Korrupsiya dunyo miqyosida hal etilishi lozim bo‘lgan global muammolardan biridir. Ushbu illat har qanday davlat va jamiyatning siyosiy-iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy putur yetkazib, inson huquq va erkinliklarining poymol bo‘lishiga olib keladi. Shu bois unga qarshi kurash xalqaro ahamiyat kasb etib, jahon siyosatining muhim masalalari qatoridan joy olgan.
Hozirda, korrupsiyaga qarshi kurash xalqaro miqyosdagi kabi respublikamizda ham dolzarb muammolardan biri hisoblanadi. Korrupsiyaga qarshi muvaffaqiyatli kurash tizimini barpo etishda keng ko‘lamli xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribasini o‘rganish, unga tanqidiy yondoshgan holda milliy qonunchilik va amaliyotga tatbiq etish lozim bo‘ladi.
Ma’lumki, korrupsiya o‘ziga tamagirlikni qamrab olgan holda jamiyatning ma’naviy ustunlari hamda demokratiyani yemirib, mamlakatning iqtisodiy-ijtimoiy va siyosiy taraqqiy etishi uchun ulkan xavf tug‘diradi.
Etimologik jihatdan “korrupsiya” - lotincha “corruptio”, ya’ni “buzish, sotib olish, pora evaziga og‘dirish” degan ma’nolarni anglatadi. Korrupsiya shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek, bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etish demakdir.
Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish bilan bog‘liq huquqiy mexanizmlarni takomillashtirishga qaratilgan bir qator muhim normativ-huquqiy hujjatlar qabul kilingan. Qonunchilik palatasi tomonidan 2016 yil 24 noyabrda qabul qilingan, Senat tomonidan 2016 yil 13 dekabrda ma’qullangan Qonunning maqsadi korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iboratdir.