Giyohvandlik shaxs sog‘ligiga putur yetkazadi, organizmni zaharlaydi, goho o‘limga ham olib keladi. Shu sabab unga qarshi kurash kuni munosabati bilan jahon mamlakatlarida atrofdagilarni, ayniqsa yoshlarga narkotik moddalarni iste’mol qilish yomon asoratlarga olib kelishini tushuntirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ibot qilish uchun narkotik moddalarning zarari to‘g‘risida turli tadbirlar, tashviqot ishlari olib borilmoqda.
Yoshlar tarbiyasidagi nuqson va kamchiliklar, giyohvand moddalarni iste’mol qilib yuruvchi katta yoshdagilarga taqlid va havas, oiladagi noxush sharoit hamda giyohvand moddalarning oson topilishi yoki qo‘l ostida bo‘lishi ham bangilikka sabab bo‘lishi mumkin. Eng yomoni, bu moddaga mubtalo bo‘lganlarda xastalik borgan sari kuchaya borib, odatda kutilmagan yomon oqibatlarga olib keladi.
Giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi oqibatida Respublikamizda ayrim jinoyatlar, ya’ni, qotillik, og‘ir tan jarohati yetkazish, bosqinchilik, talonchilik, firibgarlik, o‘g‘irlik va boshqa huquqbuzarliklarnig avj olib ketishi dori-darmonlar, yangi turdagi sintetik giyohvandlik vositalari, internet tarmog‘i orqali taklif, giyohvandlik vositalari tayyorlash va yetishtirishning zamonaviy usullari Respublikamizga yangi tahdid sifatida kirib keldi.
2019-yilning 27-sentabr kuni kuchli ta’sir qiluvchi moddalar muomalasini huquqiy tartibga solishni takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 818-sonli Qarori bilan “Kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxati” tasdiqlandi. Mazkur Qaror bilan Respublikamiz aholisi o‘rtasida narxi arzonligi va muomalasi nazorat ostiga olinganligi sababli narkotik moddalarning “analog”lari sifatida giyohvandlar tomonidan iste’moli ko‘payib borayotgan “Lirika”, “Repagen”, “Tropikamid”, “Zardeks”, “Zaleplon” kabi preparatlarning dorixonalarda sotilishi nazorat ostiga olindi.
Giyohvandlik va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy savdosiga birgalikda chora ko‘rmasak, ular siz bilan bizning oilamizga ham tahdid solishi, aka-ukalarimiz, farzandlarimiz, yaqinlarimizni jirkanch yo‘lga boshlashi mumkin.
Shu maqsadda muntazam ravishda tumanimizdagi umumta’lim maktablarida yuqori sinf o‘quvchilari bilan giyohvandlikka qarshi kurashish, u keltirib chiqaradigan omillar va xunuk oqibatlari to‘g‘risida psixolog inspektorlar, huquqni himoya qiluvchi organlar xodimlari ishtirokida davra suhbatlari, “Biz giyohvandlikka qarshimiz” shiori ostida tadbirlar o‘tkazib kelmoqdamiz.
Husniya KARIMOVA,
tuman XTBning ma’naviy-axloqiy tarbiya va ta’lim
muassasalarini tashkil etish sho‘basi mudiri.