...Elni yov bosib, oqposh-shoning zulmi tobora oshib, qamchisidan qon tomayotgan qaxatchilik yillari. Salkam yigirmayoshni qarshilayotgan Foziljon shoir sifatida ancha tanilib qolgan, el-yurt koriga yarab, qadam olishlari xalqqa ma'qul bo'la boshlagan kezlar. Biroq uning bu xatti-xarakatlari, to'g'ri so'zlari, chiqishlari, yozgan she'rlari tabiiyki hukumatga yoqmas, shu bois uni yo'q qilish payiga tushgan sotqinu-amaldorlar ham yo'q emasdi. Enasi ham "tilingni tiy, zo'rlar bilan tortishmay yur", deydi. Hamma oqposhshoni yomonlar, birov bilan birovning ishi yo'q. Fozilning ham kuniga yaraydigan kishi yo'q. Ahvol shunday qaltislashib turgan bir mahalda uni so'roqlab Jizzaxdan G'allaorolga Mulla Azim kelib qoladi. Fozilning ko'zlari sevinch yoshlariga to'ladi. Mulla Azim xolasining o'g'li bo'ladi. Ikki bo'la uch kecha-kunduz birga bo'lib gurunglashadi. Ikkiovlon davrini suradi. Fozilning onasi ham jiyaniga parvona bo'ladi.

Shogirdining yetilganini ko'rib Yo'ldosh shoirning dimog'i chog' bo'ldi, el oldida yuzi yorug' bo'ldi. Mehnatlari zoe ketmaganidan boshi osmonga yetdi. Shunday kunlarning birida Fozil onasidan ayriladi, uchqur qanotlari qayriladi. Ana shunday tog'idan ayrilgan Fozil shoir do'mbirasini qo'liga olib, nolib turgan joyi:
Ko'nglimga qil sig'mas, xafaman,
Qabrini quchoqlab o'paman,
Meni deb umrini o'tkazgan,
Onamni qaerdan topaman.
Onasining ma'rakalari o'tib bo'lgach, oradan ma'lum bir fursatdan so'ng, Yo'ldosh shoir turmush o'rtog'i hamda aka-ukalari bilan maslahatlashib, qolaversa, Fozilning qarin-doshlari rayini qaytarmasdan,kenja qizi Zavrani unga nikohlab beradi. To'y ham to'y bo'ldi, ko'p qo'shiq va kuy bo'ldi. Mehmonlar ko'p kelishdi, yoshlar o'ynab kulishdi. Baxshi shoirlar ham bo'sh kelishmay, o'yin-kulgilarga jo'r bo'lishdi. Bir ajoyib davra bo'ldi. Fozilning bir degani bor ekan, omadi chopdi. Sevgan yori ila, bir vafodori bilan baxtiyor hayot kechira boshladi. Shu tariqa Bulung'urning ikki zo'r shoiri qaynota-kuyov bo'ldi. Oylar, yillar bir-birini quvib o'tayapti. Zavra ham ko'p o'tmay ikkiqat bo'lib, oyi-kuni to'lib, Fozil shoirga bir qizcha hadya qildi. Qizchaning otini Melixolqo'yishdi. Endi kuchini to'plash kerak, ro'zg'orini butlash kerak. Tevarakda esa yoru-do'st, baxshi shoirlar ko'paymoqda. To'ylarda "Chavqi" o'yinlari,baxshi-shoirlarning chiqishlari tobora avjiga chiqmoqda.
"Umr oqar daryo", de-ganlaridek, ustozi Yo'ldosh shoir ham omonatini egasiga topshirdi. Fozil shoir qattiq qayg'uga botdi, ancha kun o'ziga kelmay yotdi. Lekin na chora, Allohning irodasi deganlariday, taqdirga tan bermasdan iloj yo'q edi. Ustozlari ham birin-ketin olamdan o'tib ketdi. Endi ularning yo'lini davom ettirishi lozim.

Ota to'rda, bola go'rda xudoyim,
Yurakkinam burda-burda xudoyim,
Tilay-tilay olgan o'g'lim edi-da,
Bersang umri bilan ber-da xudoyim.
