Yil bo'yi qilingan samarali mehnatning natijasi g'alvir suvdan ko'tarilgach ma'lum bo'ldi. Bugun tumanimiz g'allakorlarining yuzlarida tabassum. Mavjud 784 ta fermer xo'jaliklari mirishkor g'allakorlari 6 290 gektar maydondan 15 ming 801 tonna g'alla yetishtirishib, shartnoma rejasini ortig'i bilan uddalashdi. Qabul shoxobchalariga 17 557 tonna g'alla topshirishga erishdilar. Yalpi hosil 48 ming tonnadan oshib ketdi.
Bu yil hosildorlik gektariga 60 sentnerdan ortiqni tashkil qildi. Bu avvalgi yillarga nisbatan 7-12 sentner ko'p demakdir. Hosildorlikning yildan yilga oshib borishining sababi g'alla yetishtirish, sotishda fermer va klasterlarga erkinlik berilishi tufayli bo'lmoqda. Endilikda fermerlar belgilangan shartnoma rejasidan ortgan g'allaning bir qismini o'z ehtiyojlari uchun olib qolishib, bir qismini esa ichki bozorlarga sotishmoqda. Ishchilarni ham rozi qilishmoqda. Manfaatdorlik oshishini yaxshi anglagan fermer xo'jaliklari ishchilari hosili yig'ishtirib olingan maydonlarni shudgorlab, takroriy ekin ekish ishlarini boshlab yuborishgan.
Tumanimiz g'alla xirmoni yuksalishida "Do'stlik", "Ulug'bek", "Hamid Olimjon", "Mingchinor" kabi agrofirmalar hududidagi fermer xo'jaliklarining hissalari katta bo'ldi. Ularning barchasi shartnoma rejasini 110-115 foizga uddalashdi. Ushbu hududlardagi fermer xo'jaliklari a'zolari g'alladan bo'shagan maydonlarni zudlik bilan somondan tozalashib, shudgorlab, sabzavot, kartoshka, dukkakli don ekinlari va ozuqa uchun ekin ekish ishlarini qizg'in tus oldirishgan. Ular ayni paytga qadar bu kabi ishlarni 50 foizgacha yetkazishdi.
Tuman bo'yicha g'allasi yig'ishtirib olingan 6 133 gektar maydonning 3 322 gektariga takroriy ekinlar ekildi. Shuningdek, g'alladan bo'shagan maydonlarning 601 gektari tumandagi ehtiyojmand oilalarga qishloq xo'jalik mahsulotlari ekib foydalanishlari uchun ajratib berildi.
Musa ALLAYAROV,
tuman hokimligining Qishloq va suv xo'jaligi masalalari bo'yicha bosh mutaxassisi.