Tuman markazidan ancha olisdagi "Esonturdi" mahallasining Guliston, Esonturdi, Yangibesh, Zarafshon, O'tab, Besh bola, Yangiobod kabi kundan kunga chiroy ochib borayotgan qishloqlarida 4485 nafar aholi yashaydi.
Ana shu qishloqlarning qahraton qish yog'ingarchiliklarida loy, jazirama yozning issiq kunlarida tizza bo'yi tuproq ko'chalari bugungi kunda tartibga solinib, dastur asosida hamma ko'chalarga shag'al tosh to'kilib, asfalt yotqizilmoqda.
Qishloq ko'chalarini obodonlashtirish, to'kilgan shag'al toshlarni tekislash, ko'chalarni tartibga solish, suv yo'llari bo'lgan mavjud ariqlarni tozalash ishlarini hashar yo'li bilan amalga oshirishda Tursunqul Rahmatov, Tohir Murodov, Hamroqul Mahmudov, Esonboy Mamatov, Qo'chqor hoji Rahmatov kabi mahalla va qishloq faollari, oqsoqollari, ko'cha boshilari ibrat ko'rsatishmoqda. Shu kungacha hamma qishloq ko'chalariga shag'al tosh to'kilib, tekislandi. Guliston, Esonturdi, Yangibesh, Zarafshon ko'chalariga jami 4 200 metr masofaga asfalt yotqzildi. Endigi navbat O'tab, Besh bola, Yangiobod qishloqlariga keldi. Qishloq ko'chalarini obodon-lashtirish, asfalt yotqizish ishlari "Samarqand super" MCHJ boshlig'i Zafar Jabborov rahbarligida amal-ga oshirilmoqda. Yana 3 kilometr qishloq ko'chalari asfalt yotqizishga tayyorlab qo'yildi.
- Mahallamiz ichki yo'llarini obodonlashtirish uchun "Kamaz" yuk mashinalari ko'magida 187 marta shag'al tosh to'kildi, - deydi Esonturdi MFY ning may oyida saylangan yangi raisi Abdumajid Norboyev. - Mahallamiz hududidagi qishloqlarni obodonlashtirish va aholi turmush darajasini yaxshilash maqsadida toza ichimlik suvi uchun yangi artezian qudug'i ishga tushirildi. Aholi xonadonlariga va 40-umumiy o'rta ta'lim maktabiga ichimlik suvi o'tkazish ishlari elim deb, yurtim deb yonib yashayotgan fidoyi fuqarolar hashari bilan amalga oshirildi. Aholini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta'minlash maqsadida yangi tansformator o'rnatildi. Mahallamizning qo'li ochiq homiylari ko'magida yakka yolg'iz, boquvchisini yo'qotgan opa-singillar Dilfuza Jabborova va Donagul Musurmonovalarga zamonaviy uch xonali uy qurib berilib, uylariga quyosh batareyalari o'rnatildi.
Shu kunlarda "Esonturdi" mahallasi hududidagi qishloqlarni yayov kezgan kishi rohatlanadi. Keng, oynaday tekis asfalt yo'l chetidagi mevali va manzarali daraxt soyalarida jazirama issiqdan qochib yurgan kishi ham huzur topadi...Rabbim HOTAMOV.