Tadbirkor Asliddin Sulaymonov Mingchinor massividagi “Eko bog‘”ni xususiylashtirib olgach, ishga sho‘ng‘ib ketdi. Tadbirkor tashabbusi bilan 2,6 gektar maydondagi bu “Eko bog‘”ga o‘tgan 2021-2022 yillar davomida 2100 tupdan ortiqroq manzarali daraxtlar ekildi. Qrim archasi, povloniya, hind sireni, mumaburcha, xitoy guli, tut, yejevika, majnuntol, katalpa kabi daraxtlar bugungi kunda barq urib rivojlanmoqda. Ayni qishning qirchillama sovuq kunlari “Eko bog‘”da ish qizg‘in.
- Shu kunlarda mavjud daraxtlarning ostiga qor to‘playapmiz, - deydi tadbirkor Asliddin Sulaymonov. - Mavjud daraxtlarni sovuqdan saqlash va ularni chilla suvi bilan qondirish maqsadida bugungi qordan unumli foydalanayapmiz.
“Eko bog‘” daraxtlarini parvarishlashda 6 nafar ishchi doimiy ish bilan ta’minlangan. Aytishlariga qaraganda tadbirkor Asliddin aka Sulaymonov bu ishdan tashqari tuman bolalar sportiga ham qarashib turar ekan.
- O‘zim ham yoshlik vaqtimda sportning yunon-rum kurashi bo‘yicha shug‘ullanganman, - deydi Asliddin aka. - Ustozim Rabbim Tashanov qo‘l ostida shug‘ullanib, sport ustasi darajasiga ega bo‘ldim. Shu bois bir necha marta viloyat va Respublika musobaqalarida ishtirok etib chempion bo‘lganman. Ayni paytda o‘g‘illarim Amirxon, Kamronbek, jiyanlarim Abdulla, Javohir, Ibrohimjonlar sportning yunon-rum kurashi bo‘yicha shug‘ullanib, tuman va viloyat birinchiliklarida muntazam ravishda faxrli o‘rinlarni egallab kelishmoqda.
- Bag‘ri keng inson, tadbirkor Asliddin aka homiyligida yosh polvonlarimiz Samarqand, Buxoro, Toshkent, Farg‘ona, Olmaliq shaharlarida bo‘lib o‘tgan musobaqalarga borib kelishimizga juda katta yordam berayapti, - deydi sportning yunon-rum kurashi bo‘yicha bosh murabbiy Rabbim Tashanov. - Bu iltifotga yarasha yosh polvonlarimiz o‘z tengqurlari o‘rtasida g‘oliblikni qo‘lga kiritib keloqdalar.
Rabbim HOTAMOV.