Maktablarda o'quv yili yakunlanib, o'quvchilar yozgi ta'tilga chiqishdi. Bolajonlarning yozgi dam olishlarini maroqli o'tkazishlari uchun tumanimizda qanday tayyorgarliklar ko'rilgan? Mavjud sog'lomlashtirish maydonchalarida dam oluvchi bolalarga yaratilgan shart-sharoitlar qay ahvolda? Ushbu savollarga javob topish maqsadida Bulung'ur tuman Maktabgacha va maktab ta'limi bo'limining Ta'lim tashkilotlarida tarbiyaviy ishlarni muvofiqlashtirish bo'yicha bosh mutaxassisi Husniya KARIMOVAga murojaat qildik.
- Tumanimizda maktab o'quv-chilarining yozgi dam olishlari uchun qanday ishlar qilingan? Tashkil etilgan sog'lomlashtirish oromgohlariga necha yoshli bolalar qabul qilinadi?
- Tumanimizda mavjud bo'lgan yozgi kunduzgi sog'lomlashtirish oromgohlarida bolajonlarning mazmunli dam olishlari uchun mas'ul bo'lgan tashkilotlar tomonidan mavsumga tayyorgarlik ishlari shay holatga keltirilgan. Tumanimizda bugungi kunda 69 ta umumta'lim maktablarida 25 665 nafar 7-14 yoshli bolalar ta'lim olishmoqda. Yozgi ta'tilni maroqli o'tkazish, bo'sh vaqtlaridan unumli foydalanishlari uchun bolalarning kunduzgi sog'lomlashtirish maydonchalarida dam olishlari tashkillashtiriladi.
Sog'lomlashtirish maydonchalari tumanimizda 4 ta joyda faoliyat yuritadi. Sog'lomlashtirish maydonchalari 10-iyundan bolalarni qabul qiladi. Mavsum boshlanishi bilan oromgohlar bag'rida bolajonlar yayrab, ularning sho'x-u shodon kulgilari dillarga quvonch, qalblarga zavq-u-shavq bag'ishlaydi. 2023-yil yoz mavsumida 1-, 2-, 3-, 69-umumta'lim maktablarida shunday maydonchalar tashkil etilgan. 1-umumiy o'rta ta'lim maktabida tashkil etilgan "Qaldirg'och" sog'lomlashtirish oromgohiga 1- va 55-umumta'lim maktabining o'quvchilari, 2-umumta'lim maktabida tashkil etilgan "Kamalak" sog'lomlashtirish maydonchasida 2- va 42-umumta'lim maktablarining o'quvchilari, 3-umumta'lim maktabida tashkil etilgan "Baxtli bolalik" sog'lomlashtirish maydonchasida 3- va 20-umumta'lim maktabi o'quvchilari, 69-umumta'lim maktabidagi "Shodlik" oromgohida esa 9-, 44- va 69-umumta'lim maktablari o'quvchilari sog'lomlashtiriladi.
- Sog'lomlashtirish maydonchalari mavsum davomida necha davra tashkil qilinadi va qancha bolajonlar jalb etiladi?
- Sog'lomlashtirish maydonchalarida mavsum davomida 4 davra tashkil etilib, har bir davrada 175 nafardan, jami 700 nafar bolajonlarni jalb etish rejalashtirilgan. O'quvchilarning qiziqishlariga qarab ko'proq bolalar jalb etilishi mumkin.
- Sog'lomlashtirish davomida dam oluvchi bolajonlarga kimlar xizmat ko'rsatishadi? Bolalarning maroqli dam olishlari uchun qanday sharoitlar yaratilgan?
- Mavsum davomida dam oluvchi bolajonlarga eng malakali pedagog xodimlar xizmat ko'rsatishadi. Bolalarning dam olishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Dam oluvchi bolajonlar uchun turli ko'ngil ochar mashg'ulotlar, fan va sport to'garaklari, kutubxonalar faoliyati belgilangan reja asosida xizmat ko'rsatadi. Bolajonlarning har biri har kuni uylariga yaxshi taassurot bilan qaytishlari uchun barcha mutasaddi xodimlar zimmalaridagi mas'uliyatni chuqur his etib ish yuritishi uchun tavsiyalar berilgan. Shuningdek, bolalar uchun tibbiy xizmat ko'rsatish ham namunali yo'lga qo'yiladi.
- Tumanda kunduzgi sog'lomlashtirish maydonchalaridan tashqari bolajonlarni qabul qiladigan oromgohlar ham mavjudmi?
- Afsuski tumanimizda faoliyat yuritayotgan doimiy oromgohlar yo'q. Lekin 2023-yil yoz mavsumini mazmunli o'tkazishni istagan 7-14 yoshli bolalarni Urgut tumanida joylashgan "Chor chinor" bolalar oromgohiga taklif etamiz.
- "Chor chinor" oromgohida dam olishni xohlagan bolalarga qanday imtiyozlar beriladi?
- "Chor chinor" oromgohida bir davra dam olish narxi 1 mln 300 ming so'm. O'zbekiston ta'lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Bulung'ur tuman bo'limi tomonidan 860 ming so'm har bir bola uchun to'lab beriladi. Ota-onalar farzandlarining oromgohda dam olishlari uchun 440 ming so'm miqdorda to'lov qiladilar xolos. Shuningdek, ushbu oromgohga boradigan bolalardan quyidagi hujjatlar talab etiladi: sog'lig'i to'g'risida tibbiy ma'lumot, tug'ilganligi to'g'risida guvohnoma nusxasi, ota-onasining pasport nusxasi va ta'lim olayotgan muassasasidan ma'lumotnoma.
Albatta, farzandlarimiz uchun, ularning mazmunli va maroqli dam olishlari yo'lida qancha ish qilsak kam. Qolaversa, bu kabi sa'y-harakatlarning barchasi yoshlarimizning kelajakda barkamol va yetuk bo'lib yetishishida muhim ahamiyat kasb etadi. Har bir bolajonlarning ko'ngillarida ulkan-ulkan orzular bisyor. Shunday ekan ularning istaklarini ro'yobga chiqarishda biz kattalar ham barcha imkoniyatlarni ishga solamiz.
- Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat!
Suhbatdosh: G'ulom O'ROLOV.