Ikkinchi jahon urushi boshlanishi bilan Abdusalom akam ko'ngillilar qatorida urushga otlandi, Akam Abdusalom Maxsumov ma'lumotli rus tilini bilganligi uchun uni tuman markazida otliq bo'linmaga komandirlikka tayyorladi. Esimdan hech chiqmaydi: akam mashg'ulotlardan vaqt topib, harbiy kiyimda oq ot minib qishlog'imizga kirib keldi va onamning qo'liga ikkita buxanka non berdi. Qornimiz to'yib non yemas edik. Onam ko'ziga yosh oldi. Bizlar hali otga, hali akamga qarab juda xursand edik. Uyimiz oldiga hamqishloqlar va qo'shni qishloqlardan ham odamlar to'plandilar. Hamma havas bilan qarab qoldi. Esimda qo'shni qishloqdan bir onaxon o'g'liga: "Soliha opaning o'g'li urushga ketib, oq ot minib keldi. Sen ham urushga bor!" deb, o'g'lini majburlab urushga jo'natgan ekan. Shu-shu ketgandan onaxonning o'g'li urushdan qaytmabdi.
Abdusalom akam urushda otliq diviziya bo'linma komandiri bo'lib xizmat qilgan ekan. Ushbu surat Polsha yerlarini fashistlardan ozod qilishda (1943-yil yozida) ishlangan bo'lib, katta serjant Abdusalom Maxsumov qilich dastagini chap qo'li bilan tutib turgan holat tasvirlangan. Akam qattiq yaralangan bo'lsa ham jang maydonini tashlab ketmadi. 1945-yil nemis fashizmi to'liq tor-mor qilindi. Jangovar do'stlari qatorida akam ham o'z ona yurtiga, oilasi bag'riga oshiqardi va shu payt temiryo'l vokzalida urushdan omon qaytgan akamni ko'rgan, qo'shni qishloqlik bir otliq kishi onamdan suyunchi so'rab keldi. Xursandchilikdan o'zini yo'qotib qo'ygan onam bolalari bilan sog'ib ichib o'tirgan echki va uning ikki uloqchasini suyunchiga berib yubordi. Shundan so'ng akam xo'jalik va davlat boshqaruv ishlarida jonbozlik ko'rsatib, hayotini davom etdirdi.
Anvar UMIRZOQOV.
48-maktab CHQBT rahbari.