Shahrimizning turli nuqtalarida yirik bunyodkorlik, qurilish-obodonchilik ishlari davom etmoqda. Bu yaxshi, albatta, Ammo qurilish jarayonida yong‘in xavfsizligi qoidalari va talablariga qat’iy amal qilinishi muhim.
Tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari tomonidan bu borada sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlari va qurilish firmalariga tavsiya xatlari yuborilmoqda. Joylarda targ‘ibot-tashviqot ishlari o‘tkazilayapti. Avvalo, qurilish-montaj ishlari davrida yangi qurilayotgan ob’ektga xizmat qiladigan vaqtinchalik bino va inshootlarda yong‘in xavfsizligini ta’minlashga e’tibor qaratish maqsadga muvofiq.
Falokat kutilmaganda sodir bo‘lishi mumkin. Zero qurilayotgan bino va inshootlarda insonlar xavfsizligini ta’minlash, evakuatsiya chora-tadbirlari avvaldan ishlab chiqilgani ma’qul.
Bundan tashqari, belgilangan ayrim me’yorlar borki, bilib qo‘yish zarar qilmaydi. Xususan, binolarning tom qismiga chiqish uchun zina va tashqi yong‘inga qarshi narvonlar o‘rnatilishi, yerto‘ladan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tashqariga chiqish uchun zinapoyaning mavjud bo‘lishi, suv ta’minoti qurilish me’yorlari va qoidalari asosida loyihalashtirish asosiy qoidalar sirasiga kiradi.
Qurilayotgan har bir bino-inshootlar atrofida yong‘in o‘chirish avtomobillarining tez va qulay yetib kelishi uchun sharoit yaratish talab etiladi. Boshi berk ko‘chalarda esa kerakli ishlar (burilishlar)ni bajarish uchun 12x12 metr hajmda maydoncha qoldirish kerak.
Qurilish ishlarini loyihalashda me’yoriy hujjatlarda ko‘rsatib o‘tilgan yong‘inga qarshi me’yor va talablar inobatga olinsa, kelgusida noxush holatlar sodir bo‘lishining oldi olingan bo‘ladi.
Yo‘ldosh UMIRZOQOV,
tuman FVB NTB boshlig‘i, katta leytenant.