Yaqinda 9-son Bolalar musiqa va san’at maktabida “Nuroniylar kuylaganda” nomli katta konsert bo‘lib o‘tdi. Taniqli sozanda, yoshlarning sevimli ustozi Soatmurod Normatov rahbarligida o‘tgan konsertda yoshlar bilan bir qatorda san’at shaydosi bo‘lgan keksa nuroniylar ham mumtoz qo‘shiqlar kuyladilar. Qo‘lida rubob bilan sahnaga kirib kelgan 65 yoshli san’at shaydosi Xosiyat opa Shodiyorovani keksa nuroniylar va yoshlar olqishlar bilan kutib olishdi. Uning shirali ovozi bilan kuylagan mumtoz qo‘shiqlar tomoshabinlarda katta taassurotlar qoldirdi.
- O‘quvchilik davrimdayoq san’at shaydosi bo‘lganman, - deydi Xosiyat opa Shodiyorova. - Musiqa fani o‘qituvchimiz Abdusamad Mamatqulovdan san’at sirlarini qunt bilan o‘rgandim. Shu sababli maktabimizda bo‘ladigan tadbirlarning doimiy ishtirokchisiga aylandim.
Keyinchalik tuman Madaniyat uyida Keldibek aka Rasulov, Qodir aka Haqberdiev, Ne’mat Ro‘ziqulov, Soatmurod Normatovlardan rubob chalish, qo‘shiq kuylash sirlarini o‘rgangan Xosiyat Shodiyorova tuman va viloyat miqyosidagi tadbirlarda ishtirok etib, ko‘pchilikning olqishlariga sazavor bo‘ldi. Respublika radiosi va televideniyasida bir necha bor o‘zining talantini namoyish etdi.
1996-yilda “Mingchinor”mahallasi hududida tashkil etilgan”Chanqavuz” va tuman “Chavqi” folklor-etnografik ansambli bilan Respublika miqyosidagi san’at konkurslarida, konsertlarida ishtirok etdi. Xosiyat opaning farzandlari ham onalari izidan borishdi. “Oilaviy ansambllar” viloyat ko‘rigida birinchi o‘rinni egalladilar. Xosiyat opa san’at sohasida juda ko‘p faxriy yorliqlar, diplomlar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
- Bir armonim shuki, oilaviy sharoit tufayli san’at sohasida o‘qishga kiraolmay qoldim, - deydi Xosiyat opa. - Bunga javoban marhum turmush o‘rtog‘im (oxiratlari obod bo‘lsin):
- Xafa bo‘lma, qancha qo‘shig‘ing bo‘lsa o‘zim jon deb eshitaman, - deb ko‘nglimni ko‘tarardi. Yoshim bir joyga yetib borayotganiga qaramay hamon san’at shaydosiman.
Rabbim HOTAMOV.