Bugungi kunda jamiyatimizda o'qituvchining nufuzini oshirish, pedagog shaxsiga nisbatan hurmat va ehtiromni shakllantirish borasida olib borilayotgan keng ko'lamli ishlar aniq ko'zga tashlanmoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan o'qituvchilarning ijtimoiy mavqeyini oshirish bo'yicha qonun loyihasi tayyorlanayotgani va bu jarayonda o'qituvchilarning fikr-mulohaza, takliflari so'ralib, inobatga olinganining o'zi yurtimizda pedagoglarning qadri yuksalayotganidan dalolat beradi.

Umumta'lim maktablaridagi ta'lim sifati poytaxtda ham, olis qishloqlarda ham yuqori bo'lishi uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda. Olis hududlarda ta'lim sifatini yaxshilash maqsadida alohida dastur ishlab chiqilmoqda.

Ma'lumki, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining "O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to'g'risida"gi yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi ishlab chiqildi va referendumga qo'yildi. Ushbu yangi tahrirdagi qomusimizda insonning qadr-qimmati, sha'ni va g'ururi ustun qo'yilib, eng avvalo, "Inson qadri uchun" g'oyasi ustuvor qilib olingan.
Yangi Qonun loyihasining 52-moddasida "O'zbekiston Respublikasida o'qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog'lom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning ma'naviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida e'tirof etildi.
Davlat o'qituvchilarning sha'ni va qadr qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o'sishi to'g'risida g'amxo'rlik qiladi", deyilgan.
Muhtaram Prezidentimiz tomonidan o'qituvchilarga qaratilayotgan e'tibor, yaratilayotgan barcha shart-sharoitlar barcha ustoz-murabbiylar uchun dasturilamal bo'lib xizmat qilayotgani har bir o'qituvchining o'z kasbidan faxrlanib yashashiga zamin bo'lmoqda.
Endilikda barchamizushbu ishonch va e'tiborga munosib mehnat qilib, yurtimiz ravnaqi yo'lida kelajak avlodga ta'lim-tarbiya berishni ustozlik sharafimiz va burchimiz deb bilmog'imiz kerak….
Dilnoza NORMATOVA,
18-umumta'lim maktabining boshlang'ich sinf o'qituvchisi.
18-umumta'lim maktabining boshlang'ich sinf o'qituvchisi.