Bolaligi va o'smirlik davrlari tug'ilib o'sgan qishlog'i - Erganaklida o'tgan, tengdoshlari bilan ko'cha changitib ulg'aygan Saparboy Aliboyev yoshligidan ilmga chanqoq edi. Hali maktabdalik paytidayoq sinflar o'rtasidagi turli tadbirlar va kechalarda faol ishtirok etar, kezi kelganda tadbirlarni boshqarar edi. O'rta maktabni tugatgach, barcha sinfdoshlari o'zlari tanlagan oliygoh va bilim yurtlariga hujjat topshirib, ko'pchiligi talaba degan nomga sazovor bo'lishdi. Saparboy ham avvaldan o'zi xohlagan Toshkent poligrafiya texnikumiga hujjat topshirib, talaba bo'ldi.
Texnikumni tugallab, tumandagi bosmaxonaga oddiy sahifalovchi bo'lib ishga kirdi. U paytlarda asosan hozirgi "Bulung'ur hayoti" gazetasi chop etilardi. O'qish boshqa, amaliy ish boshqa ekan. Bosmaxonada ishchilar uchun sharoitlar haminqadar, ishchilarning mehnati naqadar og'ir ekanligini ko'rdi. Barcha ishlar qo'l mehnati bilan bajarilar edi. Ertalab soat sakkizdan kech soat 10-11 gacha... ba'zan tong otguncha ishlagan paytlar ko'p bo'lgan. Shu sharoitda bosmaxonada 10 yil sahifalovchi bo'lib ishlagan Saparboy Aliboyev bosmaxonaning barcha sir-asrorlarini puxta o'zlashtirdi. Ishdan bir muddat bo'sh qoldi deguncha o'zi ham gazetaga maqola, xabar va kichik-kichik hikoyalar yozishga ulgurardi. Ish jarayonida ko'rdiki, hali bu sohada yanada ko'p bilimga ega bo'lishi kerak ekan. Buni o'z vaqtida to'g'ri anglagan S.Aliboyev hujjatlarini Jizzax Pedagogika institutining O'zbek tili va adabiyoti fakultetiga topshirdi. Oliy ma'lumotga ega bo'lgach 14 yil bosmaxona direktori vazifasida ishladi. Ishlaganda ham shunchaki emas, chin dildan, kechani kecha, kunduzni kunduz demasdan ishladi. Bu orada nafaqat gazeta chop etish, balki ko'p yillar tuman xalq ta'limi bo'limi mudiri vazifasida ishlagan, o'nlab she'riy to'plamlar, hikoyalar, dolzarb mavzudagi maqolalar muallifi, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi Abdurahmon Qodirovning o'ndan ziyod to'plamlari chop etilishiga mas'ul bo'ldi. Bosmaxona jamoasida ahillik, birdamlik va jipslik bo'lganligi tufayli jamoa har yili sahifalovchilarning ko'rik-tanlovida faxrli 1-o'rinni qo'lga kiritib keldi. Qilingan mehnatlar evaziga Saparboy Aliboyev "O'z kasbining mohir ustasi" ko'krak nishoni bilan taqdirlandi.
2002-yildan 2013-yilgacha dastlab tumanimizdagi "Sohibkor" bolalar oromgohi boshlig'i vazifasida, so'ngra Milliy hunarmandchilik kasb-hunar kollejida o'quvchilarga ta'lim berish barobarida "Bulung'ur hayoti" gazetasi bilan uzviy aloqada bo'ldi.
Xalq deputatlari tuman Kengashi deputati paytida ham muntazam saylovchilar orasida bo'lib, ularni tingladi, tashvishlariga sherik bo'ldi, muammolarini o'z vaqtida ijobiy hal etish uchun tegishli tashkilot, korxona va muassasalarga deputatlik so'rovnomalari yuborib, o'z vaqtida javoblar oldi. So'nggi ikki yilda esa o'zi istiqomat qiladigan mahalladagi 36-umumta'lim maktabida ijodiy-madaniy ishlar bo'yicha targ'ibotchi lavozimida faoliyat yuritib, kitob mutolaasiga, she'riyatga, ijodga, san'atga qiziquvchi o'quvchilarni jamlab, to'garak tashkil etdi. Ularning ijod namunalari bilan muntazam tanishib, tavsiyalar, yo'l-yo'riqlar ko'rsatib, maktablararo, tumanlararo va viloyatda o'tkaziladigan turli ko'rik-tanlovlar, musobaqalarda ishtirokini ta'minladi. O'quvchilar bir qancha diplomlar, tanlov g'olibliklarini qo'lga kiritishdi. Ijodkor o'quvchilarning ijod namunalari tuman va viloyat gazetalarida chop etib borildi. Natijada, maktab nufuzi va reytingi ko'tarildi. Bu kabi ishlarning barchasida ustoz Saparboy Aliboyevning alohida hissasi bor, albatta.
Bugun salkam yetmish yoshni qarshilayotgan, nuroniy Saparboy aka Aliboyev hozir ham o'zi istiqomat qiladigan mahallada Nuroniylar kengashi yetakchisi sifatida yosh-u qariga maslahatgo'y, to'y-ma'rakalarda bosh-qosh. Mahalla faollari bilan birgalikda korxona va tashkilot, muassasalarda uzoq yillar ishlab nafaqaga chiqqan pensionerlar, nogironligi bor pensionerlar, ayniqsa, yakka-yolg'iz keksalarning holidan xabar olmoqda. Shuningdek, "Bir nuroniy - o'n yoshga mas'ul" loyihasi asosida ham ish olib borib, o'ziga biriktirilgan o'n nafar yoshlar bilan ham muntazam shug'ullanib kelmoqda.
Saparboy Aliboyev ayni paytda nafaqada bo'lsa ham "Bulung'ur hayoti" gazetasi tahririyati bilan yaqin aloqada. Gazetaning jamoatchi muxbiri sifatida tumanimizda olib borilayotgan islohotlar, ijobiy o'zgarishlar, yangiliklar, ijtimoiy va madaniy hayotini yoritib bormoqda. Bir so'z bilan aytganda bu nuroniy, ijodga oshno insonga gazeta hayotining mazmuniga aylangan, desak xato qilmagan bo'lamiz.
To'lqin SHERBOYEV,
O'zbekiston jurnalistlar uyushmasi a'zosi.