Tahririyatimizga har kuni turli soha xodimlari va fuqarolar har xil yumushlar bilan tashrif buyurishadi. Ayniqsa, gazeta bilan muntazam aloqada bo`lgan jamoatchi muxbirlarimiz tumanda o`tkazilayotgan madaniy-ma'rifiy tadbirlarni, yangiliklarni, bunyodkorliklarni hikoya qiluvchi mavzular, xabarlarni gazetada chop ettirish uchun yozma ravishda olib kelishadi, shuning barobarida o`zlarining ijod namunalarini ham tahlil qiladi, maslahatlashadi. Shular orasida hali yosh bo`lsada, adabiyotga dadil kirib kelayotgan, o`zining maftunkor va mazmunli she'rlari bilan o`z muxlislariga ega bo`lgan yosh ijodkor shoir Sanjar Isomiy ham bor.
Sanjar bir necha yildan buyon gazetamiz bilan uzviy aloqada. Tirishqoq, bir maqsad sari dadil olg`a intiladigan, qat'iyatli, har bir aytadigan gapini o`ylab so`zlaydigan, mushohada bilan ish yuritadigan, yosh, iste'dodli shoirlarimizdan biri. Uning har bir yozgan she'rida olam-olam ma'no bor. Shu boisdan ham uning she'rlari tezda o`z muxlislarini topdi. Nafaqat muxlislarini, balki yurtimizda ijod qilayotgan adabiyot darg`alarining ham e'tiboriga tushdi.
Sanjar tengdoshlari qatori qishloqda o`sib-ulg`aydi, maktabda o`qidi. O`qiganda ham chin dildan o`qidi. Ustozlarining har bir o`gitiga qat'iy amal qildi. Uyda ham bo`sh qoldi deguncha qo`liga kitob olardi. Ayniqsa, she'riy to`plamlarni mutolaa qilishni juda xush ko`rardi. Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Shavkat Rahmon kabi taniqli adiblarning kitoblari, she'riy to`plamlarini qo`ldan tushirmasdi. Bora-bora o`rta maktabning yuqori sinflarida o`qib yurgan kezlari o`zi ham she'rlar yoza boshladi. Lekin tortinchoqligi tufayli birorta she'rini boshqalarga ko`rsatmadi. Qishloqdan nari chiqmagan Sanjar maktabni tugallab jurnalistikaga emas, Samarqand Davlat universitetining kimyo fakultetiga hujjatlarini topshirib, shu yili talaba bo`ldi. Oliygohda o`qish barobarida ijod bilan ham shug`ullanishni kanda qilmadi.
Dastlab oliygoh talabalari o`rtasida o`tkazilgan she'riyatga bag`ishlangan kechada o`z ijod namunalaridan barchani bahramand qilgan Sanjar "Ilhom" mukofotini qo`lga kiritdi. Shundan so`ng ham o`tkaziladigan har bir tadbirda, bayramlarda tadbir ishtirokchilariga o`z ijod namunalaridan o`qib bera boshladi. Tezda tengdoshlari, kursdoshlari va ustozlari e'tiboriga tushdi. Bir kuni ustozi Obidjon Tilyayev yoniga chaqirib, uning ijodi bilan yaqindan tanishdi, maslahatlashdi, barcha yozgan she'rlarini bir joyga to`plashni, o`zi homiylik qilib nashriyotda chop ettirishini bildirdi. Sanjar ustoz aytganidek qildi. To`plangan she'rlarini taniqli shoir ustozlarga ko`rsatib, tahlil qildi. Oradan biroz fursat o`tib, ya'ni 2021-yilda domlaning homiyligi asosida "Fan bulog`i" nashriyotida "Ulg`ayish azobi" nomli ilk she'riy to`plami nashrdan chiqdi. Domla nafaqat kitob nashriga homiylik qildi, balki, undan so`ng ham to`xtab qolmadi. Endigi navbat yosh ijodkorning ilk to`plamini boshqa xalqlar tiliga ham o`girib, dunyo xalqlariga taqdim etish edi. Shunday ham bo`ldi, domla tarjimonlarni ham topdi. Kitob ingliz va nemis tillariga tarjima qilinib, o`nlab xorij davlatlarida sotuvga chiqarildi. Ayni paytda Amazon xalqaro elektron kitob do`konida dunyoning 29 ta davlatida sotuvda. Qisqa fursatda bunday ijobiy natijalarga erishishida Obidjon domlaning hissasi beqiyos ekanligini Sanjar bot-bot mamnuniyat bilan esga oladi.
