Saratonning ayni jazirama issiq kunlarida tuman "Barkamol avlod" bolalar maktabi o`quvchilar bilan gavjum. Bu yerda o`quvchilar turli xil to`garaklardagi mashg`ulotlardan so`ng maktabning sersoya bog`ida miriqib dam olish bilan birga turli sport o`yinlari bilan o`zaro musobaqalashadilar. Tabiat manzaralarini tasvirlab, rasm chizish bilan shug`ullanishadi.

- 2023-yil yoz mavsumida o`quvchilarning bo`sh vaqtlarini mazmunli o`tkazish maqsadida kunduzgi sog`lomlashtirish maydonchasi tashkil etildi, -deydi "Barkamol avlod" bolalar maktabi direktori Bahodir Yarbayev. - Maydonchada "Mental arifmetika", "Tasviriy san'at", "Stol tennisi", "Shaxmat-shashka", "Yosh qandolatchi", "Rus tili", "Ingliz tili", "Biologiya", "Ona tili va adabiyot" to`garaklari mashg`ulotlar olib borishmoqda. Bu sog`lomlashtirish maydonchasini tashkillashtirishdan asosiy maqsad, bolalarning mashg`ulotlardan so`nggi bo`sh vaqtlarini sermazmun o`tkazish, ularning ham jismoniy, ham ruhiy jihatdan hordiq chiqarishlarini ta'minlashdan iborat.

Maktabda o`quvchilar o`rtasida sog`lom turmush tarzini targ`ib qilish, vatanparvarlik, ezgulik, insoniylik singari fazilatlarga nisbatan mehr uyg`otish, ularning maktabdan tashqari ta'lim sohasidagi bilimlarini mustahkamlash maqsadida "Bilim-harakat-natija" shiori ostida "Yangi imkoniyatlar oyligi" tashkil etildi. Oylik doirasida yetti yo`nalishda turli mavzularda ko`rik-tanlovlar, mu-sobaqalar tashkil etilmoqda.
Rabbim HOTAMOV.