Uyi kuysin Oqposhshoning iloyim,
Aytganiga yuraditgan odam yo'q.
Sololmaydi bizga qiyomat qoyim,
Mardikorga boradigan odam yo'q.
O'tgan asrning boshlarida o'ttiz yoshni qarshilagan baxshi shoir hayotni, xalq turmushini, o'ziga o'xshagan kambag'allarning ayanchli ahvolini, dard va alamlarga boy har bir kunini yanada sinchkovlik, tiyrak nazar bilan kuzata boshlaydi. Oqposhshoning zulmi tobora oshib, qamchisidan qon tomayotgan, "salla desa kallasini olib keladigan" alg'ov-dalg'ovli zamonlar. Aytganini qildiryapti, bosh tortganni o'ldiryapti. Soliqlar kundan kunga oshib, xalq tinkasini qurityapti Shoir tili bilan aytganda: "Soliq, deb amaldorlar ko'p narsani tashib ketdi, odamlarning kiygani yirtiq-yamoq, choriq, yegani arpa bilan tariq bo'ldi, bir to'g'ram nonini yashirib yeydigan ko'p yomon zamon bo'ldi". Elning topganida baraka yo'q, hamma oqposhshoni yer mushtlab qarg'aydi. Bu ham kamlik qilganday hamma yoqni chigirtka bosib, ekinlarni vayron qiladi. Xalq "buyam o'lganning ustiga tepganday bo'ldi-da", deb zorlanardi. Biroq bu qayg'u-sitamlarning foydasi yo'q edi. Baxshi shoir xalqning boshiga tushgan mana shu tabiiy ofat to'g'risida "Chigirtka" nomli dostonini yozib, salkam o'n yillar davomida odamlar boshiga katta kulfatlar keltirgan bu sitamlarni asarda real voqelik sifatida to'laqonli aks ettiradi.
Fozil Yo'ldosh o'g'li o'sha davrlarda yuz bergan qo'z-g'olonlarga, urushlarga, xalqning og'ir turmushi bilan bog'liq voqea-hodisalarga, inqilobiy o'zgarishlarga ham, xalq kuychisi sifatida befarq qaray olmasdi. O'sha jarayonlarni, voqea-hodisalarni termalarida, o'lanlarida, qo'shiqlarida haqqoniy, jonli tarzda yoritishga astoydil harakat qilardi. 1916 yili bo'lib o'tgan, xalqimiz hayotida chuqur iz qoldirgan Jizzax qo'zg'oloni baxshi shoirning hayoti va ijodida muhim bir siyosiy jarayon sifatida ayniqsa, katta iz qoldiradi. Bu qo'zg'olon o'z-o'zidan yuzaga kelgani yo'q, albatta. O'sha yili chor Rossiyasining boshqa o'lkalaridabo'lgani kabi yurtimizda ham oqposhshoning buyrug'i bilan mardikor yig'ish ishlari boshlanib ketadi. Busiz ham oqposhshoning zulmi tobora oshgan, xalq turmushi kundan-kunga qashshoqlashib borayotgan, odamlarning sabr kosasi to'lgan bir paytda bu xunrezlikning amalga oshirilishi joylarda - qishloqlarda, ovullarda ham jiddiy norozichiliklarga, ur-yiqitlarga sabab bo'ladi...
Shunday og'ir kunlarning birida Fozil shoirga Jizzaxdan bir sovuq xabar keladi. U bo'lam Mullo Azim qazo qilgan bo'lsa kerak, degan xayolga boradi. Borib qarasa bo'lasining o'g'li, hali o'ttiz yoshga ham yetmagan Olimjon ilkisdan vafot etgan ekan. To'rt yoshli o'g'ilchasi Hamidjonni bag'riga bosib, Mullo Azimning kelini Komilaxon bevaqt tul qolibdi. Olimjonning ortidan yig'lab, Jizzaxday el qolibdi. "Essiz yigit, ayni yetishgan paytida ketibdi", deb ichi achishganidan Fozil shoir ancha mahal ko'z yoshlarini tiya olmaydi. Bo'lasi Mullo Azimga ta'ziya bildirib, unga sabr-qanoat tilab, hurmatiga qirq kechayu-kunduz shu xonadonda turib, bo'lasining yonida bo'lib, qo'lidan kelganicha daldalar berib, kelgan-ketganlarga qarashib turadi. Kutilmagan bu musibat bo'lasini, oilasini g'am-alamga cho'ktirib qo'ydi, alpday qomatini buktirib qo'ydi.
