Har yili qahraton qish oyidan so‘ng oynaday tekis asfalt yo‘llarimizda ham o‘ydim-chuqurchalar paydo bo‘lib qoladi. Bu esa haydovchilarga ancha noqulayliklar tug‘diradi. Ayniqsa, mashinalarning g‘ildirak qismlari shu yo‘llardagi mavjud chuqurchalar sababli ishdan chiqadi. Amortizator, prujinalar, maxsus rezinalar ishdan chiqqach mashina taqillab qoladi.
- Hozirgi zamon talablari asosida ishlab chiqarilayotgan avtomashinalar oynaday tekis va ravon yo‘llarda bir tekisda harakatlanadi. Aksincha, ko‘p chuqurchalar paydo bo‘lgan yo‘llarda nafaqat mashina shikastlanadi, balki haydovchining asablari ham taranglashib, betob bo‘lib qolishi hech gap emas.
- Yaqinda Kidon qo‘rg‘oniga to‘yga bordik, - deydi tanishlarimizdan biri. - Katta asfalt yo‘ldagi chuqurchalarning ko‘pligi sababli mashinada umuman tekis yurib bo‘lmadi. Shu sababli nafaqat mashinamiz buzildi, o‘zim ham asabiylashganim tufayli bemor bo‘lib qoldim...
Mana shunday ko‘ngilsizliklarning oldini olish maqsadida yo‘lsozlarimiz belni mahkam bog‘lashib, ishga kirishib ketdilar. Navro‘z bayrami arafasida yo‘lsozlarimiz Bulung‘ur - Kildon serqatnov asfalt yo‘lida reja asosida ta’mirlash ishlarini amalga oshirmoqdalar. Demak, yo‘l obodligi – ko‘ngillar obodligidir.
Yo‘lsozlar himmati bilan tumanimizdagi hamma asfalt yo‘llar navbati bilan ta’mirlanadi.
Rabbim HOTAMOV.