O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 5-iyul kunidagi tegishli farmoyishiga muvofiq Respublikamiz hududida "Yong'in xavfsizligini ta'minlash bo'yicha "Dolzarb 30 kun"" tadbirlari boshlandi. Ushbu tadbir 10-iyuldan 10-avgustga qadar davom etadi va korxona, tashkilot, muassasalarda hamda fuqarolar tomonidan favqulodda vaziyatlar va yong'in xavfsizligi qoidalariga e'tiborli bo'lishga, turar joylarda yong'in sodir bo'lishining oldini olish borasida keng qamrovli profilaktik ishlarni olib borilishiga undaydi.
Hozirgi kunda tuman Favqulodda vaziyatlar bo'limi xodimlari o'zlariga biriktirilgan xalq xo'jaligi jabhalari, fuqarolar turar joylarining yong'inga qarshi holatini tekshirib, aniqlangan kamchilik va muammolarni bartaraf etishda mahalla faollari bilan hamkorlikda amaliy yordam ko'rsatib, qoidabuzarlarni mahalla yig'inlarida muhokama etib, tegishli choralar ko'rib kelmoqdalar.
Yong'in qayerda bo'lmasin o'zining mudhish izlarini qoldiradi, qanchadan-qancha odamlar boshpanasiz qolganligi, salomatliklarini yo'qotganligi va ayrim hollarda esa insonlar hayotda bevaqt halok bo'lishlari sir emas. Shuning uchun fuqarolar yong'in xavfsizligi qoidalariga qat'iy rioya qilishliklarni yana bir bor eslatib o'tishni burchimiz deb bilamiz va quyidagi yong'in xavfsizligi qoidalariga amal qilishlaringizni so'raymiz:
- Elektr uskunalarini doimo nazorat qiling, eskirgan elektr simlarini o'z vaqtida almashtiring;
- elektr hisoblagichlarda yasama saqlagichlar ishlatmang, xonalarda yosh bolalarni hamda qariyalarni qarovsiz qoldirmang;
- tabiiy gazdan rezina shlanglar orqali foydalanmang;
- ko'rikdan o'tmagan va maxsus tamg'asi bo'lmagan maishiy gaz ballondan foydalanmang;
- ochiq olovdan foydalanishda doimo yong'in xavfsizligi qoidalariga rioya qiling, maishiy gaz ballonlarining qoldig'i (kondensat)ni olmang va foydalanmang.
Unutmang! Xavfsizligingiz o'z qo'lingizda!
Dilmurod JABBOROV,
tuman FVB boshlig'i, kapitan.