Yangi tahrirdagi O'zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksi 2022-yil 28-oktabr kuni qabul qilindi va 2023-yil 28-apreldan kuchga kirdi. Ushbu Kodeks 2 qismdan - "Umumiy" va "Maxsus" qismdan, 7 ta bo'lim, 34 ta bob va 581 ta moddadan iboratdir. Yangi tahrirdagi O'zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksi moddalari eski Mehnat Kodeksi moddalaridan 2 barobar ko'pdir, ya'ni eski Mehnat Kodeksida 294 ta modda bo'lgan.
Yangi tahrirdagi O'zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksiga ish beruvchi va ishchi-xodimlar manfaatiga xizmat qiladigan o'zgartirishlar kirtilgan.
Yangi tahrirdagi O'zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksiga kiritilgan o'zgartirishlar nimalarda ko'zga tashlanadi?
Yangi tahrirdagi O'zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 96-moddasiga asosan, aholining ehtiyojmand toifalarini ishga joylashtirish sohasidagi qo'shimcha kafolatlar berilgan toifasiga "Mehribonlik" uylarining bitiruvchilari ham kiritilgan.
Yangi tahrirdagi O'zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksida muddatli mehnat shartnomasining muddati qisqartirilgan, ya'ni besh yildan uch yilga, muayyan ishni bajarish vaqtiga mo'ljallab tuzish mumkinligi to'g'risidagi qismi olib tashlangan.
Yangi tahrirdagi O'zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksida mehnat shartnomasini bekor qilish asoslari 6 qismdan 11 qismga ko'paygan. Jumladan, taraflardan birining tashabbusi bilan qismi alohida xodimning tashabbusiga ko'ra va ish beruvchining tashabbusiga ko'ra alohida ikkita qismga bo'lingan, quyidagi qismlar qo'shilgan:
- xodimning yangi mehnat shartlarida ishlashni davom ettirishni rad etishi;
- xodimning ish beruvchi bilan birga boshqa joyga ishlash uchun ko'chishni rad etishi.
Yangi tahrirdagi O'zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksida mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish moddasidan 7-bandi, ya'ni ish beruvchi pensioner bilan mehnat shartnomasini bekor qilish olib tashlandi. Endilikda ish beruvchi xodimni pensioner bo'lganligi sababli u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qila olmaydi.
Yangi taxrirdagi O'zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksida ishga qabul qilish vaqtida dastlabki sinov muddati belgilanmaydigan toifaga quyidagilar kirtilgan:
- uch yoshga to'lmagan bolani yolg'iz o'zi tarbiyalayotgan ota (vasiy);
- o'n sakkiz yoshga to'lmagan shaxslarga.
Sinov muddatini belgilashda quyidagi o'zgarishlar kirtilgan:
- davlat granti asosida o'qigan va oliy ta'lim tashkilotini tamomlagan kundan e'tiboran uch oy ichida yo'llanma bo'yicha olingan mutaxassisligiga doir ishga kirayotgan oliy ta'lim tashkiloti bitiruvchilari; tegishli ta'lim tashkilotini tamomlagan kundan e'tiboran bir yil ichida (eski Mehnat kodeksida bu muddat uch yil qilib belgilangan edi) birinchi bor ishga kirayotganda olingan mutaxassisligi bo'yicha mustaqil ravishda ishga joylashayotgan umumiy o'rta, o'rta maxsus professional va oliy ta'lim tashkilotlarining bitiruvchilari. Bundan tashqari, yangi tahrirdagi O'zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksida sinov muddatiga ham o'zgartirish kirtilgan, dastlabki sinov muddati uch oy qilib belgilangan lekin tashkilotning rahbari va ularning o'rinbosari, bosh buxgalterlariga hamda tashkilotlar alohida bo'linmalarining rag'batlari uchun esa olti oydan oshmagan sinov muddati belgilangan.
Mehnat shartnomasini bekor qilish asoslari amaldagi Mehnat kodeksida 6 banddan iborat edi. Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksida esa 11 banddan iborat bo'lib, bu quyidagilar:
Taraflarning kelishuvi (ushbu Kodeksning 157-moddasi) ushbu moddada taraflarning kelishuvi bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda qo'shimcha kelishuv bilan yozma shaklda rasmiylashtirilishi aniq belgilangan.
- Mehnat shartnomasini muddati tugashi munosabati bilan bekor qilish (ushbu Kodeksning 158-moddasi);
- muddatli mehnat shartnomasi muddatidan oldin bekor qilingan mehnat shartnomasida taraflarning neustoyka to'lash haqida o'zaro majburiyati nazarda tutilgan bo'lsa neustoyka to'laydi (ushbu Kodeksning 159-moddasi);
- mehnat shartnomasini xodimning tashabbusi bilan bekor qilish (ushbu Kodeksning 160-moddasi);
- mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko'ra bekor qilish (ushbu Kodeksning 161-moddasi);
- mehnat shartnomasini taraflarning xohish-irodasiga bog'liq bo'lmagan holatlarga ko'ra bekor qilish (ushbu Kodeksning 168-moddasi).
