Baxshi shoir Fozil Yo'ldosh o'g'li vafot etganidan so'ng uning do'stlari, muxlislari bo'taday bo'zlab qoldi. Endi to'ylarimizda, davra va yig'inlarimizda bizga kim dostonlar, terma qo'shiqlar aytadi? Hammani mana shusavol qiynardi. Shoirning o'rni har dam o'zini bildirib turardi. "Yiqilmaydigan polvon, ketmaydigan mehmon yo'q" degan naqlga amal qilib, asta-sekin odamlar ayriliq azobiga, judolik dardiga ko'nika boshlaydi...O'sha paytlari kechalari osmachiroq atrofida qo'ni-qo'shnilar yig'ilishib, onalarimiz, opa-singilarimiz hangoma qilishib, biri urchuq yigirar, biri kashta tikishar edi. 80 yoshni qoralayotgan qo'shnimiz Ulug'oy opa Xoljigitova o'sha davrlarni shunday eslaydi:
- Qishlog'imizning bir chekkasida kichkinagina hovlida Pardaxol xola va u kishining qizi Anzirat yashardi. Kechki payt har kuni qishloq ayollari navbat bilan bir-birimiznikida to'planardik, gohida mehmonlar ham kelib qolishardi. Shunda sho'h-shodon Anzirat qurg'ur davradagilarga:
- Sizlar mening paxtalarimni chivib berasizlar, men sizlarga doston o'qib beraman, - deb shart qo'yardi.
Bizlar jon-jon, deb bunga rozi bo'lardik. Chunki, u dostonni maromiga yetkazib aytardi. Ijro mahorati shu qadar kuchli ediki, ovozida sehr bordek edi. Butun vujudimiz quloqqa aylanib, doston tinglardik. Bu hol deyarli har kuni takrorlanardi. Kechasi dostonlar tinglasak, kunduzlari uni bir-birimizga so'zlab charchamasdik. Bir so'z bilan aytganda, dostonlar ichida yashab yurgandek his qilardik, o'zimizni. Bu gurunglar bir necha yillar davom etdi.
Keyinchalik osma chiroqlar va davrapiliklar o'rnini elektr lampochkalari egalladi. Qishlog'imizning turmush tarzi biroz yorug'lashgandek bo'ldi. Elektr chirog'idankeyin radiokarnay, patefon kirib keldi. Endi odamlar radiodan yoki gramplastinkalardan kuy va qo'shiqlar eshita boshlashdi. Baxshi shoirning vafotidan so'ng tumanimizdan boshqa bunday shoir chiqmadi. Xalq og'zaki ijodi ham o'zining mangulikka daxldor san'at ekanini, tarixan insoniyatning uzoq o'tmishiga borib taqalishini, ma'lum bir sabablar bilan muayyan bir muddat e'tibordan soqit qilingan bo'lsa-da, xalqning xotirasidan butkul o'chib ketmasligini bot-bot isbotlab kelmoqda.
Narzulla FOZILOV,
Fozil Yo'ldosh o'g'lining nevarasi, tarixchi:
- Bobomning farzandlari ketma-ket qiz tug'ilavergach to'rtinchi qizining ismini Ulbo'sin qo'yadi. Shundan keyin ham beshinchichi farzandi qiz tug'iladi. Kenja qizlariga To'qsuluv, deb ism qo'yishadi. Keyin bobom avlodimni davom ettirish uchun o'g'il nevaralarimdan birini "O'g'lim qilib olaman", degan qat'iy fikrga keladi. Bu niyatini amalga oshirish maqsadida ikkinchi qizi, onam Hayitgulni huzuriga chaqirib shunday deydi:
- Hayitgul qizim, yoshim ham bir qoraga borib qoldi. To'g'ri, barcha nevaralarim ham bir-biridan shirin, hammasini birdek yaxshi ko'raman. Lekin, shular ichidan eng yoqimtoy, yuragimga yanada yaqin nevaram, o'g'ling Narzullaga familiyamni berib, unio'g'il qilib olsam. O'zi ham ko'zga ko'rinib qoldi, 4 yoshga kiryapti, shunga sen nima deysan, - deydi.
Onam:
- To'g'risini aytsam, o'g'il ko'rmadingiz, deb yuragimiz ezilib yurardi. Bu fikringiz opa-sing-limlarga ham juda ma'qul keladi, ota, - deydi.
Shu tariqa uch-to'rt yoshimda mening tug'il-ganlik to'g'risidagi gu-vohnomamni arizaiga ko'ra o'zgartirib, meni o'zining familiyasiga rasman o'tkazadi. Shu tariqa 1954 yildan e'ti-boran familiyam Fozilov bo'lib qoladi.
