“So‘nggi qo‘ng‘iroq” bayram tadbiri тумандаги 55-umumiy o‘rta ta’lim maktabida ham katta ko‘tarinkilik bilan o‘tdi. “Ilmni qadrlang, ilmga intiling” shiori ostida o‘tgan tadbirda maktab o‘quvchilari va o‘qituvchilaridan tashqari ota-onalar, taklif etilgan tashkilot vakillari qatnashdilar.
Tadbirni maktab direktori Ra’no Hakimova ochib, yig‘ilganlarga Muhtaram Prezidentimiz Sh.Mirziyoevning umumiy o‘rta ta’lim maktablarining bitiruvchi yoshlariga tabrigini o‘qib eshittirdi. 2022-2023-o‘quv yilida maktab hayotida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida to‘xtaldi. – Ushbu o‘quv yilida maktabimiz jamoamiz birmuncha muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritdi. Jumladan, maktabimizning 11-sinf o‘quvchisi Mahliyo Fayzullayeva ingliz tili fanidan xalqaro sertifikatga ega bo‘lib, AQSH va Yevropaning nufuzli 12 ta universitetiga muddatidan oldin grand asosida talabalikka qabul qilinganligi sababli Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarma boshligʻining tashakkurnomasi bilan taqdirlandi.
Maktabimiz o‘quvchilari besh tashabbus doirasida tashkil etilgan turli tanlovlarda, nafaqat tuman, balki viloyat bosqichlarida ham faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritdilar. Masalan, 5-“A”sinf o‘quvchisi Shohjahon Mamatqulov sportning yunon-rum kurashi bo‘yicha viloyat bosqichida 1-o‘rinni egalladi. Maktabimizning informatika va matematika fani o‘qituvchisi Nazira Rasulova ko‘p yillik fidokorona mehnatlari tufayli “Xalq ta’limi fidoiysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Bularning hammasi yurtboshimizning biz o‘qituvchi va o‘quvchilarga ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rligi tufaylidir.
Hayajon va quvonchlarga to‘la tadbir maktab o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan kuy-qo‘shiqlarga ulanib ketdi.
Nargiza ABDURAHMONOVA