Kim erta, kimdir kech ketadi,
Kim kulib, kim yig'lab o'tadi.
Kim-kimning ohiga yetadi,
Bu dunyo hammadan qoladi.
Mullo Azim o'z zamonasining siyosiy yetuk, o'qimishli, yuz berayotgan barcha voqea-hodisalarga o'z munosabatini bildira oladigan, mustaqil fikrli, tashkilotchi, ijodkor bir kishi edi. Jizzax osmonida qora bulutlar charx urayotgan, xalqning bardoshi tobora tugab borayotgan kezlar. Mahalla-ko'yda, joylarda "Xalq ko'tarilarmish", "Olishuvlarga tayyorgarlik ko'rilayotganmish", degan gaplar baxshi shoirning qulog'iga tez-tez chalinadigan bo'lib qoldi. Bir kuni kutilmaganda bo'lasi unga: "Ko'rib turibsiz Foziljon, xalq qalqib turibdi, vaziyat kundan-kunga keskinlashib boryapti, siz zudlik bilan Bulung'urga qaytishingiz kerak", deydi. Shunda Fozil shoir bo'layotgan jarayonlarga qatnashishini xohlab: "Bo'la, yoningizda bo'lsam degandim, yordamim tegarmidi", deydi. Mullo Azim uning fikriga keskin e'tiroz bildiradi. Shundan so'ng bir-birini bag'riga bosib xayrlashishadi. Fozil otini qishlog'i tomonga qamchilaydi. Yo'lda ketayotib uning xayoliga bir fikr keladi. Jizzaxning bir chekkasida yashaydigan shoir do'stinikiga borib, ikki-uch kun u bilan diydorlashishga ahd qiladi...
"Oqposhshoning uyi kuysin, mardikorga odam bermaymiz", deb hamma joylarda g'alayonlar avj oladi. Bu harakatlar ayniqsa Jizzaxda keskin tus olib, g'azabga to'lgan olomon qo'liga shoxa, belkuragini olib, shiddat bilan markaz tomon yo'l olishadi. Maydonlar odamga to'ladi. G'ala-g'ovurlar, ur-yiqitlar avjiga chiqadi. It egasini tanimaydigan to'polonglar boshlanadi. Oqposhshoning ko'p sonli askarlari qo'zg'olanni bostirish uchun jon-jahdlari bilan harakat qilishadi. Qo'zg'olonchilarni ayamay savalashadi, ayamay otishadi. Qo'zg'olonga bosh bo'lgan tashkilotchilarni ushlab, turmaga tiqishadi. Kelib-kelib yana xalqqa qiyin bo'ldi, hangomaning zo'ri keyin bo'ladi. Qo'zg'olon ayovsiz bostiriladi. Bu qo'zg'olonni Fozil shoir do'sti bilan ko'rishadi, xalqning boshiga tushgan bu ko'rguliklarga hamdard bo'lishadi. Oqposhshoning amri vojib bo'ladi. Ko'p yigitlar, sho'rpeshona erkaklar, mo'ysafidlar ham mardikorlikka olinib, ro'zg'orlarida qiy-chuvlar, tashvishlar boshlanadi. Mullo Azim ham mardikorlikka olinib, Rossiyaning uzoq o'lkalaridan biriga jo'natiladi...