20 dan ortiqnevaralari bor. Men bobomni elas-elaseslayman. Har-har zamonda meni otning oldiga o'tqazib, qayer-largadir olib borardi, Davradagilarga menga ishora qilib "bu o'g'lim bo'ladi", derdi chamamda. Qo'liga do'mbirasini olib, keyin bilsam, dostonlar kuylar ekan. Nari borsa bir-ikki soat toqat qilib, keyin uxlab qolardim. Keyinchalik ham onam biz farzandlariga bobom haqida, qolaversa, u bilan bog'liq turli xil voqealarni so'zlab berardi. U bilan doimo faxrlanishimizni bot-bot takrorlardi.
Men shunday bir buyuk zotning nevara-o'g'li bo'lgаnimdan xaqli ravishda faxrlanaman. Bobom-ning 150 yillik yubileyi munosabati bilan tumanimizda keng ko'lamli obodonlashtirish ishla-ri olib borilyapti. Uy-muzeyi qayta qurilib, ayni paytda bu dargohni jihozlash ishlari olib borilyapti. Bu xayrli ishlarga bosh-qosh bo'lib turgan barcha viloyat, tuman rahbarlariga o'z minnat-dorchiligimni bildiraman.

Lola SULTONOVAnevarasi,
ijodkor:
- Onam juda oddiy ayol edi. Yangi kiyim kiyishni xush ko'rmasdi. Agar unga yangi kiyim sovg'a qilishsa bir suvga botirib olardida:
- Men nimamga yangi ko'ylak kiyaman, mening ukam yoki akam bo'lmasa, nimamga shoyilarga o'ranib yuray, - deb juda kuyinardilar.
Onam boshlang'ich sinf o'quvchilariga dars bergan. O'quvchilari ba'zida meni ko'rib qolsalar:
- Onangiz juda yaxshi ayol edi, xech kimdan yordamini ayamaydigan, sodda va hokisor opa edi, siz onangizga juda o'xshaysiz, - deyishadi.
Onam yoshligimizdan bizlarga dostonlar, ertaklar aytib berardi. Keyin bilsam, onam bizga aytib bergan dostonlar bobomniki ekan. Bobomiz haqida onam bizga juda ko'p voqealarni aytib berardi. Bobomning savodi bo'lmaganligi sababli uning ko'p dostonlarini onam yozib bergan ekanlar. Qizlari ichida eng o'qimishlisi onam bo'lgan. Aytishlaricha, onam to'rt-beshta qalamning uchini chiqarib, yozishga tayyorlab qo'yar ekan. Chunki, bobom bir doston boshlasalar besh-olti soat to'xtamasdan aytar ekan. Keyin otalarining hafta-o'n kunlab safarga chiqishlari, Toshkentga borsa bir oylab uyga kelmasliklari sababini va to'y-tadbirlardagi ishtirokini maroq bilan so'zlab berardi.
Qiz bola onasidan ko'rganlaridan o'rnak oladi, deyishadi. Balki, mening kitobga qiziqishimga ham onam sababchi bo'lgandir. Bobomning qo'shiqlarini, termalarini yodlashga harakat qilardim. Ertaklar, dostonlar eshitib voyaga yetganligimiz sababli haligacha aka-ukalarimizning kitobga mehri bo'lakcha.
Bobom juda bag'rikeng inson bo'lgan ekanlar. Shu bois bo'lsa kerak, onamning ta'kidlashicha, uylaridan mehmon arimagan ekan. Hatto, folklorshunos olima Muzayyana Alaviya ham yosh bolasi bo'lishiga qaramay, bobom kuylagan dostonlarni yozib olish maqsadida, qolaversa, xalq og'zaki ijodini yanada chuqurroq o'rganish uchun ularnikida oylab turganliklarini, yosh bolasiga birga qaraganliklarinimaroq bilan eslardi.
Mening shunday sodda onam bor edi,
Kamsuqum-u, juda oqila edi,
Mehr-muhabbatla purviqor edi,
Har doim eslayman, ko'zda yosh ila.
Ha, baxshi shoirning avlodlari, nevaralari, ko'plab chevara-avaralari, qolaversa biz izdoshlari o'zbek dostonchiligining buyuk namoyandalaridan biri - bobomiz Fozil Yo'ldosh o'g'li bilan har qancha farxlansak arziydi.
Xolboy QOSIMOV,
jurnalist.