O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi professional ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 715-sonli hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-maydagi “Xalq ta’limini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-241-sonli qarorlarida belgilangan topshiriqlar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2023-yil 9-martdagi 2/13-09/03/1-sonli xatida belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash muhim ahamiyatga ega.
Bulung‘ur tuman 1-son kasb-hunar maktabida 2023-2024- o‘quv yilida tumandagi umumta’lim maktablarining 9-sinf bitiruvchilarini ta’limning keyingi bosqichi bilan to‘liq qamrab olish, bitiruvchilarning ongli va mustaqil kasb tanlashlari, tanlagan ta’lim muassasasida o‘qishni davom ettirishlarini ta’minlash, kasb-hunar maktabining moddiy-texnik salohiyati, yaratilgan sharoitlar bilan o‘quvchilar, ota-onalar, mahalla ahlini yaqindan tanishtirish, o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish ishlarini takomillashtirish va samaradorligini oshirish maqsadida 2023-yil 4-aprel kuni tuman Xalq ta’limi bo‘limi va umumta’lim maktablari bilan hamkorlikda “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri o‘tkazildi.

Tadbirda ishtirok etgan tuman hokimligi mas’ul xodimi G‘ayrat Shamanov, xalq ta’limi bo‘limi mas’ul xodimlari Husniya Karimova va Dilshod Yultaev, tuman IIB XPB VE bo‘limi xodimlari Zafar Qudratov va Javlon Mamatqulovlar hamda umumta’lim maktablari amaliyotchi psixologlari Aziz Tojiboev, Guljahon Tog‘aeva, Ozoda G‘aybullaeva, Matluba Sheranova va Feruzaxon Isaxonovalar ushbu tadbir yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tar ekan, mamlakatimizda bugungi kunda yoshlarning kasb-hunar egallashlariga alohida e’tibor qaratilayotganligini, bugungi tadbir umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilarida juda yaxshi taassurot uyg‘otganligi, o‘rgatilayotgan kasblar bo‘yicha to‘laqonli tushunchalarga ega bo‘lishganligi, kasb-hunar maktabida yaratilgan shart-sharoitlar, o‘qish va kasb o‘rganish uchun mavjud imkoniyatlarni batafsil gapirib o‘tishdi va bugungi tashkil etilgan ko‘rgazmalarga ijobiy baho berishdi.

Oybek KAMOLOV,
1-son kasb-hunar maktabi psixologi.