Mullo Azim mardikorlikka ketganidan, oilasiga ko'p musibatlar yetganidan so'ng Fozil shoir tez-tez ularnikiga borib, yosh ketgan Olimjonning onasidan, o'g'li Hamidjondan xabar olib turadi, uncha-muncha qarashib ham qo'yadi. Bo'lasi Mullo Azimnmng kelini Komilaxonga ham yaxshi gaplar gapirib, nasihatlar berib, uning ko'nglini ko'tarishga, koriga yarashga astoydil harakat qiladi. Olimjondan qolgan yodgorlik deb, hali buning ham kelajagi bor deb, Hamidjonga mehr qo'yadi, opichlab bag'riga bosadi. Bolaning ko'ngliga qarab unga ertaklar, qo'shiqlar aytib beradi. Komilaxonga qarab, bosh barmog'ini balandga ko'tarib, hali o'g'ling "shunday" yigit bo'ladi, deb uning ko'nglini tog'day ko'taradi.
Yig'lab turgan ko'zlar bir kun kuladi,
Shu ko'zlaring sevinch yoshga to'ladi.
Xudo degin, so'rayvergin Allohdan,
Hali o'g'ling "shunday" yigit bo'ladi.
Oradan bir yil o'tib Oktabr inqilobi bo'ldi. Kimga rohat, kimning azobi bo'ldi. Endi boshga tushganini ko'z ko'radi. Balki bug'doylar qop-qop bo'lar, yo odamlar sop bo'lar, eldan avval bir narsa deyish qiyin. Non-suvdan nasibasi uzilmagan, qal'a-qo'rg'oni buzilmagan ekan, oradan ko'p o'tmay Mullo Azim ham mardikorlikdan eson-omon qaytib keldi, ko'p vayron ko'ngillar obod bo'ldi. Ikki bo'la uch kechayu-uch kunduz bir birining mehriga qonmay, bir-biridan uzoqlashmay, rosa gurung qilishdi. Bo'lasi Fozil shoirdan yo'qligida oilasiga ko'rsatgan muruvvatidan, beg'araz yor-damidan juda xursand bo'ldi, ko'ngli tog'day ko'tarildi. Bu qo'zg'olonni o'z ko'zi bilan ko'rgan, uning tirik guvohi bo'lgan baxshi shoir ko'p o'tmay "Jizzax qo'zg'oloni" nomli tarixiy dostonini yozadi. Dostonda yuqorida ta'kid-langanidek qo'zg'o-lonning kelib chiqish sabablari, o'sha davrning o'ziga xos qiyin-chiliklari, xalqning og'ir ayanchli qismati, oqposhsho-ning zulm-zaqqumlari, real voqelik asosida haqqoniy aks ettiriladi. Shu bois ham bu asar xalqchil edi, eshitgan quloqqa manzur edi. 20-yillarda Buxoro amiri ham taxtini, oiladagi baxtini tashlab qochdi, unga afg'on diyori quchog'ini ochdi. Bir taloto'p zamonlar bo'ldi, tinch uxlash ham gumon bo'ldi. Bir joyda yo'qlik, bir joyda sho'xlik. Ko'p o'lkada urush, bir-birini qirish bo'lyapti. Yurtida esa chala savodsizlikni bitirish bo'yicha maktablar ochilyapti. Dars berishga savodli kishilar jalb etilyapti. Xalq turmushi biroz yaxshilanib boryapti.
Fozil Yo'ldosh o'g'li yon atrofida sodir bo'layotgan vo-qealarga, yangiliklarga ham befarq bo'lmadi. Davrruhi bilan hamnafas tarzda yaratilgan"Kunlarim", "Ochildov" va "Mamatkarim polvon" kabi dostonlari, termalari ham bunga misol bo'la oladi. Fozil shoirning "Mamatkarim polvon" dostoni ham real voqelikka asoslangan asarlardan biridir. Shoir Jomboylik polvon Muhammadkarim bilan bir necha marta suhbatda bo'lgan. Polvonning xalq manfaatlari yo'lida qilgan ishlarini o'z ko'zi bilan ko'rgan. Shoir dostonida zolimlar va mazlumlar o'rtasidagi hayot-mamot kurashini tasvirlab, Mamatkarim obrazi orqali xalqning haqsizlik va xiyonatga, johillik va zulmga qarshi g'azab va nafratini, isyonini badiiy jihatdan obrazli qilib tasvirlaydi
Fozil shoir Moskov tomon jo'nadi,
Yurgan sayin yo'llari ham o'nadi,
Ko'p muloyim ulovlarga minadi,
Yurgan daryo, o'tirganni bo'yra der.
