G'ayrati ichiga sig'may borayotgan Tangriberdi Norboyev 35 yil davomida temir yo'lda oddiy ishchi, brigada boshlig'i, hudud ustasi bo'lib ishladi. Nafaqaga chiqqach uyda o'tiraolmadi. O'zi yashayotgan "Kattaqishloq" mahallasida jamoatchilik asosida mahalla nuroniylari raisi sifatida ishga sho'ng'ib ketdi.

Eng asosiysi, "men pensionerman, boboyman", deb tushkunlikka tushmay yurgan nuroniylar mahalla faollarining eng yaqin maslahatchisi, yo'lboshchisi hisoblanadi. Tinib-tinchimas nuroniylar mahalla hududida bo'lib o'tadigan to'y-tomoshalar, ma'rakalar, tadbirlar, hashar yo'li bilan bo'layotgan obodonchilik ishlarida bosh maslahatchi, yo'l-yo'riq ko'rsatuvchi.
Nuroniylar maslahati bilan katta zovurdan qishloq aholisi tomorqalarini sug'orish uchun hashar yo'li bilan katta ariq qazib kelindi. Hasharda mahalla yoshlariga nuroniylar boshchilik qilishdi, kerakli maslahatlarini berib turishdi. Shuningdek, nuroniylar bayramlarda, tadbirlarda o'zlarining tashabbusi bilan kam ta'minlangan oila a'zolari holidan xabar olib, ularga sovg'a-salomlar ulashadilar. To'shakda yotib qolgan bemorlar holidan doimiy xabar olib turishadi. Albatta, bularning hammasi o'z-o'zidan bo'lmaydi. Bularga albatta sermulohazali, oq-qorani yaxshi tanigan bir kishi boshchilik qilishi kerak-da. G'ayratli, tashabbuskor Tangriberdi Norboyev ana shunday mahalla nuroniylarinining boshini biriktiruvchi, jamoatchilik asosidagi mahalla nuroniylarining raisidir.

Rabbim HOTAMOV.