Baxt tushunchasini har kim xar xil tushunadi. Kimdir baxt boylikda desa, yana kimdir sog‘likda deyishadi. Boyliging sog‘liging bo‘lsa-yu, keksayganingda yoningda turmush o‘rtog‘ing bo‘lmasa bunaqa hayotni baxt deb atash ham noto‘g‘ri bo‘ladi. Shuning uchun eng baxtli insonlar turmush o‘rtog‘i bilan qo‘sha qarigan insonlardir.
Hayotda shunday insonlar bo‘ladiki, ular umri davomida faqat insonlarga yaxshilik ulashadi, ilm, ziyo tarqatishadi. Fidokorona mehnat va munosib hayot yo‘li bilan xalqning hurmati va ehtiromiga sazovor bo‘lishadi. Bulung‘ur tumanida ham hayoti ko‘pchilikka ibrat bo‘ladigan piru badavlat otaxon va onaxonlar talaygina.
Hayotda shunday insonlar bo‘ladiki, ular umri davomida faqat insonlarga yaxshilik ulashadi, ilm, ziyo tarqatishadi. Fidokorona mehnat va munosib hayot yo‘li bilan xalqning hurmati va ehtiromiga sazovor bo‘lishadi. Bulung‘ur tumanida ham hayoti ko‘pchilikka ibrat bo‘ladigan piru badavlat otaxon va onaxonlar talaygina.
Tumanimizning "Erganakli" mahallasida umrguzaronlik qilib kelayotgan 84 yoshli G'aybulla bobo Hasanov va 80 yoshli Oybahor aya Aliqulovalar ana shunday pir-u badavlat oilalardan biri. Nuroniy bu otaxon va onaxonning bugungi kunda ham hayotga chanqoqligi, ruhi tetikligini ko'rib havasing keladi. O'zi ham, so'zi ham sodda bu insonlar bilan suhbatlashsangiz halol mehnat, bag'rikenglik va shukronalik insonni murod-u maqsadga, e'zoz-u ehtiromga yetkazishiga amin bo'lasiz. Bugun qo'sha qarish baxtiga muyassar bo'lgan bu insonlarning hayotda ko'p quvonch-u tashvishlarni boshidan o'tkazgani, urush yillariga to'g'ri kelgan bolaliklari naqadar og'ir kechganini otaxon va onaxonning suhbatlaridan ham bilsa bo'ladi.
- Otam urushga ketganida atigi 7 oylik chaqaloq bo'lganman. Otam Polsha uchun olib borilgan janglarda halok bo'lgan. Otasiz katta bo'lish, uning ustiga qahatchilik biz urush bolalarini tezda balog'atga yetkazgan. Urush va urushdan keyingi yillarni eslasam, ko'zimga yosh keladi. Onamga qanchalik qiyin bo'lganini bilaman, - deydi G'aybulla bobo o'sha o'tgan kunlarni, bolaligini xotirlab. - U davrlar o'ta og'ir zamonlar edi. Urushdan keyingi ocharchilik, bir to'g'ram non uchun ertadan kechgacha odamlar uyida mol boqar va to'g'ri kelgan ishni bajarar edim. Qanchadan qancha navqiron yigitlar urushga ketib, qaytib kelishmadi. Ana shunday og'ir davrlarni eslab, bugungiday tinch va farovon kunlarga shukrlar qilaman. Mahalladagi yig'inlarda yoshlarga bu kunlarning qadriga yetish kerakligini bot-bot takrorlayman. Halol mehnat, savob ishlar qilish bir umrlik ko'ngil xotirjamligi, uzoq umr garovi ekanligini aytaman. Shunday dorulamon kunlarning qadriga yetinglar, deyman.
- Qo'shganing bilan qo'sha qarish, baxtli bo'lish, uzoq umr ko'rish ham bir saodatdir, - deydi Oybahor ona. - Qolaversa, davlatimizning biz keksalarga ko'rsatayotgan g'amxo'rliklari umrimizga umr qo'shmoqda. Tinch-totuv, osuda hayotda yashayapmiz. Tushimizga ham kirmagan davrlarni ko'rdik, mahalladoshlarimiz izzat-ikromidan bahra olyapmiz, bunday e'tibordan ruhlanib, uzoq yashaging keladi.
G'aybulla bobo va Oybahor ayalar butun umrini yoshlarga bilim berishga bag'ishlagan. Zamon og'ir bo'lishiga qaramay ikkalasi ham Samarqand Davlat universitetida tahsil olishgan. 35-umumta'lim maktabida 40 yil o'quvchilarga ta'lim berishgan, oddiy o'qituvchilikdan maktab direktorligicha bo'lgan yo'lni bosib o'tishgan.
G'aybulla bobo va Oybahor aya tinch-totuv hayot kechirib, 9 nafar farzandni voyaga yetkazishdi. Farzandlari ham ota-ona izidan borib, mahallada obro'-e'tibor qozondi. Bugun bu baxtli insonlar 36 nafar nabira, 41 nafar chevaraning buva va buvijonisidir. Tabarruk yoshni qarshilayotgan G'aybulla bobo va Oybahor ayalar bugun ham bardam va baquvvat, faol va serharakat. Mahalladoshlari ularni ziyorat qilishga, suhbatlaridan bahramand bo'lishga, duolarini olishga intiladi.
Ayni paytda yuzlab shogirdlari mamlakatimizning turli jabhalarida yurtimizning yanada gullab yashnashi uchun mehnat qilishmoqda. G'aybulla bobo va Oybahor ayalar shogirdlari haqida to'lqinlanib gapirar ekan, umrlari bekor ketmaganligini faxr bilan yodga olishadi. Eng quvonchlisi - bu yil bu baxtli insonlarning turmush qurganliklariga 60 yil to'ladi. Paytdan foydalanib 60 yillik oltin to'ylari munosabati bilan barcha shogirdlari nomidan tabriklaymiz!
G'ulom O'ROLOV,
xalq deputatlari tuman Kengashi deputati, jurnalist.