Bulung‘urlik savdo xodimi, sohadagi rahbarligi, tashkilotchiligi bilan nom qozongan inson Ne’mat Usmonqulov agar hayot bo‘lganida bugun 70 yoshga to‘lgan bo‘lardi
Ne’mat Usmonqulov menga qadrdon do‘st, asosiysi, ustoz edi. U savdo idorasining rahbari, men bosh hisobchisi edim. Birga ishlash jarayonida Ne’mat akadan hisobchilik yoki savdo ishinigina emas, hayotni o‘rganganman. U shunday odam ediki, biror masalada birov iltimos qilsa yoki yordam so‘rasa, hech qachon yo‘q demasdi. Uni oxiriga yetkazar va hal qilib berar edi.
U “Bulung‘ur” xo‘jaligidan uy olib, uni qayta qurdi. Do‘stlar xabarlashib turishdi. Onda-sonda “horma, bor bo‘l” qilib, turganlar ham bo‘ldi. U esa ishdan ortmagan holda boshqa do‘stlarni yo‘qlab turishga ulgurardi. Ustoz ishlash bilan birga dam olishni ham bilardi. U qo‘l ostidagilarga har yili dam olish, davolanishga imkoniyat yaratib berardi.
Hozirda farzandlari ota izidan borib, uning qila olmagan va amalga oshirolmagan ishlarini davom ettirishib, el-yurt va xalqimizning og‘irini yengil qilish maqsadida beminnat xizmat qilib kelmoqda.
Do‘stlarimizdan biri, mehnat faxriysi Ikrom Mamatqulov Ne’mat Usmonqulov haqida shunday deydi:
- U olijanob fazilatlarga ega bo‘lgan o‘zgacha bir inson edi. Mustaqilligimiz arafasida tashkil etgan xususiy jamiyatini “Farhod” nomi bilan atadi. Bu nom tashkilotga emas, do‘stimning harakatlariga, xarakteriga mos edi. Negaki, Ne’matjonning ishlarini pahlavon Farhodga qiyoslashga arzirdi.
O‘sha davrda “O‘zbekbirlashuv” degan katta idora ham o‘z faoliyatini zo‘rg‘a olib borayotgan kezlar edi. Tumanimizda unga aloqador xizmat shoxobchalarini saqlab qolishga erishildi va uning bazasida bo‘lgan 3 ta savdo tashkilotining bittasida N.Usmonqulov chorak asr mobaynida rahbarlik qildi. Bu davrda men tuman hokimining iqtisod bo‘yicha o‘rinbosari edim. Aholini ish haqi bilan ta’minlash pul tushumi bilan bog‘liq bo‘lib, ba’zi rejalarni bajarish 3-4 oygacha cho‘zilib ketar edi. Shunday qaltis vaziyatda Ne’mat Usmonqulov bunday holatdan chiqish yo‘lini topdi.
Uning taklifi bilan tushumlarni bank orqali 1 ta plastik kartaga o‘tkazdik va oradan bir kun o‘tib u Toshkent orqali tuman aholisiga naqd pulni yetkazib keldi. Bu aytishga oson edi o‘shanda.
Do‘stim odamlar uchun har qanday xizmatga tayyor turadigan, xolis fikrlovchi va do‘stlari, yaqinlari, umuman insonlarga o‘ta mehribon va davralarda dilkash inson edi. Bular shundan darak berardiki, N.Usmonqulovning o‘zi qobiliyatli va tinib-tinchimas yetuk mutaxassis bo‘lsa-da, har qanday rahbar tomonidan beriladigan topshiriq uning uchun bajarilishi shart edi.
Qadrdonlarda biri, shifokor, tibbiyot fanlari nomzodi Mamasoli Sodiqov hikoyalarinieshitganimda Ne’mat do‘stimni qaytadan kashf etgandek bo‘laman.
- Men shifokorman, - deydi u. - 1975 yilda Samarqand Davlat tibbiyot oliygohini tamomlab, tumanimizda ish faoliyatimni boshlaganman. U savdoda rahbar bo‘lishiga qaramay, biz tibbiyotchilar bilan ham yaxshi munosabatda edi. Hammaning ko‘ngliga yo‘l topa olishi, tezda muomalaga kirishib ketishi va insoniyligi ko‘zga tashlanib turardi.
Bir yili N.Usmonqulovning onasi kasallikka chalinib, tuman shifoxonasiga yotqizildi Muolajalarni boshladik. Ne’mat Usmonqulov onasi holidan xabar olish uchun shifoxonaga keldi.
- Bu kishi onam bo‘ladi, men o‘g‘liman, - dedi hayajon bilan. So‘ngra biz shifokorlar uning bezovta bo‘lmasligini va onaxonning sog‘ayib ketishini ta’kidladik. Shunda u xursand holatda bizlarga minnatdorchilik bildirgan edi. Ikkinchi voqea esa bir kuni uchrashganimizda uy sotib olayotganini ta’kidladi. Ittifoqo, o‘sha davrda tatar millati vakillari ko‘chib ketmoqda, uylari esa sotilmoqda edi. Biz ikkimiz shu orada 2-3 ta hovlini ko‘rgach, ulardan biri keyinchalik unga nasib etdi. Va shu bo‘ldi-yu, biz qo‘shni ham bo‘ldik.
