Pedagogika kollejida “Biz bir boʻlsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida maʼnaviyat marafonining tuman bosqichi boʻlib oʻtdi. Marafonda soʻzga chiqqan Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi Bulungʻur tuman boʻlinmasi rahbari Akmal Toʻrayev, mehnat faxriysi Saparboy Aliboyev, Respublika din ishlari qoʻmitasi tuman vakili Ikrom Ravshanov, tuman bosh otinoyisi Muhabbat Boʻronovalar maʼnaviyatning jamiyat, jumladan yoshlar hayotidagi oʻrni, Vatan qadr-qimmati, bugungi tahlikali davrda har bir inson oʻzaro jipslikda Vatan uchun fidoyilik koʻrsatib xizmat qilishi zarurligi, buning uchun bugun yoshlarga berilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanib, ilm olishda yuksak choʻqqilar sari intilishlari kerakligi kabi mavzularda chuqur maʼnoli fikrlarini bildirishdi.

Tadbir davomida bulungʻurlik ijodkor yoshlar Vatanni, mehr-oqibatni madh etuvchi sheʼrlarini davra ishtirokchilariga tortiq etishdi. Samarqand Davlat chet tillar instituti 1-bosqichi talabasi Shohsanam Abirqulova, 2-umumtaʼlim maktabi oʻquvchisi Marjona Jalolova, 71-umumtaʼlim maktabi oʻquvchilari Gulhayo Oʻrolova, Dinora Boʻriboyeva, 13-umumtaʼlim maktabi oʻquvchisi Rayhona Namozovalarning sheʼrlari barchaga manzur boʻldi.

Tadbirda 2-umumtaʼlim maktabi oʻquvchisi Dilrabo Shokir qizi (Mahmudova)ning Toshkendagi “Fan ziyosi” nashriyotida chop etilgan “Siz hammadan yaxshisiz, ona!” nomli kitobining taqdimoti ham boʻlib oʻtdi. Shoiraning kitobdan joy olgan sheʼrlari tadbir qatnashchilariga oʻqib berildi va olqishlarga sazovar boʻldi.