Baxshi shoir o'ylab qarasa odamdan bu dunyoda o'g'il-qiz qolarkan, bir yaxshi so'z qolarkan. Boshidan kechgan og'ir bolalik yillarini, yuqoridagi singari o'tgan musibatli kunlarni, o'z zamonasining alg'ov-dalg'ovli voqealarini "Kunlarim" dostonida keng va atroflicha tas-virlaydi. O'lganning ustiga tepganday, xotini Zavraga xudo bir dard berib, ancha zaif bo'lib qoladi. Fozil shoirga qayta uylanishni taklif etadi. Uning gapida ham jon bor. Osmonda ham quyosh bo'lsin, oy bo'lsin, otning izini bosadigan toy bo'lsin ekan. Baxshi shoir sirdosh jo'ralari bilan maslahatlashib, bir qarorga kelishib, bir bandai mo'minning qiziga sovchi yuboradi. O'n sakkiz yoshni qoralab qolgan, o'zi oyday bu qizning ismi Xoldonoy edi. To'y bo'ldi, mehmonlar ham mo'l bo'ldi. Shoir bitganning bari to'yga taklif etildi. "Chavqi" o'yinlari avjiga chiqdi, Baxshi shoirlar ham bo'sh kelishmadi. Chor-atroflarni do'm-biralarning sehrli xonishlari tutdi.
O'sha yili Fozil shoir katta xotini Zavradan yana bir qiz ko'rib, otini Hayitgul qo'ydi, doya momolar ham boshdan-oyoq sarupolar kiydi. Oradan yana oylar, yillar o'tdi. Xoldonoyning ham ko'zi yoridi, g'am-tashvishi aridi. Birov suyundi, birov o'g'il bo'lmadi, deb kuyindi, nima bo'lsa ham qizchaning otini Pardaxol qo'yishdi. O'g'il o'g'il joyiga kerak, qiz qiz joyiga kerak. Hammasining o'z o'rni bor. O'g'ilmi-qizmi umri bilan, rizq-u-ro'zi bilan bergan bo'lsin, deb baxshi shoir Allohga shukronalar aytdi. Oradan bir yil o'tib Xoldonoy yana bir qizli bo'ldi. Buning otini keyingisi o'g'il bo'lsin, degan niyatdaUlbo'sin qo'ydi. Shoir ikkisi kam oltmish yoshida, 30-yillarning boshida katta xotini Zavraoydan yana bir qiz ko'rib, ismini To'qsuluv deb atadi. Shu tariqa oylar-yillar o'tib boryapti, farzandlar ham bekami-ko'st o'syapti, voyaga yetyapti. Ulbo'sin qizi uch yoshga kirganda Fozil shoir yana bir musitbatga duchor bo'ldi. 1931 yili guldekkina xotini Xoldonoy ikki qizni shoirga tashlab dunyodan o'tadi. Baxshining yana boshi qotib qoladi, ko'rgulik ekan. Fozil Yo'ldosh o'g'li shu tariqa ikki xotinidan besh nafar qiz ko'radi. O'g'li esa turmadi, peshonada bor ekan, deb taqdiriga tan berdi. Xudo bermasa tilab olib bo'lmaskan. Katta xotini Zavradan Melixol, Hayitgul hamda To'qsuluvlar, kichik xotini Xoldonoydan Pardaxol va Ulbo'sinlar ahil-inoq bo'lib, bir-birlariga mehrlari tovlanib voyaga yetishdi. Yillar ketidan yillar o'tib katta qizi Melixolni Loyqa qishlog'ilik Ochil degan yigitga uzatishadi. Undan tug'ilgan bosh nevarasiga Temur, ikkinchi nevarasiga Mahbuba deb ismlar qo'yishadi. Ikkinchi qizi Hayitgulni Kildon qishlog'ilik Mamatqulga, Pardaxolni esa Loyqa qishlog'idagi hamqishlog'iga uzatishadi. Ulbo'sin hamda To'qsuluvlar ham o'z baxtlarini topishadi. Topganlari bilan qo'sha qarishadi. Birin ketin farzandli bo'lishadi. Hamqishlog'i, baxshi-shoir usta Do'styor unga doimo dalda berib, ko'nglini so'rab: "Xudo o'g'il farzand bermaganidan keyin uni tilab olib bo'lmasa, sotib olib bo'lmasa. Lekin, manaviqizlaringning ham o'g'ildan kam joylari yo'q, qizi bor otaning hamdunyodan hech bir kami yo'q", deb bir so'z aytib turgan joyi:
Kuy-qo'shiqqa sozlab soling qizlarni,
Qiz tuqqan-da asli o'zi bizlarni,
Xudo bergan bu quralay ko'zlarni,
Farzand - Yaratgandan tortiq bo'ladi,
Bir xil qizlar uldan ortiq bo'ladi.
