Yurtimizda xotin-qizlar va bolalarning ma’naviy hamda intellektual salohiyatini yuksaltirish, salomatligini mustahkamlash, oila, onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha huquqiy kafolatlar yaratilgan. Sog‘lom oilani shakllantirish, ma’naviy-ahloqiy muhitni qaror toptirish, sog‘lom bola tug‘ilishi va uni tarbiyalash masalalari davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan.
Afsuski, islohotlarga qaramasdan salbiy holatlar, ya’ni xotin-qizlar va voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlik, tazyiq, o‘z huquq va erkinliklaridan foydalanishda to‘siqlar hali ham uchrab turibdi, huquqini ishonchli himoya qilish bilan bog‘liq masalalarda muammolar mavjud.
Tan olish kerakki, xotin-qizlar orasida o‘z huquqini yaxshi bilmaydigan, doimo qiynoqqa uchragani uchun qo‘rqoq, ojiza, himoyasiz bo‘lib qolganlar ham bor. Ko‘p hollarda ular tegishli tashkilotlarga murojaat qilmay, oilaviy zo‘ravonlikka chidab yashab kelmoqda.
Eng achinarlisi, bu zo‘ravonlikka uning voyaga yetmagan farzandlari ham guvoh bo‘lib, ularning ham sog‘lom muhitda tarbiyalanish huquqlari buzilmoqda. Albatta, bu amaldagi qonunchilik normalarini puxta ko‘rib chiqishni talab qildi. Shu munosabat bilan “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun qabul qilindi. Unga ko‘ra, xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish, ularga nisbatan nomaqbul harakatlarni sodir etganlik uchun javobgarlik yanada kuchaytirildi, shuningdek oilaviy zo‘ravonlik, shilqimlik qilganlik uchun javobgarlik belgilandi.
Qonunlarimizda oilaviy zo‘ravonlik uchun avval ma’muriy, qayta sodir etilgan taqdirda, jinoiy javobgarlik belgilandi. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 592-moddasi, ya’ni Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik uchun javobgarlik belgilanib, xuddi shu harakatlarni bir yil ichida qayta sodir etgan taqdirda Jinoyat kodeksining 1261-modda, ya’ni oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik uchun jinoiy javobgarlik belgilandi.
Qonun mazmuniga ko‘ra, oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik, deganda xotini (eri), sobiq xotini (sobiq eri), bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashovchi shaxs yoki umumiy farzandi bo‘lgan shaxsga nisbatan mulk, ta’lim olish, sog‘liqni saqlash va (yoki) mehnatga oid huquqini amalga oshirishga to‘sqinlik qilish, mulki va shaxsiy ashyolariga qasddan shikast yetkazish, xuddi shuningdek, sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlash, qo‘rqitish, yaqin qarindoshlaridan ajratib qo‘yish, sog‘liqning yomonlashuviga olib kelgan bo‘lsa hamda basharti Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarda nazarda tutilgan boshqa huquqbuzarliklar alomatlari mavjud bo‘lmasa, kodeksning 592-moddasi 1 qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 10 dan 20 baravarigacha jarima solishga yoki 10 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
Agar ushbu harakatlar yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan shaxslarni do‘pposlash, ushbu shaxslarga sog‘liqning qisqa muddatga yomonlashuviga yoki mehnat qobiliyatining uncha uzoq bo‘lmagan muddatga yo‘qolishiga olib kelmagan qasddan badanga yengil shikast yetkazishga sabab bo‘lsa, kodeksning 592-moddasi 2 qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 10 dan 20 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
Agar o‘sha harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa hamda basharti boshqa jinoyat alomatlari mavjud bo‘lmasa, Jinoyat kodeksining 1261-moddasi 1 qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 20 dan 30 baravarigacha jarima yoki 160 soatdan 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Ushbu moddaning boshqa qismlarida o‘sha harakatlarni og‘irlashtiruvchi holatlarda, ya’ni shaxsga qasddan badanga yengil, o‘rtacha va og‘ir shikast yetkazganda, ikki yoki undan ortiq shaxsga nisbatan, homiladorligi aybdorga ayon bo‘lgan ayolga nisbatan o‘ta shafqatsizlik bilan g‘arazli niyatlarda, diniy taassublar zamirida, bir guruh shaxslar tomonidan, o‘ta xavfli residivist tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lsa, 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilandi.
Jinoyat kodeksining 1413-modda, ya’ni shaxsning sha’nini va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi ma’lumotlarni oshkor qilganlik uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi modda bilan to‘ldirildi. Unga ko‘ra tovlamachilik alomatlari mavjud bo‘lmagan taqdirda, shaxsiy roziligisiz yalang‘och holdagi foto, videotasvirini o‘z ichiga olgan axborotni tarqatish, shu jumladan, OAVda, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish yoki bunday axborotni tarqatish bilan qo‘rqitish, bazaviy hisoblash miqdorining 400 dan 600 baravarigacha jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks shahvoniy shilqimlik qilganlik uchun javobgarlikni belgilovchi 411-modda bilan to‘ldirildi.
