2023-yil 31-mart kuni eski namunadagi haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirishning birinchi bosqichi yakunlanadi.
Ya’ni joriy yil 1-apreldan boshlab 2010-yilgacha berilgan eski namunadagi haydovchilik guvohnomalari haqiqiy emas, deb hisoblanadi.
Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu holat bilan bog‘liq ayrim masalalar muhokamaga sabab bo‘lmoqda.
Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ushbu savollar bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qildi:
– Bugungi kungacha aksariyat fuqarolar haydovchilik guvohnomalarini almashtirgan, – deydi Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimi Dilnoza Rajabova. – Faqatgina ishlash va boshqa maqsadlarda xorijiy davlatlarda istiqomat qilayotgan ayrim fuqarolarning tegishli haydovchilik guvohnomalari almashtirilmagan.
– Joriy yil 31-mart kunigacha haydovchilik guvohnomasini almashtirishga ulgurmagan fuqarolar belgilangan muddatdan o‘tib ketgani uchun jarima to‘laydimi?
– Bu savolga javoban shuni ma’lum qilamizki, haydovchilik guvohnomasini almashtirishga murojaat qilganda yoki belgilangan muddatlarda almashtirilmasdan keyin almashtirishga murojaat qilganda ma’muriy jazo qo‘llanilmaydi.
Faqat avtotransport vositasini boshqarish huquqini bermaydi, ya’ni muddati o‘tgan yoki belgilangan muddatlarda almashtirilmagan haydovchilik guvohnomasi bilan avtomobil boshqargan shaxsga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 135-moddasi bilan "hujjatsiz boshqarish" sifatida ma’muriy bayonnoma rasmiylashtiriladi.
Aytib o‘tish kerakki, aholiga qulayliklar yaratish, haydovchilik guvohnomalari va avtomototransport vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomalarning almashtirilishi uchun Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tomonidan bayram kunlari va dam olish kunlari ham xizmat tashkil etildi.
Alohida ta’kidlash lozimki, 1-apreldan keyin ham 2010-yilgacha olingan haydovchilik guvohnomalarini hech qanday jarima to‘lovlarisiz almashtirish davom ettiriladi.
Norgul ABDURAIMOVA,
O‘zA muxbiri
O‘zA muxbiri