Baxshi shoirning Hayitgul ismli qizi ikki, Pardaxol to'rt, Ulbo'sin ismli qizi ham to'rt, kenja qizi To'qsuluv esa to'qqiz nafar farzandlarni voyaga yetkazishadi. Qizlarining hammasi vafot etishgan. Yigirmadan ortiq nevaralari, ko'plab chevara-avaralari bugungi kunda yetuk olimlar, ijodkorlar, ustoz-murabbiylar, tadbirkorlar sifatida yurtimizning barcha joylarida samarali mehnat qilishyapti.
Bir kuni Ulbo'sin xolaning to'ng'ich o'g'li Egamberdi uyiga yig'lab kirib keladi. Unga shu atrofdagi qitmir kishilardan biri: "Sening isming Egamberdi emas, Egamqul, chunki sening tog'ang yo'q, tog'asi yo'qlarni qul deydi", debdi. Shundayiga ham akasi yo ukasi yo'qligiga kuyinib, ichi idrab yurgan xolaga bu gaplar juda qattiq botadi, o'ylab boshi qotadi. Xo'rligi kelib, o'g'li Egamberdiga: "Mening tog'am sening ham tog'ang bo'ladi", deb o'zining tog'alarini axtarib turmush o'rtog'i Norqul aka bilan G'allaorol, Zomin, Jizzax taraflarga jo'naydi. So'rab-surishtirib Peshog'ar qishlog'idan tog'alarini topadi.
Axtarib topdim men tog'angni,
Endi kim yirtadi yoqangni.
Ko'p o'tmay tog'ang ham keladi,
Xo'p qiziq gurunglar bo'ladi.
Fozil Yo'ldosh o'g'li vafotidanso'ng Bulung'ur bulbulsiz qoladi. Davralarning fayzi-barakasi yo'qoladi. To'y tomoshalarda, ma'raka-mavridlarda atoqli shoirning o'rni seziladi, odamlar uni sog'inib eziladi. O'lgan o'ldi, endi qaytib tirilmaydi. Fozil Yuldoshday bir shoirni onasi bir tuqqan ekan. Bulung'urning bog'laridan shunday bir bulbul, baxshi-shoir chiqqan ekan. Kunlar botib, yana tonglar otaverdi. Xalq xech qachon o'zining ko'kragiga o'q otmaydi, xech qachon o'zining gavharini yo'qotmaydi. Xalq bunday gavharlarini asrab-avaylaydi, yuragining tub-tubiga joylaydi. Fozil shoirdan meros bo'lib qolgan dostonlar, xalq qo'shiqlari, termalari sevib o'qildi, bu insonning orqasidan ko'p rivoyatlar to'qildi.
1986 yilda Bulung'ur tumanining Fozil Yo'ldosh o'g'li nomli xo'jaligida O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi Suvonqul Abduqodirov rahbarligida "Chavqi" folklor-etnografik ansambli tashkil etildi. Bu ansamblga qishloqning 70-90 yoshli sara, donishmand oqsoqollaridan Hasan Qobilov,Meliboy Rahimov, Ismat Ermatov, Suyun Norbekov, Qo'ng'irboy Nomurodov, Abdulla Toshimov, Damin Toylonov, Sharif Mirzaev, Mamarasul Qulcho'raev, Eshonqul Arslonov, Abdulla Soatovlar hamda san'atga qiziqqan yoshlar a'zo bo'lishadi. Bu otaxonlar o'zlari yoshligida "Chavqi" o'yinlarida ijro etishgan xalq qo'shiqlarini, termalarini, laparlarini esga olishib, shuningdek, Fozil Yo'ldosh ijodiga mansub qo'shiqlar-termalarnikuylashib, o'z re-pertuarlarini boyitib bordilar hamda qadimiy qarsak o'yinlarini tikladilar. Bu jamoa 1988 yilda Xalq ansambli unvoniga sazovor bo'ldi. Sobiq ittifoq tuzumida Moskva shahrida o'tkazilgan Butunjahon folklor festivalida faol ishtirok etishib, ushbu san'at anjumanining laureati bo'lishdi. Shuningdek, folklor jamoalari o'rtasida o'tkazilgan ko'rik-tanlovlar va festivallarning bir necha bor g'olibi bo'ldi. Mustakillik, Navruz bayramla-rida, "Sharq taronalari"da mun-tazam ravishda qatnashib ke-lishyapti. "Boysun bahori" Xalqaro folklor festivallarida, Baxshichilik, Maqomchilik san'ati anjumanlarida faol ishtirok etishib, Fozil Yo'ldosh o'g'lining an'analarini munosib ravishda davom ettirishyapti. Uning dovrug'ini jaxon bo'ylab targ'ib etishda jonbozlik ko'rsatishmoqda. Ansamblning hozirgi rahbari Eshbek Nomurodov ham 2021 yilda O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi unvoni bilan takdirlandi.
