O‘zbekistonda endi xususiy sektorda ishlovchi ayollarga ham homiladorlik nafaqasini davlat to‘lab beradi. Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 20 sentabrdagi 515-son qaroriga 1-ilovada bu aniq ko‘rsatib berilgan.
“Davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha homiladorlik va tug‘ish nafaqasini tayinlash hamda to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq O‘zbekiston Respublikasida budjet tashkilotlaridan tashqari barcha yuridik shaxslarda mehnat shartnomasiga asosan oxirgi 6 oy davomida uzluksiz ish stajiga ega bo‘lgan ayollarga davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha homiladorlik va tug‘ish nafaqasini tayinlash va to‘lash tartibi belgilangan. Bunda belgilangan tartibda berilgan mehnatga layoqatsizlik varaqasi nafaqani tayinlash va to‘lash uchun asos bo‘ladi.
Mehnatga layoqatsizlik varaqasi rasmiylashtirilgan kundan boshlab 5 ish kuni ichida undagi ma’lumotlar hududiy ambulator-poliklinikaning yoki tug‘ruqxona muassasasining mas’ul xodimi tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligining “Tibbiyot” axborot tizimiga kiritiladi. “Tibbiyot” axborot tizimi tomonidan tekshirilgan ma’lumotlar avtomatik ravishda “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimiga yuboriladi. Bu tizim tomonidan nafaqa oluvchining oxirgi 6 oy davomida:
- uzluksiz ish stajiga ega ekanligi — “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi orqali;
- mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlari mavjudligi — Davlat soliq qo‘mitasining ma’lumotlar bazasi orqali;
- budjet tashkilotlarida ishlashi yoki ishlamasligi Moliya vazirligining “UzASBO” dasturiy majmuasi orqali avtomatik ravishda tekshiriladi.
Agar ayol oxirgi 6 oy davomida uzluksiz ish stajiga ega bo‘lsa har oy uchun davlat tomonidan minimal iste’mol xarajatlari miqdoridan kelib chiqqan holda Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi. Bugungi kunda minimal iste’mol xarajatlari 498 ming so‘mni tashkil etadi. Yuridik shaxslarning nafaqa to‘lash bo‘yicha majburiyatlari davlat budjeti mablag‘lari hisobidan to‘langan nafaqa miqdorida kamaytiriladi.
Baxtiyor QAHHOROV,
tuman Adliya bo‘limi bosh maslahatchisi.