Bulung‘ur farzandi Ne’mat Usmonqulov o‘rta bo‘yli, chayir, kamgap, vazmin odam edi. Oqara boshlagan kalta sochini, o‘ng tomonga tarab, ozoda kiyinib yurar edi. Uy-joyi doimo sarishta. Ko‘p hollarda “Ozodalik bor joyga baraka keladi,” deb qo‘yardi. Uning nigohi goho o‘ychan, goho quvnoq bo‘lib ko‘rinardi.
Ne’mat Usmonqulov peshona teri bilan topilgan narsalarni rejasi bilan o‘z o‘rnida sarflardi, iste’mol qilardi. Kiyinishida, uy-ro‘zg‘or tutishida, to‘y-ma’rakalarda kamtarlik yo‘lidan yurar edi.
Qisqa umri davomida hech kimning ko‘nglini qoldirmadi va amalga talashmadi. Bir qarich yer yoki o‘tkinchi amal ustida talashishdan foyda yo‘q ekanligini doimo ta’kidlardi.
Ne’mat Usmonqulov singarilarning beqiyos xizmatlari natijasida Respublika, viloyat, tuman miqyosida o‘tkazilgan ko‘rgazmali seminar va yig‘ilishlarda o‘zining nozik did egasi va yuksak odob sohibi ekanligini ko‘rsata oldi. Uni kamtarligi uchun hamma tanigan, hurmat qilgan. Arz bilan kelgan har bir kishiga alohida e’tibor bilan qarash, dardini tinglab, unga malham bo‘lish odati bor edi. Bu haqiqiy rahbarga xos fazilat.
Ne’mat Usmonqulov halq extiyoji uchun o‘zining huzur-halavotidan kechib, ertayu-kech is’temolchilar manfaati uchun jon kuydirgan inson edi. Uning aholi talab va ehtiyojini o‘rganishda alohida uslubi bor edi.
2015-yil 21-oktabr kuni Ne’mat Usmonqulov vafot etdi. Hozir oramizda bo‘lganida bo‘lganida u 70 yoshni qarshilar edi.
Mahalladoshi Rahmatilla Safarov hamisha Ne’mat aka bilan bog‘liq bir xususiyati haqida so‘zlashni xush ko‘radi.
- Sen rahbarni tushunsang, rahbar sening imkoniyatlaringdan ortig‘ini talab qilmasa, o‘z-o‘zidan ishing yurishadi, rejalaring amalga oshaveradi. Bunday suhbatlarda qadrdonimiz Ne’mat Usmonqulov haq gapni aytardi.
- Hammada imkoniyat degan tushuncha bor. Bu tushunchaning mag‘zini chaqa olgan kishigina qo‘lidan kelmaydigan ishlarga harakat qilavermaydi. Negaki, u qanchalik urinmasin, chiranmasin, imkoniyatidan ortig‘iga erisha olmaydi. Birov bilimdan, boshqasi hunardan, yana kimdir yaxshilik qilish jihatlari bo‘yicha boshqalardan ustun bo‘ladi. Agar ana shu imkoniyatlar darajasida ish tutilsa, hamma ko‘zlagan maqsadiga erishardi, - deyardi u.
- Ne’mat aka menga alohida hurmat ko‘rsatgan holda “Alijon uka” derdi, - deya so‘z boshlaydi Alijon Ahmedov. - U kishi barchaga alohida mehr bilan qarardi.
Shu narsa aniq yodimda, men 1995 yilda farzandimga to‘y qildim. Va bir kun avval uyiga borib to‘yga aytar bo‘lsam, dam olishga ketgan ekan. Oradan kunlar o‘tdi. To‘y o‘tib Ne’mat aka darvozadan kirib kelarkan:
- Alijon uka! Uzr, bir joyga ketgandim, bugun tabriklagani kelyapman, - dedi
akalarcha mehr bilan. Choy ichib, ovqat qilib rosa chaqchaqlashdik. Qarangki, o‘sha kuni tuman Madaniyat uyidan xonanda chorlagan ekan, xizmat qilib, 10 ga yaqin ashulalari bilan davraga fayz kiritdi.
1995-1997-yillar bo‘lsa kerak, tumanda halq is’temol mollari taqchilligining oldini olish maqsadida bankdan valyuta ayirboshlab, Qozog‘istonning Chimkent shahridan 60 vagon oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa zarur tovarlarni keltirib, tuman do‘konlariga tarqatganligi chin ma’noda uning fidoiyligidan darak berardi.
Ajoyib ustoz, ishbilarmon rahbar, yaqin do‘st Ne’mat Usmonqulov haqida qancha gapirsak shuncha kam. U bag‘rikeng, mehrli, sadoqatli, samimiy inson edi. Do‘stlari, shogirdlari, yaqinlari qalbida bundan buyon ham shunday bo‘lib qoladi.
Abduvali SULAYMONOV,
shogirdi.