20-son Bolalar musiqa va sanʼat maktabining “Isteʼdod” xalq cholgʻuchilari ansambli Durdona Nurmatova rahbarligida Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan “BЫZ BAQЫTTЫ BALAMЫZ” Xalqaro koʻrik-tanlovida ishtirok etib, faxrli 3- oʻrinni qoʻlga kiritdi va 2024-yilda Boku shahrida boʻlib oʻtadigan navbatdagi tanlovda qatnashish huquqiga ega boʻldi...

Qahramonimiz Durdona Nurmatova 22-ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktabining 5-sinfida oʻqib yurganida onasi Buviniso opa bu jajji qizalogʻining sanʼatga oshuftaligini sezib qolib, momiq qoʻllaridan ushlagancha 9-son Bolalar musiqa maktabiga yetaklab keldi. Maktabning taniqli sozanda rahbarlaridan biri Toʻxtamurod Aliqulov Durdonaning sanʼatga boʻlgan qobiliyatini yuqori baholadi. Durdona musiqa maktabining rubobchilar guruhida Toʻxtamurod Aliqulov rahbarligida taʼlim olishni boshladi. Qobiliyatli Durdona tez orada barcha tadbirlar va tanlovlarning doimiy ishtirokchisiga aylandi.
Ustozlari tavsiyasi bilan 2007-yilda sanʼat shaydosi Durdona Nurmatova Samarqand Sanʼat kollejida dutorchi mutaxassisligi yoʻnalishi boʻyicha taʼlim oldi. Oʻqish davomida Durdona ustozi, Sanʼat kolleji oʻqituvchisi Zulayxo Suyunovadan sanʼatning oʻziga xos sirlarini qunt bilan oʻrgandi. 10 xil turdagi cholgʻu asboblarini maromiga yetkazib ijro etadigan boʻldi. Viloyat va Respublika koʻrik-tanlovlari va tadbirlarida muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Sanʼat kollejini imtiyozli diplom bilan bitirgan Durdonaning ishxonasini 100 ortiq maqtov yorliqlari, diplomlar, tashakkurnomalar bezab turibdi.

Ayni paytda 20-son Bolalar musiqa maktabida faoliyat yuritayotgan Durdona Nurmatova 4 yildan buyon “Isteʼdod” jamoaviy dutorchilar ansamblini shakllantirib, yutuqlarni koʻpaytirishga bel bogʻlab kelayapti. “Isteʼdod” dutorchilar ansambli bilan Respublikamizning hamma shahar, qishloqlari va viloyatlaridagi tadbirlarda munosib ishtirok etib kelishmoqda.
– Yaqinda qozogʻistonlik taniqli sanʼatkor, Bolalar musiqa va sanʼat maktabi direktori J.Q. Tumuganiyeva tashabbusi bilan Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan “BЫZ BAQЫTTЫ BALAMЫZ” nomli tanlovda qatnashib, faxrli 3-oʻrinni egalladik. Shu bilan birga 2024-yilda Ozarboyjon davlatining poytaxti Boku shahrida boʻlib oʻtadigan yosh sanʼatkorlar tanlovida ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritdik, - deydi Durdona Nurmatova. – 2022-yilda Qozogʻistonning Olma ota shahridagi boʻlib oʻtgan yosh sanʼatkorlar tanlovida ishtirok etib kelgan edik. 2023-yil avgust oyida Rossiya Federatsiyasida boʻlib oʻtgan “Shou talantov” shiori ostida onlayin tarzida boʻlib oʻtgan konkursda 1-oʻrinni qoʻlga kiritdik. Qoʻlga kiritgan yutuqlarimizda ansamblimiz aʼzolaridan Nodir Abdukarimov (rubob), DinaraAnaturdiyeva (chang), Gulsevar Hayitboyeva (prina-dutor), Abror Hayitboyev (bubsi), Ulugʻbek Oʻrolov (doira), Shahzoda Norqulova (dutor), Fayoz Bahriqulov (dutor bas)lar oʻzlarining munosib hissalari qoʻshdilar. Bu shogirdlarim maktabimiz faxri hisoblanadi.

– Oʻz sohasining bilimdoni Durdona Nurmatovaning samarali xizmatidan ota-onalarimiz behad xursand boʻlishmoqda, - deydi 20-son Bolalar musiqa maktabi direktori Obidjon Pardayev. - Yoshlarning sevimli ustozi Durdona Nurmatova maktabimiz faxri va iftixoridir. Bu ustoz bilan haqli ravishda faxrlanamiz.
– Qizim Marjona ikki yildan buyon ustozi Durdona Nurmatova rahbarligida dutor chertishning oʻziga xos sirlarini oʻrganmoqda, - deydi ota-onalardan biri Gulshoda opa Saitqulova. – Oilaviy tadbirlarimizda Marjona qizimiz dutorda ijro etgan ohangrabo kuylari bilan hammamizni raqsga chorlaydi. Bundan nihoyatda xursandmiz. Marjona qizimizning sevimli ustozi Durdona Nurmatovaning kelgusidagi yoshlarni tarbiyalashdek sharafli ishlariga ota-onalar nomidan omad tilaymiz.
Rabbim HOTAMOV.