Oliygohni tugatgach Sanjar dastlab bir muddat tumanimizdagi 46-o`rta umumta'lim maktabida Ijodiy-madaniy ishlar bo`yicha targ`ibotchi lavozimida ishladi, so`ngra shu faoliyatini 30-umumta'lim maktabida davom ettirdi. Maktabda "Ijod" to`garagini tashkil etdi. To`garakka maktabdagi ijodga, she'riyatga qiziqadigan, madaniyat, sport va san'atga qiziqadigan iste'dodli o`quvchilarni tanlab oldi. Avvalo, maktab bo`yicha tanlovlar, musobaqalar o`tkazdi. G`olib bo`lganlarni tuman bo`yicha o`tkaziladigan ko`rik-tanlovlarga, musobaqalar va bellashuvlarga tayyorladi. Mehnatlar besamar ketmadi. Tuman miqyosida o`tkaziladigan barcha bellashuvlarda to`garak a'zolaridan Jasurbek Salaydinov, Shaxzod Abduvaliyevlar faxrli o`rinlarni qo`lga kiritishdi.
2022-yilda to`garak a'zolari Jizzax shahridagi Zulfiya va H.Olimjon nomidagi ijod maktabiga sayohat qilishdi. Bunda o`quvchilar o`zbek adabiyotiga munosib hissa qo`shgan adib va adibaning ijod namunalari, hayoti bilan tanishishga muyassar bo`lishdi. Kelgusida ulardek bo`lishni niyat qilishdi.
2022-2023-o`quv yili yakunida Prezident tashabbusi bilan "5 tashabbus Olimpiadasi"ning 1-mavsumida Sanjar Toshbekov ishtirok etib, tumanda faxrli 1-o`rinni egallab, viloyat bosqichiga yo`llanmani qo`lga kiritdi. Hali viloyatga borgunicha birmuncha fursat borligi, viloyatda talab yanada kuchli bo`lishini his etgan Sanjar puxta tayyorgarlik ko`rdi. Natija esa yomon bo`lmadi. Viloyatda ham faxrli 1-o`rinni qo`lga kiritib, Respublika bosqichiga yo`llanma oldi. Respublika bosqichida o`ziga o`xshagan mana-man degan, o`qigan, ilmli, shijoatli, g`ayratli ishtirokchilar bor edi.Yakuniy tanlovda barcha ishtirokchilarning maqsadi bitta, u ham bo`lsa yuqori o`rinlardan biriga erishish. O`ziga ishonchi baland Sanjar bellashuvda faxrli o`rinlardan birini egallash uchun qat'iyat bilan harakat qildi. "Mushoira" ko`rik-tanlovining respublika bosqichida hay'at a'zolarining barcha talablariga to`liq javob bergan Sanjar 2-o`rin sohibi bo`ldi va 10 mln so`m pul mukofoti, 150 ta kitoblar jamlanmasi, qimmatbaho sovg`alar bilan taqdirlandi. Shuningdek, tuman hokimi tomonidan planshet va kitoblar jamlanmasi taqdim etildi.
2022-yilda "Vatan taraqqiyotiga mening hissam" shiori ostida o`tkazilgan Respublika ko`rik-tanlovining adabiyot va publisistika yo`nalishi bo`yicha qatnashib, tuman bosqichida faxrli 1-o`rin va viloyat bosqichida 2-o`rinni qo`lga kiritib, qimmatbaho sovg`alarni qo`lga kiritdi.
Joriy yilda "Eng faol targ`ibotchi" shiori ostida o`tkazilgan ko`rik-tanlovda ham Sanjar faol ishtirok etib, tuman va viloyat bosqichlarida faxrli 1-o`rinni egallab, Respublika bosqichi ishtirokchisi bo`ldi.
Ma'lumki, har yili respublikamizning eng so`lim va bahavo go`shalaridan biri bo`lgan Zomin dam olish maskanida mustaqil Vatan adabiyotiga munosib hissa qo`shayotgan yosh ijodkorlarning navbatdagi an'anaviy Zomin seminari bo`lib o`tdi. 3 kun davom etgan ushbu seminarda respublikamizning turli viloyatlari va Qoraqalpoq Respublikasidan 100 ga yaqin yosh ijodkorlar hamda o`zbek adabiyotiga munosib hissa qo`shayotgan Dilorom Ergasheva, Mahmud Toyir, Salim Ashur, Rustam Musurmon, G`ayrat Majid, Sirojiddin Said kabi taniqli shoir va yozuvchilar ishtirok etishdi.
Ochiq tabiat qo`ynida o`tkazilgan ushbu seminarda asosan yosh ijodkorlar bir-birlari bilan yaqindan tanishishdi, tajriba almashishdi, muloqotda bo`lishdi, ijodlari hamda kelgusi rejalari bilan o`rtoqlashishdi.
Navbatdagi an'anaviy Zomin seminarida Sanjar Isomiy "Xirgoyi" va "Majnuntol haqida ballada" she'rlarini ifodali o`qib, barcha ishtirokchilarning e'tirofiga sazovor bo`ldi.
To`lqin SHERBOYEV,
"Bulung`ur hayoti" gazetasining maxsus muxbiri.