Joriy yilning 6-8-may kunlari Sirdaryo viloyati Guliston shahrida xalqaro baxshichilik san’ati festivali bo‘lib o‘tadi.
Baxshi – terma, qo‘shiq va dostonlarni saqlovchi, yoddan kuylovchi, aytuvchi, avloddan-avlodga yetkazuvchi san’atkor, xalq dostonchisidir. Uning shirali ovozi, do‘mbirasidan taralayotgan kuy inson qalbini hayajonga soladi. Baxshichilik san’ati O‘zbekiston Respublikasi tomonidan reprezentativ ro‘yxatga kiritilgan nomoddiy madaniy merosning oltinchi elementi bo‘ldi. Bunga qadar ushbu ro‘yxatdan “Boysun tumani madaniy makoni”, “Katta ashula”, “Askiya”, “Palov madaniyati va an’analari” va “Lazgi” o‘rin olgan edi. Bundan tashqari, O‘zbekiston boshqa davlatlar bilan hammualliflikda “Shoshmaqom”, “Navro‘z” va “Miniatyura san’ati” nominatsiyalarini ilgari surishda ishtirok etdi.
Baxshi jonli xalq tilining turli shakllaridan, so‘z o‘yinlari va qochirmalar, xalq maqollari va iboralaridan unumli foydalanadi. Masalan, Po‘lkan shoir yetmishdan ortiq dostonni yoddan bilgan. Har bir doston ikki-uch ming satr, o‘n-o‘n besh, hatto yigirma ming misragacha she’rni, qariyb shuncha nazm qismni ham o‘z ichiga olishini hisobga olsak, xalq baxshilarining salohiyati, hayratomuz yodlash va esda saqlash qobiliyati, ijod qilish qudrati o‘z-o‘zidan ayon bo‘ladi. O‘zbekiston xalq baxshilari Bola baxshi Abdullaev, Shoberdi Boltaev, Abdunazar Poyonov, Boborayim Mamatmurodov, Qora baxshi Umirov, Shomurod Tog‘aev va boshqalar betakror ijrolari bilan baxshichilik san’ati rivojiga munosib hissa qo‘shdi. Yurtimizning Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Xorazm viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududlarida baxshichilik san’ati keng rivojlangan. Hozirgi kunda Bulung‘ur, Qo‘rg‘on, Shahrisabz, Qamay, Chiroqchi, Dehqonobod, Sherobod, Boysun, Xorazm hamda Qoraqalpoq dostonchilik maktablari mavjud. Ular bir-biridan ijro usullari va repertuarlari bilan farq qiladi.
Sirdaryoda ham o‘ziga xos baxshchilik maktabi bor. Buni Guliston tumanidagi Gulmurodovlar sulolasi misolida aytish mumkin.
Saidmurod Gulmurodov ko‘p yillardan buyon shu yo‘nalishda ijod qilib keladi. Endilikda esa uning o‘g‘li Dilmurod Gulmurodov ota izidan borib, Sirdaryoda baxshichilikni rivojlantirishga hissa qo‘shmoqda. Dilmurod bolaligidan otasi bilan viloyat va respublika miqyosidagi turli tadbirlarda, nufuzli tanlovlarda ishtirok etdi, katta sahnalarda o‘z san’atini namoyish etdi. Surxondaryodagi “Boysun bahori” va boshqa nufuzli san’at festivallarida qatnashib “Eng yosh baxshi” nominatsiyasiga sazovor bo‘ldi. Ayni paytda uning ham o‘z shogirdlari bor, musiqa va san’at maktablarida ham ushbu yo‘nalishda bolalarga saboq bermoqda. Demak, Sirdaryo baxshchilik maktabi davom etmoqda.
Ayni kunlarda xalqaro miqyosdagi festivalga tayyorgarlik ko‘rish ishlari nihoyasiga yetmoqda. Mazkur san’at bayramida baxshilardan tashqari 37 ta havaskorlik jamoalari ham ishtirok etishi kutilmoqda.
Shuhrat SUYАROV,
O‘zA muxbiri