O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 37-moddasiga ko‘ra har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda ko‘rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish kabi ijtimoiy huquqlarga egadir. O‘zbekiston Respublikasida inson manfaati, uning qadr-qimmati oliy qadriyat deb e’tirof etilgan. Yurtimizda olib borilayotgan adolatli, insonparvarlik g‘oyasi bilan sug‘orilgan siyosatning mazmun-mohiyati bugun amalga oshirilayotgan islohotlarda aks etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 38-moddasiga muvofiq yollanib ishlayotgan barcha fuqarolar dam olish huquqiga egadirlar. Ish vaqti va haq to‘lanadigan mehnat ta’tillarining muddati qonun bilan belgilangan. Ushbu qoida O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksida keng yoritilgan bo‘lib, unga ko‘ra ishning tugashi bilan keyingi kuni ish boshlanishi o‘rtasidagi kundalik dam olish vaqtining muddati 12 soatdan kam bo‘lishi mumkin emas. Dam olish kunlarida ish vaqtidan tashqari vaqtda ishlatish taqiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 7-moddasida Majburiy mehnatning taqiqlanishi belgilangan. “Majburiy mehnat, ya’ni biron bir jazoni qo‘llash bilan taxdid qilish orqali (shu jumladan mehnat intizomini saqlash vositasi tariqasida) ish bajarishga majburlash taqiqlanadi”, deyilgan.
Xalqaro Mehnat tashkiloti ixtisoslashtirilgan muassasa bo‘lib, u ijtimoiy adolat tamoyili, xalqaro tan olingan inson huquqlari va eng asosiysi - mehnat sohasidagi huquqlarni ilgari surishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Xalqaro Mehnat tashkiloti tomonidan bugungi kunga qadar 189 ta Kenvensiya va 202 ta Tavsiya qabul qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Xalqaro Mehnat tashkilotiga 1992 yil mart oyida a’zo bo‘lib, hozirga qadar mazkur tashkilotning 14 ta Konvensiyasi O‘zbekistonda ratifikatsiya qilingan. “Zo‘raki yoki majburiy mehnat to‘g‘risida”gi 29-sonli Konvensiyada har qanday shakldagi zo‘raki yoki majburiy mehnat qo‘llanishini bartaraf etish yuzasidan majburiyatlar kirtilgan. Shu masalaga oid yana bir asos soluvchi Konvensiya “Majburiy mehnatni tugatish to‘g‘risida”gi 105-sonli Konvensiya bo‘lib, unda zo‘raki yoki majburiy mehnatga jalb qilish taqiqlanadi.
2018 yil 10 mayda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 349-sonli “O‘zbekiston Respublikasida majburiy mexnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilingan. So‘nggi paytlarda barcha darajadagi hokimlar tomonidan ta’lim, sog‘liqni saqlash sohalari va boshqa budjet tashkilotlari xodimlarini hududlarni obodonlashtirish, shuningdek, qishloq xo‘jaligidagi turli ishlarga majburiy jalb qilish shaklida mehnat qonunchiligi normalarini buzish bilan bog‘liq ayrim holatlar kuzatilganligi, mansabdor shaxslarning xizmat mavqeini suiste’mol qilish, xodimlarini qo‘rqitish, ularga nisbatan haqoratli so‘zlarni va hattoki, kuch ishlatish holatlari xam qayt etilganligi mazkur qarorning qabul qilinishiga sabab bo‘lgan.
Endi ushbu qarorga asosan hasharlarni o‘tkazish uchun aniq talablar qo‘yildi. Ya’ni, umumxalq hasharlari faqat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli hujjati yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori mavjud bo‘lganda o‘tkaziladi. Fuqarolarning ushbu hasharlarga qatnashishlari ixtiyoriyligi belgilab qo‘yilganligi Davlatimiz tomonidan inson qadr-qimmatining qadrlanishidir.
Ushbu qaror bilan avtomobil yo‘llarida, harakatlanish tig‘iz bo‘lgan ko‘chalarda, suv ob’ektlarida, qirg‘oq bo‘yi hudud va zonalarda, qurilish maydonlarida, bino va inshootlar tomlarida, xavfli ishlab chiqarish ob’ektlarida, insonlarning hayoti va sog‘lig‘iga xavf keltiradigan joylarda ixtiyoriy tashabbus bilan hasharlar va boshqa ishlar o‘tkazish taqiqlanadi va bunday holatlar aniqlansa javobgarlik belgilangan.
Yuqoridagi asoslarga ko‘ra paxta yig‘im-terimi mavsumida xodimlarni majburiy mehnatga jalb etish, ya’ni paxta terishga intizomiy chora ko‘rish yoki mehnat shartnomasini bekor qilish bilan tahdid etgan holda majburlash taqiqlanadi. Bunday holatlar yuz berganda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining hududiy Davlat mehnat inspektorlari tomonidan tegishli chora ko‘rilishi belgilandi. Hozirgi vaqtda fuqarolarni paxta yig‘im-terimiga majburiy jalb qilishlikka chek qo‘yilgan.
Mamlakatimiz hududida majburiy mehnatga jalb etishni taqiqlash maqsadida, majburiy mehnatga jalb qilish bo‘yicha javobgarlik yanada kuchaytirilgan. O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasida qonunda nazarda tutilgan hollarni istisno etgan holda, mehnatga biron bir shaklda ma’muriy tarzda majburlash (bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno) Respublikada belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Mamlakatimiz hududida voyaga yetmagan shaxsga nisbatan majburiy mehnatga jalb etish uchun javobgarlik yanada og‘irlashtirilib, ushbu holat aniqlanganda voyaga yetmagan shaxsni majburiy mehnatga jalb qiligan shaxsga nisbatan jinoiy javobgarlik belgilangan.
Ushbu jarimalar majburiy mehnat aniqlangan holat bo‘yicha Davlat mehnat inspektorlari tomonidan zudlik bilan qo‘llaniladi.
Ish beruvchi tomonidan xodimlar qonunga zid ravishda majburiy mehnatga, hasharlar o‘tkazishga, xodimning roziligisiz ish haqidan hasharga, xodimlardan yozma shaklda ariza olmasdan kommunal to‘lovlarga mablag‘lar ushlab qolish va bayram, dam olish kunlari majburiy tartibda jalb qilinganda O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘alchilikni qisqartirish va Bandlik vazirligining 1176 qisqa raqamiga, shuningdek, telegramm messenjeridagi @mehnathuquq_bot va dmi.mehnat.uz saytiga murojaatingizni yo‘llashingiz mumkin. Shu bilan birgalikda Bulung‘ur tuman Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi Davlat mehnat huquq inspektoriga murojaat qilsangiz mehnatga oid xuquqlariningiz qonun bilan himoya qilinadi.
Nodira HASANOVA,
Davlat mehnat huquq inspektori.