda kirib kelganida uyim ham , ko‘nglim ham yayrab ketadi. “Navbahor” oilaviy poliklinikasining shirinso‘z shifokori Muhayyo Sindorova tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, sog‘ligimni tekshiradi, tegishli maslahatlar beradi, faol xotin-qizlar g‘arib ko‘nglimni ko‘tarishadi. Mahalla faollarining tashabbusi bilan homiylar yordamida uylarim chiroyli qilib ta’mirlandi. Ishsiz qolmasin deb tikuv mashinasi va bir bosh qoramol berishdi. Bunday iltifotdan boshim ko‘klarga yetdi. “Mahallang - ota-onang”, - deb bejiz aytilmagan ekan. Mahallamiz jonkuyar xotin-qizlarining beg‘araz xizmatlari oldida boshim yerga tekkunicha ta’zimdaman...
- Men surunkali kasallikka chalinib, bir necha yildan buyon behol bo‘lib qoldim, - deydi fuqaro Nodira Matnazarova. - Mahalla faollari, ayniqsa xotin-qizlar faoli Zulfiya Mirzaqulovaning g‘amxo‘rligi tufayli o‘zimga keldim. Dori-darmon, oziq-ovqat mahsulotlari bilan o‘z vaqtida ta’minlab turishdi. Zarur bo‘lib qolganda naqd pul ham berishdi. Bunday beg‘araz yordam va samimiy iltifotlar tufayli oyoqqa turdim. Bugungi kungacha bemor holimdan xabar olib turishadi. Muruvvatli, saxiy insonlarimizga ko‘z tegmasin...
“Qirqshodi” MFY xotin-qizlar faoli Zulfiya Mirzaqulova 19 yildan buyon mahalla xotin-qizlarining sevimli maslahatchisi lavozimida ishlab kelmoqda. Shu bois har bir xonadondagi xotin-qizlar bilan yurakdan gaplashadi. Ular bilan xuddi tug‘ishgan, mehribon opa-singilday suhbatlashadi, maslahatlashadi. Ularnng dardlari, muammolari bilan birga nafas oladi.
- Mahalla raisi Yigitali O‘roqboev, hokim yordamchisi Shohrux Fayzullaev, yoshlar yetakchisi Baxtiyor Jonibekov, profilaktika inspektori Fazliddin Jo‘raqulov, faol xotin-qizlarimiz Anzirat Norbo‘taeva, Saodat Umrzoqova, Malohat Raupova, Feruza Xo‘jamberdieva, Nodira Rajabova, Jamila Qarshieva, oilaviy poliklinika shifokori Muhayyo Sindorovalar bilan hamkorlikda mahallamiz aholisi, xotin- qizlario‘rtasida Prezident qarorlari asosida doimiy ravishda tushuntirish ishlarini olib borayapmiz, - deydi “Qirqshodi” MFY xotin-qizlar faoli Zulfiya Mirzaqulova. - Shu sababli xotin-qizlarimiz orasidan chiqqan ko‘plab “elim deb, yurtim deb” yonib yashayotgan 22 nafar ishbilarmon, tadbirkor xotin-qizlar tashabbusi bilan “Ayollar daftari”dagi xotin-qizlarimiz doimiy ish bilan band bo‘lishdi. Ayni kunda “Ayollar daftari”dagi xotin-qizlarimiz mahallamiz markazidagi tikuvchilik sexlarida, savdo va maishiy xizmat shaxobchalarida, shaharlardagidan qolishmaydigan milliy taomli oshxonalarda, 2 ta maktabgacha tarbiya xususiy tashkilotida samarali mehnat qilishmoqda.
Shuningdek, “Ayollar daftari” dagi Feruza Sattorovaga imtiyozli kredit asosida zamonaviy tikuv mashinasi olib berildi. Ayni paytda ishli bo‘lgan tikuvchi Feruza Sattorova o‘z uyida mijozlarning buyurtmasi asosida kiyim-kechak tikish ishlarini olib bormoqda.
Tadbirkor Barno Ismoilova savdo sohasini rivojlantirishi munosabati bilan 4 nafar xotin-qizlar doimiy ish bilan ta’minladi. 188 nafar xotin-qizlar turli ishlarga jalb etildi. 67 nafar xotin-qizlar davlat korxonalariga ishga joylashtirildi.
MahalladaNazokat Umrzoqova, Mohira O‘rozalieva, Saodat Umrzoqova, Muazzam Aliboevalar kabilarning xonadonlari “Namunali oila” deb e’tirof etildi.
- Mahallamizda hayot qaynaydi, - deydi mahalla xotin-qizlar faoli Zulfiya Mirzaqulova. - Turli xil muammolardan tashqari qo‘shni mahalladan mahallamizga kelin izlab sovchilar kelishadi. O‘z navbatida biz ham kelin izlab boramiz. Qisqasi, mahallamizda hayot quvonchlari va tashvishlari qaynamoqda.
- Tumanimizdagi 55 ta mahalladagi xotin-qizlar faollari “Qirqshodi” MFY xotin-qizlar faoli Zulfiya Mirzaqulovaning ish tajribalarini o‘rgansalar nur ustiga-nur bo‘lardi, - deydi tuman hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Nasiba Mamadiyorova. - 19 yildan buyon mahalla xotin-qizlarining ishonchini oqlab kelayotgan Zulfiya opa Mirzaqulovaning ish tajribasi ishonchim komilki, boshqalar uchun katta maktab bo‘ladi.
Rabbim HOTAMOV.