Bulung‘ur tumani markazidagi 23-umumta’lim maktabida tuman "Nuroniy" jamg‘armasi va tuman faol xotin-qizlari tashabbusi bilan "Uch avlod vakillari" ga va referendumga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda 70-80 va undan ortiq yoshdagi keksa bobolar, momolar, o‘rta yoshdagi ota-onalar, hoji onalar hamda o‘smir yoshdagi yoshlar ishtirok etishdi.
Tadbir davomida tuman hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Nasiba Mamadiyarova, maktab direktori Malika Tosheva, mehnat faxriylari bo‘lgan hoji onalardan faxriy o‘qituvchilar Xosiyat Sanaqulova, Gulsara O‘rolova, nuroniy bobolardan Jomonqul Qulmatov, Mamasharif Ne’matov, Isoxon Usmonovlar kelajagimiz vorislari bo‘lgan yoshlarimizga o‘zlarining hayotlari haqida maroq bilan hikoya qilib berishdi.
Yoshlarimiz ayni bilim oladigan payt, ko‘p kitob o‘qish kerakligi haqida qimmatli maslahatlarini berdilar. Boshlovchi 9-"b"sinf o‘quvchisi Rayxona Ne’matova tadbir davomida ona Vatan haqidagi she’rlarni o‘qib berdi. Maktabning havaskor raqqosa qizlari onalar, momolar va bobolar bilan birgalikda "Bahor valsi" musiqasiga raqsga tushdilar.
Shuningdek, nuroniylar yoshlar bilan sportning shaxmat, shashka turi bo‘yicha musoboqalashdilar. Tadbir davomida “Konstitutsiya meniki, seniki, bizniki! Konstitutsiya o‘zimizniki” shiori ostida referendumning muhim ahamiyati haqida nuroniylar hayotiy voqealar asosida gapirib o‘tdilar. Bu tadbir ishtirokchilarda katta taassurotlar qoldirdi.
Раббим ҲОТАМОВ