Baxshi shoir ijod qilish barobarida XIX asrning 20-yillarida ko'plab baxshi shoirlar bilan ijodiy hamkorlik qilishga muvaffaq bo'ladi. Shoir tili bilan aytganda: "Bu zamonda baxshi-shoir ko'p, hammasi ham zo'r, bilmagani yigirma dostonni kuylaydi". Xatirchida Hamroqul, Toshkentda Berdi shoir, O'ratepada Mavlon baxshi shoirlar. Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo tomonlarda qanchasi. Hammasi bilan oshna-jo'ra bo'ldi, barining yuragiga kira bildi. Ular bilan tez-tez bordi-keldi qilib, ijodiy hamkorlik qildi. Shu bois bo'lsa kerak, ijodi tobora gullab-yashnadi. 1920-yillarning ikkinchi yarmi, 30 yillar baxshi shoirning hayotida, ijodiy faoliyatida ayniqsa, muhim o'rin tutadi. Xalq turmushidagi o'zgarishlar, mamlakat hayotida yuz berayotgan siyosiy jarayonlar, qishloq xo'jaligi sohasini kollektivlashtirish borasida olib borilgan sa'y-harakatlar, Katta Farg'ona, Tuyatortar, Kenagas kanallarining qazilishi bilan bog'liq bo'lgan umumxalq hasharlari jarayonlarini ziyrak nigoh bilan kuzatib borayotgan shoir bu voqea-hodisalarni, hamqishloqlarining yashash tarzlarini o'z termalarida, qo'shiqlarida, dostonlarida obrazli, haqqoniy tarzda, real voqelik asosida yoritishga astoydil harakat qiladi.
1935 yil baxshi shoir hayotida muhim birsiyosiy voqea yuz beradi. Uniilg'or kolxozchilarning 2-Butunittifoq s'ezdiga delegat qilib yuborishadi. S'ezdda faol ishtirok etgan shoir, anjumandan so'ng sobiq ittifoqning birinchi rahbarlari bilan suratga tushish, taniqli shoir va yozuvchilar bilan suhbatlashish sharafiga muyassar bo'ladi. Moskvada bir hafta bo'lgan shoirshaharning diqqatga sazovar joylarini, tarixiy qadamjolarini, muzeylarini tomosha qiladi vakatta taassurotlar bilan qishlog'iga qaytib keladi.
Birgina 30-yillardaFozil Yo'ldosh o'g'lidan 10 dan ortiq dostonlar yozib olinadi. "Intizor" (1930), "Shirin bilan shakar" (1931), "Mo'lla G'oyib (1933), "Balogardon" (1936), "Yodgor" , "Mashriqo", "Oshiq G'arib", "Rustamxon" (1937), "Go'ro'g'li" (1939) kabi dostonlari shular jumlasidandir.
Fozil shoir xalq dardi bilan yashadi. Davrning iztiroblari uningiztiroblari, yutuqlari uning quvonchi bo'ldi. Birgina 30-yillarda baxshi shoirdan o'nga yaqin dostonlarning yozib olingani ham "Intizor" (1930), "Shirin bilan Shakar" (1931), "Mo'lla G'oyib,
Shuni alohida ta'kidlash joizki, shoirning dostonlari o'sha davr nafasi bilan yo'g'rilgani, real voqealarga asoslangani bois el orasida tobora shuhrat qozonib boraverdi. Shoir o'zi yashagan zamonni o'tkir ko'z va teran zehn bilan kuzatib boradi. Shu bois bo'lsa kerak, dostonlari, termalari sermahsulligi, falsafiy mushohadalarga o'ta boyligi, voqea va hodisalarning real, haqqoniy tarzda aks ettirilishi, davr ruhiga hamohangligi bilan alohida ajralib turadi. Yuqorida bayon etilgan barcha tarixiy voqea va hodisalar, turmush kechinmalari Fozil Yo'ldosh o'g'lining buyuk bir shoir sifatida shakllanishida muhim rol o'ynadi.
Xolboy QOSIMOV,
jurnalist.