Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad eng avvalo, inson huquq va manfaatlari, jumladan, xotin-qizlarning huquq va erkinliklarini himoya qilish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, milliy qonunchilik bazasi xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalariga hamohang tarzda tobora mustahkamlab borilmoqda.
O‘zbekiston tarixida ilk bor 2019-yilning 2-sentabrida “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi va “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilindi. Mazkur qonun hujjatlari xotin-qizlarni turmushda, ish joylarida, ta’lim muassasalarida va boshqa joylarda tazyiq hamda zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni ham tartibga soladi. Tazyiq hamda zo‘ravonlikni boshidan o‘tkazgan shaxslarni himoya qilish, jamiyatda ayollarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning har qanday shakliga murosasiz munosabat muhitini qaror toptirishni kafolatlaydi.
Shuningdek, 2019-yilda zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlar uchun “himoya orderi” instituti joriy etildi. Himoya orderi tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga davlat himoyasini beruvchi hujjat hisoblanadi.
“Xotin qizlar va bolalar huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun amalga kiritildi. Ushbu hujjat bugungi kunda huquqni qo‘llash amaliyotida xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish bilan bog‘liq masalalarda bir qator muammolar mavjudligi, xususan, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxsga davlat himoyasini taqdim etuvchi orderning amal qilish muddati (30 kun) xotin-qizlarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini yetarli darajada himoya qilinishini ta’minlash imkonini bermaganligi sabab sifatida bayon qilingan. Qabul qilingan qonun bilan esa endilikda ayollarning tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya orderi muddati bir yilgacha jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan uzaytirilishi belgilab quyildi.
Amaliyot shuni ko‘rsatdiki, himoya orderi berilgan aksariyat xotin-qizlar takroran zo‘ravonlikka uchragan. Himoya orderining amal qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosnoma bo‘yicha to‘plangan material sudga kelib tushgan vaqtdan e’tiboran 24 soat ichida yopiq sud majlisida jabrlanuvchi hamda zo‘ravonlik sodir etgan shaxs ishtirokida ko‘rib chiqiladi. Sudya ish materiallari bilan tanishib chiqib, ish yakuni bo‘yicha qaror qabul qiladi. Mazkur qarorda himoya orderining amal qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan vaqt va joy haqidagi ma’lumotlar, qarorni qabul qilgan sudning nomi, sudyaning, taraflarning, ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning familiyasi, ismi va otasining ismi, shuningdek, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining hamda tazyiq o‘tkazgan va (yoki) zo‘ravonlik sodir etgan shaxsning familiyasi, ismi va joyi, mashg‘ulotining turi hamda yashash joyi, himoya orderining amal qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi qarorni qabul qilish uchun asos bo‘lib xizmat qilgan holatlar ko‘rsatiladi.
Sudning himoya orderi amal qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi qarori o‘qib eshittirilgan paytdan e’tiboran kuchga kiradi va ichki ishlar organlari tomonidan darhol ijro etiladi. Qarorning ko‘chirma nusxasi tazyiq va zo‘ravonlikning yakka tartibdagi profilaktikasining amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan ichki ishlar organining mansabdor shaxsiga, zo‘ravonlik sodir etgan, shunga moyil bo‘lgan shaxsga darhol topshiriladi. Agar ular sud majlisiga kelmagan bo‘lsa, qarorning ko‘chirma nusxasi 24 soat ichida pochta orqali taraflarga yuboriladi. Sudning himoya orderining amal qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosnomani qanoatlantirishdan rad etish to‘g‘risidagi qaror ustidan 72 soat ichida taraflar apellyatsiya tartibida shikoyat qilishi mumkin. Himoya orderining amal qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi qaror ustidan shikoyat qilinishi, uning ijro etilishini to‘xtatib turmaydi. Himoya orderining amal qilish muddatini uzaytirish masalasini hal qilishda sud mazkur qo‘shimcha quyidagi cheklovlarni, ya’ni tazyiq o‘tkazgan va zo‘ravonlik sodir etgan shaxsning muayyan joylarga borishini taqiqlash, narkologik kasallikdan ambulatoriya yoki statsionar sharoitlarda davolanish kabi majburiyatlardan birini yoki bir nechtasini tazyiq o‘tkazgan va zo‘ravonlik sodir etgan shaxsning zimmasiga yuklatish, zo‘ravonlik sodir etgan shaxs jabrlanuvchi yashaydigan uy-joy maydonidan yoki uning bir qismidan foydalanish, jabrlanuvchining ish joyiga yoki u joylashgan boshqa joylarga yaqinlashish huquqini cheklashga haqli.
Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilarga, shuningdek, ularning o‘zi bilan birga maxsus markazlarga joylashtirilgan voyaga yetmagan bolalariga yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq xarajatlar tazyiq o‘tkazganlikda va zo‘ravonlik sodir etganlikda aybdor deb topilgan shaxsdan undirilishi mumkin. Qonunda mazkur muddatlarning bir yilgacha belgilanishi ayollarimizga yetarli darajada psixologik, ijtimoiy, huquqiy yordam berishi va ish bilan ta’minlanishiga xizmat qiladi. Kelgusida notinch oilalar soni kamayib, huquqbuzarliklar va jinoyatchilikni kamayishga olib keladi.
Shoxsanam AXATOVA,
fuqarolik ishlari bo‘yicha Jomboy tumanlararo sudining sudya yordamchisi.