Endilikda shaxsga nisbatan uning uchun nomaqbul bo‘lgan hamda uning sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlaydigan, shaxsning tashqi qiyofasini yoki qaddi-qomatini tavsiflashda, imo-ishora qilishda, teginishda, chaqirishda ifodalangan, shahvoniy xususiyatga ega bo‘lgan harakatlarni bir marta qo‘pol ravishda yoki bir necha marta sodir etilsa, bazaviy hisoblash miqdorining 2 dan 5 baravarigacha jarima solishga yoki 5 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
Agar ushbu harakatlarni ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, ota va onaning o‘z farzandini tarbiyalashda majburiyatlarini bajarmaganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi, agar ota yoki ona yashash joyida 3 oydan ortiq bo‘lmaganda yoki uzrli sabablarga ko‘ra o‘z majburiyatlarini bajara olmaganda voyaga yetmagan farzandiga vasiy yoki homiy tayinlamasa, ma’muriy javobgarlikka tortiladi.
Ma’lumki ayrim ota-onalar ishlash uchun yoki boshqa bir sabab bilan chet elga yoki yashash joyidan uzoqroq hududga ketib, farzandlarini qarindoshlari yoki tanishlariga topshirishadi. Qarindoshlar yaxshi bo‘lsa, bola huquqlari buzilmas, lekin amaliyotda bolalar qarovsiz qolib, ularni tarbiyasi bilan hech kim shug‘ullanmaydi, nazoratsiz qolib, eng yomoni bolalar bilib-bilmay jinoyat yo‘liga kirib qolish holatlari ham uchraydi, bunda albatta kattalarning e’tiborsizligi ularning hayoti va sog‘lig‘iga xavf soladi.
Kelgusida bolalar qonunda belgilangan huquqlaridan to‘la foydalanishlari uchun ota-onalarga majburiyatlarini to‘liq bajarish va ular yo‘qligida farzandiga homiy yoki vasiy tayinlash majburiyati belgilanmoqda, aks holda, ular javobgarlikka tortiladi.
Jinoyat kodeksining 73-moddasidagi muddatidan ilgari jazodan shartli ozod etish kabi normalar voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan sodir etilgan jinoyatlar uchun, jumladan, voyaga yetmagan shaxsni nomusiga tekkanlik, jinsiy aloqada bo‘lish, uyatsiz-buzuq harakatlar qilganlik, voyaga yetmagan shaxs tavsiflangan yoki tasvirlangan pornografik mahsulotni tarqatish, namoyish etish, qo‘shmachilik qilganlik, fohishaxonalarni tashkil etganlik uchun hukm qilingan shaxslarga nisbatan qo‘llanilmaydi.
Voyaga yetmaganlarga nisbatan bu kabi jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning javobgarligi kuchaytirildi, jazo muddati va miqdori oshirildi.
Endilikda ayollarning tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya orderi muddati bir yilgacha jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi tomonidan uzaytirilishi belgilandi.
Himoya orderining amal qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosnoma materiallar sudga kelib tushgan paytdan e’tiboran 24 soat ichida yopiq sud majlisida jabrlanuvchi hamda zo‘ravonlik sodir etgan yoxud shunga moyil bo‘lgan shaxs hozirligida ko‘rib chiqiladi, sudya ish materiallari bilan tanishib chiqib, ish yakuni bo‘yicha qaror chiqaradi.
Muddatlarning bir yilgacha belgilanishi ayollarimizga yetarli darajada psixologik, ijtimoiy, huquqiy yordam berilishi va ish bilan ta’minlanishiga xizmat qiladi.
Bu qonunda xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini tazyiq va zo‘ravonlikdan ishonchli himoya qilishning boshqa qator mexanizmlari tartibga solinib, ularni huquqlarini himoyalanishi orqali hayot va turmush sifatini yaxshilashga qaratilgan.
Albatta oila muqaddasligi ham inobatga olinib, birinchi marta zo‘ravonlik sodir etgan shaxslar jabrlanuvchi bilan yarashsa, aybini tan olib, yetkazgan zararlarini qoplab bersa, ularni javobgarlikdan ozod etish tartiblari ham ko‘rsatib o‘tilgan.
Ushbu qonun jamiyatimizda xalqimizning huquqiy ong va madaniyatni yangi bir bosqichga olib chiqish bilan birga, eng asosiysi, xotin qizlar va bolalarga nisbatan shilqimlik va zo‘ravonlikning oldini olishga, oilalarda ma’naviy axloqiy muhitni yaxshilash, mustahkamlashga, shuningdek, bolalar va xotin qizlar huquqlari bilan bog‘liq xalqaro mezonlarda mamlakatimiz o‘rnini yaxshilashga xizmat qiladi.
Jamshid FAYZULLAYEV,
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Jomboy tumanlararo sudi raisi