Fozil Yo'ldosh o'g'lining iqtidorli shogirdlaridan biri, ijodkor Meliboy Rahimov 1990 yilda xo'jalik markazida Fozil Yo'ldosh uy-muzeyini tashkil qilish barobarida, ustoziga bag'ishlab "Umid so'qmoqlari" nomli doston yozdi. Meliboy bobo Baxshi shoirning yonida bir necha yillar mirzalik qilib, u kishining ko'pgina doston va termalarini yozib olgan. U ansamblning repertuaridagi "Yilboshi", "Chavqi bu", "Podato'p o'yini", "Chavgon ko'pkari", "Cho'pon-cho'liq podachi", "Bo'tasaloy", "Arpa pish, bug'doy pish" kabi kompozitsiyali dasturlarning muallifihamdir. Hozirgi kunda bu kishining ijodiy ishlarini o'g'li Nodir Rahimov davom ettirmoqda.
To'y-ma'rakalarda, gurunglarda Fozil shoirni ko'rgan, bilgan keksalar bilan suhbatlashishga xarakat qilaman. Ana shunday keksalardan biri Suyun Norbekov hikoya qiladi: "O'n yoshlarda edim, u paytlarda to'y bo'lsa kechqurun davraga gulxan yoqilardi, hamma gulxanning atrofini o'rab olishardi. Shunda har bir qishloqning yigitlari navbat bilan "Chavqi" o'yinini o'tkazishar edi. Ular qarsaq chalishib, qarsaq ohangiga mos ravishda kim o'zarga qo'shiq aytishardi, o'ynashardi. Qishlog'imizda bo'layotgan bir to'yda Fozil bobo ham qo'liga do'mbirasini olib, supachaga chiqib, "Burga" degan qo'shig'ini aytib bergandi. Yosh bola emasmanmi, bir eshitishdayoq bu qo'shiqni yodlab olgandim. Fozil bobo bo'g'doyrang, o'rtabo'y gavdalari ixchamroq kishi edi. U paytda shoir sakson yoshlardan oshgandi, u kichginagina do'mbirasini qo'yniga solib yurarkan. "Chavqi" ansamblining ishtirokchisi sifatida bu hazilomuz "Burga" qo'shig'ini hali-hanuz zavq-shavq bilan kuylab kelaman. Bu qo'shiq shunchalar jozibali, hayotiy ediki, uni kuylaganimda qo'llarim bilan badanlarimni tirnab, qashigan kishi bo'lib ijro etardim. Tomoshabinlar ham zavq bilan xandon otib kulishardi. Mana buyuk baxshi, oqin Fozil Yo'ldoshning chevarasi Sherzodjon ham bobo kasbim, deb qo'liga sozini oldi. Elimiz bundan ancha quvonib qoldi".
Fozil shoirning bugungi kunda Bulung'urdagi izdoshlaridan biri Sherqo'zi baxshi Norbekovdir. U 1981 yilda Fozil Yo'ldosh xo'jaligiida Suyun baxshi xonadonida tavallud topgan. Sherqo'zi baxshi bir qator ko'rik-tanlovlarda, san'at anjumanlarida qatnashgan, qolaversaTermiz sha-hrida bo'lib o'tgan birinchi Xalqaro baxshichilik san'ati festivalida ham faol ishtirok etib, "Eng yosh baxshi" nominatsiyasi g'olibi bo'lgan. Hozirgi kunda Sherqo'zibaxshi Samarqanddagi san'at va musiqaga ixtisoslashtirilgan maxsusmaktabda va Bulung'ur tumanidagi 9-son musiqa va san'at maktabida baxshichilik san'ati buyicha dars berib kelmoqda.
Ha, o'zbek adabiyoti dostonchiligining buyuk namoyandalaridan biri bo'lgan baxshi shoir Fozil Yo'ldosh o'g'li hamdabizga qoldirgan boy tarixiy merosi bilan avlodlari, izdoshlarihar qancha faxrlansa arziydi.
Umrining so'ngida qildi shukrona:
"Demak, mehnatlarim ketmabdi abas.
Mening besh o'g'lim-u, beshta qizim bor,
Menday o'lganlarga, qilarlar havas".
Xolboy KOSIMOV,
jurnalist.
jurnalist.