Kelajagimiz vorislari bo'lmish yosh avlodni ma'nan sog'lom, jismonan yetuk va barkamol qilib tarbiyalashda o'qituvchining roli alohida o'ringa ega. Muxbirimiz tuman Maktabgacha va maktab ta'limi bo'limida bo'lib, "Insonga e'tibor va sifatli ta'lim yili"da sohada amalga oshirilayotgan ishlar, kelgusi rejalar hamda o'quvchilar va o'qituvchilarga yaratib berilayotgan sharoitlar bilan yaqindan tanishish maqsadida tuman Maktabgacha va maktab ta'limi bo'limi boshlig'i Ozod JANGIROV bilan suhbatlashdi.
MUXBIR: - Ma'lumki, ta'lim maskanida o'quvchilarning qay darajada bilimga ega bo'lishlari ko'p jihatdan o'qituvchining bilim va malakasiga bog'liq. Shunday ekan, avvalo, "Insonga e'tibor va sifatli ta'lim yili"da sohada pedagoglarning bilim va malakasini oshirish borasida amalga oshiralayotgan ishlar to'g'risida to'xtalib o'tsangiz.
Ozod JANGIROV: - Tuman Maktabgacha va maktab ta'limi bo'limi tasarrufida 69 ta umumta'lim maktablari hamda 12 ta maktab filiallari, 1 ta Barkamol avlod markazi mavjud bo'lib, ularda 37967 nafar o'g'il-qizlarga 3310 nafar o'qituvchilar ta'lim-tarbiya berib kelishmoqda. 2022-yilda tumandagi 92 foiz pedagoglar malakalari uzluksiz kasbiy ta'lim platformasi va hududiy malaka oshirish markazlari tomonidan oshirildi. Mamlakatimizda 2025-yilga maktablarga bosqichma-bosqich Milliy o'quv dasturi joriy qilish rejalashtirilgan bo'lib, o'tgan yili 1 va 2-sinf darsliklari to'liq milliy o'quv dasturi bo'yicha yangilandi. Joriy yilda 3, 6, 7, 10-sinflar uchun 431 nomdagi darsliklar Rossiya va Germaniya davlatlarida hamda o'zimizda chop etilib, maktablarga yetkazildi. Milliy o'quv darsliklari har bir fanda o'quvchilarning o'zlashtirish ko'nikmalari, savodxonligi, ijodiy fikrlashini rivojlantirishga qaratilgan.
Darsliklarni o'zgartirish bilan bir qatorda agar biz o'qituvchilar bilim malakasini Milliy o'quv dasturiga moslamasak, ta'limda kuzatilayotgan o'zgarishlarga erishish qiyin. Bugungi kunga qadar tumanda 1144 nafar o'qituvchilar Milliy o'quv dasturi asosida malakasini oshirdi. 2022-yilda hududiy malaka oshirish markazining o'qituvchilari bilan hamkorlikda o'tkazilgan Sayyor o'quv kurslariga jami 1044 nafar pedagoglar jalb etilib, Milliy o'quv dasturiga asosan Kembrij metodikasi asosida malaka oshirdi.
"Mobil metodik guruhlar" uchun 7 ta fundamental umumta'lim fanlardan matematika, kimyo, biologiya, fizika, tarix, ona tili va adabiyot fanlaridan 6 oy davomida 10 ta tayanch maktablarda yosh va malaka toifasi bo'lmagan 619 nafar pedagoglarning kasbiy mahoratlarini oshirish uchun maxsus o'quv jarayonlar tashkil etildi. Joriy yilning yanvar oyidan 2-bosqich "Mobil metodik guruhlar"ga 4 ta fundamental matematika, biologiya, tarix, ona tili va adabiyot fanlaridan jami 150 nafar mutaxassis va ikkinchi toifali o'qituvchilar jalb etildi.
M: -O'quv yili ham nihoyalab bormoqda. O'quvchilarning chuqur bilimga ega bo'lganliklari ularning oliy ta'limga kirish ko'rsatkichlarida ham ko'zga tashlanadi. Joriy o'quv yilida o'quvchilarni OTMga qamrab olish hamda axborot texnologiyalari yo'nalishlariga jalb etish qay darajada?
O. J.: - Maktab bitiruvchilari O'zbekistondagi hamda xorijiy oliy ta'lim muassasalariga 2022-yilda 826 nafari, 33,5 foizi OTMga qamrab olingan bo'lsa, bu yil ushbu ko'rsatkichni 50 foizga oshirish belgilandi.
2022-yilda maktab bitiruvchilarining 39 nafari muddatidan oldin chet davlatlarning nufuzli oliy ta'lim muassasalariga talabalikka qabul qilingan. 2023-yilda bugungi kun holatida 6 nafar (1, 23, 48, 55-umumta'lim maktablari va 2 nafar 22-umumta'lim maktabi) 11-sinf bitiruvchi o'quvchilarimiz muddatidan oldin talabalikka qabul qilindi. Xususan, tumanimizdagi 55-umumta'lim maktabining 11-sinf o'quvchisi Mahliyo Fayzullayeva Yevropa va AQShning 11 ta nufuzli universitetlariga muddatidan oldin talabalikka qabul qilinib, 655 ming dollar grant sohibi bo'ldi. 22-umumta'lim maktabining 11-sinf o'quvchisi Oybek Ravshanov Yevropa va AQShning 5 ta universitetlariga muddatidan oldin talabalikka qabul qilinib, 40 ming dollar grant sohibi bo'ldi.
