Bahorning yog‘in-sochinli iliq kunlari boshlanishi bilan tog‘ yonbag‘irlarida, dala-dashtlarda turli ko‘rinishdagi zamburug‘ va qo‘ziqorinlar paydo bo‘ladi.
Ularning tarkibida odam organizmi uchun o‘ta muhim bo‘lgan uglevodlardan tashqari A, V5, R hamda S vitaminlari, shuningdek, kaliy, fosfor, natriy va temir moddasi mavjud bo‘lib, foydaliligi jihatidan qo‘ziqorin oqsili mol go‘shti oqsilidan ikki, baliqnikidan esa uch marta ustun turadi.
Iste’mol qilinadigan zamburug‘lardan dasht zamburug‘i va dala shampioni ancha xushta’m va mazali hisoblanadi.
Shartli ravishda iste’mol qilinadigan zamburug‘lardan smarachok va strachok mavjud. Ularni iste’molga tayyorlash texnologiyasini bilmaslik oqibatida zaharlanib qolish ham mumkin. Zamburug‘lar tarkibidagi shelvel kislotasi qonning suyulib ketishiga sabab bo‘ladi, jigar, buyrak, taloqni zaharlaydi. Bundan tashqari, strachoklar tarkibida geromitrin moddasi bo‘lib, ularni yuvganda suvda erimaydi va qaynatib yoki qovurib iste’mol qilinganda ham zaharlanish sodir bo‘lishi mumkin.
Iste’molga mutlaqo yaroqsiz zamburug‘lar tarkibida markaziy asab tizimiga ta’sir ko‘rsatadigan, yurak-qon tomir tizimi, jigar va buyrakni zararlaydigan, oshqozon-ichak tizimiga salbiy ta’sir etadigan o‘tkir zaharli moddalar mavjud. Bu moddalarning barchasi oz fursat qaynatilganda yoki qovrilganda parchalanmaydi. Tog‘ va adirlarga dam olishga chiqqan kishilar bilib-bilmasdan zaharli qo‘ziqorinlarni terib iste’mol qilishlari mumkin. Zaharlanish alomatlari qo‘ziqorin iste’mol qilgandan keyin 2-4 soatdan 12 soatgacha vaqt oralig‘ida yuzaga keladi. Zaharlanishlar qaysi mahsulotdan qancha iste’mol qilingani va odam organizmining holatiga ko‘ra har xil kechadi. Yurak qon-tomir va nafas olish tizimidagi falajliklar natijasida bemor o‘lim yoqasiga kelib qolishi mumkin. Birinchi yordam sifatida bemorga ichimlik sodasi qo‘shilgan 4-5 stakan iliq suv, kuchsiz margansovka eritmasi tayyorlab ichiriladi va til o‘zagi bosib qayd qildiriladi. Bu yordamni shifokor kelgunga qadar 3-5 marotaba takrorlash zarur.
Bozor, do‘kon va boshqa joylarda sotilayotgan sifati va xavfsizligiga kafolat bo‘lmagan, shuningdek, noma’lum kishilar tomonidan sotilayotgan yangi terilgan, quritilgan va marinadlangan qo‘ziqorinlarni iste’mol qilish sog‘lig‘ingizga jiddiy xavf solishi mumkin.
Bulung‘ur tuman SEO va JS bo‘limi axborot xizmati