Mehnat ta'tillari bo'yicha ham o'zgarishlar bo'lgan. Jumladan, eski Mehnat kodeksining 134-moddasida xodimlarga o'n besh kundan kam bo'lmagan mehnat ta'tili belgilangan edi. Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining 217-moddasida har yillik asosiy eng kam mehnat ta'tilining davomiyligi yigirma bir kalendar kunini tashkil etadi. Bundan tashqari, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining 220-moddasiga asosan xodimga u bitta tashkilotda yoki tarmoqda ishlagan har besh yil uchun davomiyligi ikki kalendar kun bo'lgan, biroq jami sakkiz kalendar kundan ko'p bo'lmagan har yilgi qo'shimcha mehnat ta'tili berilishi nazarda tutilgan. Shu kodeksning 222-moddasida barcha hollarda qonunchilik bilan belgilangan ta'tillarni jamlashda ularning davomiyligi bir ish yili uchun ellik olti kalendar kundan oshib ketishi mumkin emasligi belgilangan. Eski Mehnat kodeksida esa qirq sakkiz ish kunidan oshmasligi belgilangan edi.
Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining 228-moddasida xodimning xohishiga ko'ra, har yilgi mehnat ta'tili unga qulay bo'lgan vaqtda berilishi belgilangan xodimlar ro'yxatiga yana uch toifadagi xodimlar - ya'ni ayollarga - homiladorlik va tug'ish ta'tilidan oldin yoki undan keyin; bolani parvarishlash ta'tilidan foydalanayotgan xodimga ushbu ta'tildan oldin yoki keyin; "O'zbekiston Res-publikasi faxriy donori" ko'krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslar kirtilgan.
Yangi tahrirdagi O'zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksiga yangi kiritilgan o'zgartirishlar to'g'risida ham to'xtalib o'tsak.
Yangi tahrirdagi O'zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksida eski Kodeksda faqat ayollarga berilgan imtiyoz endi ota-onasidan biriga (ota-ona o'rnini bosuvchi shaxsga) ham beriladigan bo'ldi. Ya'ni Kodeksning 397-moddasida uch yoshga to'lmagan bolaning budjetdan moliyalashtiriladigan tashkilotlarda ishlaydigan ota-onasidan biriga (vasiysiga) haftasiga o'ttiz besh soatdan oshmaydigan ish vaqti davomiyligi belgilanadi (eski Mehnat kodeksida ushbu imtiyozdan faqatgina ona foydalanar edi), 401-moddasida endidikda o'n ikki yoshga to'lmagan ikki va undan ortiq bolaning yoki o'n olti yoshga to'lmagan nogironligi bo'lgan bolaning ota-onasidan biriga (ota-ona o'rnini bosuvchi shaxsga) har yili davomiyligi kamida to'rt kalendar kun bo'lgan haq to'lanadigan qo'shimcha ta'til beriladi (eski Mehnat kodeksida ushbu imtiyozdan faqatgina ona foydalanar edi),402-moddasida o'n ikki yoshga to'lmagan ikki nafar va undan ortiq bolaning yoki o'n olti yoshga to'lmagan nogironligi bo'lgan bolaning ota-onasidan biriga (ota-ona o'rnini bosuvchi shaxsga) ularning xohishiga ko'ra, har yili ish haqi saqlanmagan holda davomiyligi kamida o'n to'rt kalendar kun bo'lgan ta'til beriladi. 407-moddasida ikki yoshga to'lmagan bolaning ota-onasidan biriga (vasiysiga) dam olish va ovqatlantirish uchun tanaffusdan tashqari bolani ovqatlantirish uchun qo'shimcha tanaffuslar beriladi, eski Kodeksda ushbu imtiyoz faqat onaga berilgan.
Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksiga "Mehnat sohasidagi ijtimoiy sherikchilik" II bo'limi qilib kirtilgan, eski Mehnat kodeksida ijtimoy sherikchilik masalasi yo'q edi. Ushbu bo'limda mehnat sohasidagi ijtimoy sherikchilik tushunchasi va asosiy prinsiplari, mehnat sohasidagi ijtimoy sherikchilik darajasi, xodimlarni birlashish huquqi, ish beruvchilarning birlashish huquqi, ijtimoy sherikchilik taraflari, mehnat sohasida ijtimoy sherikchilikni amalga oshirish prinsiplari, xodimlarning va ish beruvchilarning ijtimoiy sheriklikdagi vakilligi, xodimlarning vakilligi, xodimlar vakillarining huquqlari, xodimlarning vakillik organlari tarkibiga saylangan shaxslarga beriladigan mehnat kafolatlari, ish beruvchilarning vakillari, xodimlar va ish beruvchilar vakillarining faoliyatiga to'sqinlik qilishni taqiqlash, mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklik organlari tizimi va boshqa ijtimoiy sherikchilik bo'yicha moddalar kirtilgan.
Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksida o'rindoshlik ishlari bo'yicha alohida bob kiritilgan. 26-bob 2-paragrafida o'rindoshlik asosida ishlar tushunchasi, o'rindoshlik asosida ishlashga doir cheklovlar, o'rindoshlik asosida ishga qabul qilishda taqdim etiladigan hujjatlar, tuziladigan mehnat shartnomasi, mehnat daftarchasiga o'rindoshlik asosida ishi to'g'risida ma'lumotni kirtish, ish vaqtining davomiyligi, mehnatiga haq to'lash, yillik mehnat ta'tili berilishi, kafolatli to'lovlar va kompensatsiya to'lovlarini amalga oshirishning o'ziga xos xususiyatlari, mehnat shartnomasini bekor qilishning qo'shimcha asoslari, mehnat shartnomasini bekor qilish chog'ida ishdan bo'shatish nafaqasini to'lash tartiblari alohida kirtilgan. Bundan tashqari, kasanachilik mehnat bo'yicha alohida paragraf kirtilgan bo'lib, unda kasanachilik tushunchasi, kasanachi ishiga qabul qilish mumkin bo'lgan yosh, mehnat shartnomasi, kasanachining ish vaqti, uning oila a'zolarining ishtiroki, kasanachining yillik mehnat ta'tili, mehnatiga haq to'lanishi, mehnat shartnomasini bekor qilish tartibi belgilangan.
Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksiga kirtilgan yana bir yangilik - masofadan turib ishlash tartibi, doimiy va vaqtincha masofadan turib ishlash, ish beruvchining tashabbusiga ko'ra, vaqtincha masofadan turib ishlashga o'tish, masofadan turib ishlashning aralash rejimi, masofadan turib ishlash to'g'risidagi mehnat shartnomasi, xodimni masofadan turib ishlashga qabul qilishni va o'tkazishni rasmiylashtirish, vaqtincha masofadan turib ishlashga o'tishga yoki masofadan ishlashga o'tkazishga doir ustuvor huquqqa ega bo'lgan xodimlar toifasi, mehnatini tashkil etishning o'ziga xos xususiyatlari, ish beruvchi va xodimning hamkorligi, xodimning ish vaqti va mehnatiga haq to'lash tartibi, har yillik mehnat ta'tili va mehnat shartnomasini bekor qilish tartibi. Vaxta usulida ishlovchi xodimlarning ish tartibi, ish vaqtining davomiyligi, ish vaqti hisobini yuritish, ish chog'ida mehnat va dam olish rejimi, ish vaqtidan tashqari ishlashi, yillik mehnat ta'tili berilishi, bundan tashqari xodimlarni xizmat safariga yuborish tartiblari ham alohida kiritilgan. Amaldagi Mehnat kodeksida ushbu kirtilgan o'zgarishlar yo'q edi. O'zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksiga masofaviy ishlar tartibini kirtishga Respublikamizda bo'lib o'tgan pandemiya sabab bo'ldi.
Bundan tashqari, yangi Mehnat kodeksining 443-moddasi va 451-moddalarida kasanachilarning mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solinishi, ya'ni kasanachilik tushunchasi, kasanachilarni ishga qabul qilish uchun eng kichik yosh 18 yosh qilib belgilangan. Kasanachi bilan mehnat shartnomasini tuzish vaqtida ushbu Kodeksning 104-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan shartlar bilan bir qatorda quyidagi shartlar kirtilgan:
- kasanachi tomonidan mehnat vazifalarini amalga oshirish uchun asbob-uskunalar, jihozlar, butlovchi buyumlar, xomashyo, materiallar, yarim tayyor mahsulotlarni berish tartibi;
- xomashyo, materiallar va tayyor mahsulotlarni qabul qilish hamda topshirish tartibi;
- moddiy javobgarlik shartlari;
- ish beruvchi va kasanachining mehnatni muhofaza qilish qoidalariga hamda mehnat shartlariga rioya etishiga doir majburiyatlari;
- kasanachiga mehnat ta'tili berish, uni ijtimoiy sug'urta qilish, uning pensiya ta'minoti shartlari;
- kasanachining ish vaqti; kasanichalarga ham 21 kalendar kundan iborat mehnat ta'tili berilishi va ish haqi to'lanishi tartiblari aniq belgilangan.
Yangi tahrirdagiO'zbekiston Respublikasi MehnatKodeksiga kirtilgan qo'shimcha va o'zgarishlar bo'yicha qisqacha tushuncha berildi. Bundan keyingi sonlarda har bir kiritilgan qo'shimcha va o'zgarishlar yuzasidan alohida savol-javob tariqasida tushuntirishlar berib boriladi. "Bulung'ur hayoti" ro'znomasini kuzatib boring.
Nodira HASANOVA,
Davlat mehnat-huquq inspektori.