Tumandagi 69 ta maktabning barchasi internet tarmog'iga ulangan. Jumladan, 64 ta maktab GPON texnologiyasi orqali, 5 ta maktab radiomost texnologiyasi asosida internet tarmog'iga ulangan. 31 ta umumta'lim maktablari EDUCATION-2 ta'rifiga ulangan, 40 mb/s da ishlaydi. 38 ta umumta'lim maktablari EDUCATION-3 ta'rifiga ulangan bo'lib, 100 mb/s da ishlab kelmoqda.
Umumta'lim maktablarida 112 nafar oliy ma'lumotli informatika fani o'qituvchilari 87 ta informatika faniga moslashgan sinfxonalarda dars berib kelmoqda.
M:- Umumta'lim maktablarida o'quvchi va o'qituvchilarga yaratib berilayotgan shart-sharoitlar, moddiy-texnik bazani mustahkamlash hamda qurilish-ta'mirlash ishlari borasida nimalar qilinmoqda?
O. J.: - 2022-yilda "Obod qishloq" Dasturi asosida tumandagi 19-umumta'lim maktabida 370 mln so'm hisobiga 60 o'rinli eski binosi mukammal ta'mirlab berildi.
2022-yilda Investitsiya Dasturi asosida tumandagi 51-umumta'lim maktabida 3 mlrd 120 mln so'm hisobiga 180 o'rinli qo'shimcha bino va 12 x 24 o'lchamdagi sport zali qurilish ishlari va 56-umumta'lim maktabida 1 mlrd 260 mln so'm hisobiga 140 o'rinli qo'shimcha bino qurildi.
2022-yilda mahalliy budjet hisobidan tumandagi 42-umumta'lim maktabida 584 mln so'm hisobiga 80 o'rinli qo'shimcha bino qurildi. 19-umumta'lim maktabining eski binosi 160 mln so'm mablag' evaziga ta'mirlandi.
2022-yil hisobidan 20 ta (8, 10, 17, 24, 4, 29, 41, 52, 53, 55, 58, 62, 67, 70, 71, 23,40, 69, 12 va 65) umumta'lim maktablariga 4 turdagi, jami 385 ta jihozlar yetkazib berildi.
2022-yilda umumta'lim maktablarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash uchun jami 1 mlrd 445 mln so'm mablag' ajratilgan bo'lsa, 2023-yilda 2 mlrd 616 mln so'm mablag' yo'naltirildi.
2023-yil "Tashabbusli budjet" jarayonining 1-mavsumida jami "Open budjet" bo'yicha 9 ta umumta'lim maktablari g'olib deb topildi. Ushbu ta'lim dargohlarida qo'shimcha binolar quriladi va moddiy-texnik bazasi yaxshilanadi.
M: - Ta'lim sifati va samaradorligini oshirish bo'yicha kelgusidagi ustuvor vazifalar haqida ham o'rtoqlashsangiz.
O. J.: - Kelgusida o'rta maxsus o'qituvchilar ulushini 8,7 foizdan 4,7 foizga kamaytirish, oliy toifali o'qituvchilar ulushini 8,9 foizdan 13,9 foizga, birinchi toifali o'qituvchilar ulushini 21,8 foizdan 31,8 foizga oshirish, umumta'lim maktablari bitiruvchilarining OTMga qamrovini oshirish uchun tashkil etilgan "Abituriyent shtablari"ning faoliyatini jonlantirish, ta'lim dargohlari qoshida qo'shimcha o'quv markazlar faoliyatini yo'lga qo'yish, bitiruvchilarning yurtimizdagi va xorijiy oliy ta'lim muassasalariga kirish ko'rsatgichlarini 50 % ga oshirish kabi vazifalar ustuvor etib belgilangan. Shuningdek, xalqaro, respublika fan olimpiadasi, vazirlik tomonidan tashkil qilingan ko'rik-tanlovlarda o'quvchilarimizning munosib ishtirokini ta'minlash hamda o'quvchilarning muntazam olimpiada bilan shug'ullanishi uchun "Olimpiada klublari"ni tashkil etish, 2023-2024-o'quv yilidan o'quvchilarga kamida bitta kasb va ikkinchi xorijiy tilni o'rgatish maqsadida barcha umumiy o'rta ta'lim maktablariga 7-sinfdan ikkinchi xorijiy til sifatida ingliz, nemis, fransuz, yapon, koreys, xitoy tillari bo'yicha mutaxassis o'qituvchilarni jalb etish ko'zda tutilgan.
Bundan tashqari umumta'lim maktablaridagi o'qituvchi va o'quvchilarning chet tillarni bilish darajasini (Xalqaro va milliy sertifikatlar asosida) oshirish, Investitsiya dasturi asosida 66-umumta'lim maktabiga qo'shimcha 120 o'rinli, 15-umumta'lim maktabiga 180 o'rinli qo'shimcha bino qurish ishlarini amalga oshirish, "Tashabbusli budjet" jarayonining 1-mavsumida g'olib deb topilgan 9 ta (2, 4, 5, 37, 42, 43, 44, 46, 51) umumta'lim maktablarida qo'shimcha bino qurish va moddiy-texnik bazasini yaxshilash ishlarini sifatli amalga oshirishni ustuvor vazifa etib belgilaganmiz.
M: - Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat!
Suhbatdosh: To'lqin SHERBOYEV.